Yangi tahrirdagi Konstitutsiya — inson shaʼni, qadr-qimmati va huquqlarining mustahkam kafolati

    Fikr 6 Noyabr 2024 184

    Konstitutsiya oʻzgarmas, qotib qolgan hujjat emas, aksincha, jamiyat va davlatda turli ijtimoiy munosabatlar oʻzgarishi bilan, insonlarning zaruriy ehtiyojlarini qondirish maqsadida ham zamon bilan hamnafas tarzda takomillashib boraveradi.

    Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, Oliy Majlis palatalari aʼzolarining ishtiroki yoki Referendum yoʻli bilan amalga oshiriladi. Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida kelajak hayotning huquqiy asoslarini takomillashtirish masʼuliyatli va sharafli vazifasi vujudga keldi.

    Konstitutsiyada davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligining asosiy prinsiplari, inson huquq va burchlari, huquq va erkinliklar kafolatlari, mamlakatning maʼmuriy-huquqiy tuzilishi, iqtisodiy asoslari, davlat hokimiyatini tashkil etish tartiblari va vakolatlari, saylov tizimi belgilab qoʻyildi.

    Konstitutsiyamiz Muqaddimasida davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar aniq belgilab berilgan.

    Xususan, inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqlik. Bu bilan Konstitutsiyamiz insonning asrlar davomida dunyoda shakllangan asosiy maʼnaviy-axloqiy qadriyatlari va asosiy huquqlarini oʻzida mujassam etgan holda, insonning oliy qadriyati — uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati ekanini eʼlon qildi.

    Konstitutsiyamizning avvalgi tahriridan farqli oʻlaroq, uning yangi tahririning asosiy gʻoyasi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, inson shaʼni va qadr-qimmatini taʼminlash, ilgari mavjud boʻlgan “davlat — jamiyat — shaxs” paradigmasini yangi: “inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga oʻzgartirishdan iborat.

    Davlatimiz rahbari taʼrifiga koʻra, inson qadri — mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch va xavfsiz hayot, fundamental huquq va erkinliklar, malakali tibbiy xizmat, sifatli taʼlim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya hamda sogʻlom ekologik muhit taʼminlanishini, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmaning bosqichma-bosqich yaratilishini anglatadi.

    Bugungi kunda inson qadr-qimmati, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash gʻoyasi davlatimizning butun ichki va tashqi siyosatining tamal toshiga, Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan demokratik islohotlarning eng muhim harakatlantiruvchi kuchiga hamda ushbu ezgu saʼy-harakatlarni oʻzaro bogʻlab turuvchi muhim omilga aylandi.

    Oʻtgan davrda Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni tahlil qilsak, bu oʻzgartirish va qoʻshimchalar ijtimoiy hayotni, davlat qurilishi va boshqaruvini yanada demokratlashtirishga, fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini kuchaytirishga qaratilganligini koʻramiz.

    Mukammal Konstitutsiyani qabul qilish masalani bir tomoni. Lekin uni faqat qabul qilib qoʻyib, normalarini taʼminlanishini samarali choralari koʻrilmasa kutilgan natija chiqmaydi. Oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan taʼlim, tibbiyot, odil sudlov sohasini takomillashtirish, xalq bilan muloqotni yangicha yoʻlga qoʻyishga qaratilgan tadbirlar Konstitutsiya normalarini hayotga tatbiq qilinishini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

    Albatta hamma qilinayotgan ishlarni samarasi birdaniga boʻlmaydi. Buning uchun maʼlum vaqt kerak. Aytish mumkinki, Asosiy qonunga kiritilgan bu oʻzgartirish va qoʻshimchalar unda belgilangan asosiy maqsad, huquqiy davlat qurishdan kelib chiqib, davlat boshqaruvini erkinlashtirishga, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga, xalq, inson manfaatini yanada kuchli, ishonchli himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Konstitutsiya va qonunlarimizni yanada takomillashtirishni bugun hayotning oʻzi talab etmoqda. Shu oʻrinda kelgusida, Konstitutsiyamizning jamiyatimizning iqtisodiy negizlari, jamoat birlashmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati asoslari kabi boblarga hozirgi islohotlar maqsadlaridan kelib chiqib oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritib borish lozim boʻladi. Misol tariqasida, bu oʻzgarishlar fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati, parlamentning murojaatlar bilan ishlash tartibi, qonunlarning ijro etilishini nazorat qilish funksiyasi, mahalliy ijro hokimiyati hamda vakillik organlarining alohida maqomda faoliyat olib borishi kabi masalalar bilan takomillashishi mumkin.

    Davlatimiz rahbari 2023-yil 16-noyabrda imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishda alohida taʼkidlaganidek, “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”.

    Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, kelgusida Konstitutsiyaning tegishli normalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi bu uning yanada takomillashuviga, xalq manfaatlarining kafolatlanishiga xizmat qiladi.

    Alisher IKROMOV,

    Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti,

    yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori (Phd),