Mehnat bozorida yoshlar raqobatdoshligi oshirilmoqda

    Ijtimoiy hayot 13 Avgust 2021 2260

    Bugungi kunda respublikamizda ishsizlarning 732 ming nafarini yoshlar tashkil qiladi.

    Bugungi kunda respublikamizda, eng avvalo, yangi ish oʻrinlari tashkil etish va tadbirkorlik tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlash orqali aholi, ayniqsa, yoshlar farovonligini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

    Shu bilan birga, ushbu sohadagi vazifalarni hal etish mehnat bozorining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, yuqori malakali ishchi mutaxassislarni tayyorlashning samarali tizimini yaratish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Bunda yosh mutaxassislarning oʻrnini belgilash va ularning boshqa davlat yoshlari bilan raqobatbardoshligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

    2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining 4.1 bandida ham yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholining, eng avvalo, oʻrta maxsus va oliy oʻquv muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlash, mehnat bozori mutanosibligini va infratuzilmasi rivojlanishini taʼminlash, ishsizlik darajasini kamaytirish ustuvor yoʻnalishlardan biri etib belgilangan.

    Mehnat bozorida, ayniqsa, 2016-2020-yillarda yoshlar faolligini oshirish va ularning bandligini taʼminlash maqsadida bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi. Xususan, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan yoshlar bandligini taʼminlashga, ularni kasb-hunarga va tadbirkorlik faoliyatiga yoʻnaltirish maqsadida “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi tashkil etildi. Mazkur jamgʻarmani tashkil etish orqali yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratish va lizing xizmatlarini koʻrsatish hamda tijorat banklari kreditlari boʻyicha kafilliklar berish, ishsiz va band boʻlmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar va mutaxassisliklarga professional oʻqitish yuzasidan qisqa muddatli kurslar sonini koʻpaytirish va sifatini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar joriy qilindi.

    Bugungi kunda respublikamizda ishsizlarning 732 ming nafarini yoshlar tashkil qiladi. Yoshlarni biznesga oʻqitish, “Loyihalar fabrika”larida yangi gʻoyalar asosida innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish boʻyicha doimiy ishlaydigan hamda yoshlarga qulay va qiziqarli boʻlgan yangi tizimni yaratish hamda xorijdagi yoshlarimizga Vatanimizga qaytib ishlash, oʻz biznesini tashkil etish, ularni uy-joy sharoitlariga yordam berish yoʻlga qoʻyilishi uchun byudjetdan qoʻshimcha 100 million dollar mablagʻ ajratildi. Milliy bank, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo sanoat palatasi nufuzli xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida yoshlarni tadbirkorlikka oʻrgatish boʻyicha yangi biznes maktablari tashkil etilmoqda.

    Shu kabi yosh kadrlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni davom ettirgan holda viloyat, tuman va shahar Kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlash belgilandi. Joriy yildan boshlab bunday iqtidorli yoshlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan chet ellarda stajirovka oʻtaydi. Shuningdek, xalqaro nufuzli reytinglarda minggtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qoʻshimcha haq toʻlanadi.

    Ushbu ezgu maqsadlar yoʻnalishi boʻyicha Toshkent shahrida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mahallabay tizimi asosida yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, boʻsh vaqtlarini samarali tashkil qilish, kam taʼminlangan oilalarda yashovchi yoshlarni tadbirkorlar koʻmagiga biriktirish choralari koʻrildi. Shuningdek, mahalla raislarining tashabbuslari bilan yoshlar uchun xiyobonlarda sayr qilish, sport musobaqalarini oʻtkazish, ilm-fan, sanʼatni rivojlantirish, yoshlarni jamiyat hayotiga boʻlgan qarashlarini tubdan oʻzgartirish maqsadida samarali ishlar tashkil qilib kelinmoqda.

    Shuningdek, mahalla fuqarolari yigʻini tuman hokimliklari bilan hamkorlikda boʻsh, qarovsiz yerlarni yoshlarga imtiyozli foydalanishga berib, yoshlarning bandligini taʼminlash, ularga egallangan hunarlarni oʻrgatish joriy etildi.

    Shu oʻrinda aytish joizki, yoshlar bandligini taʼminlashdagi yana bir muhim yoʻnalish – qishloq xoʻjaligi. Bugungi kunda respublika boʻyicha 21 ta tumanda 2 mingdan 4,5 ming nafargacha yoshga dehqonchilik uchun yer ajratilgan.

    Ajratilgan yer maydonlarida xududlarda yashovchi yosh tadbirkorlar oʻzlarining istiqbolli loyihalari asosida kam suv sarflash usuli, yangi navlarni yetishtirish, chatishtirish iskana va kurtak payvandlarni amaliyotda joriy etish orqali yuqori natijalarga erishishdi. Bu esa, oʻz navbatida, dexqonchilikni istiqbolli loyihalarini yaratishga turtki boʻlib kelmoqda.

    Shu bilan birga, aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar daftari”ga kirganlarga urugʻlik va koʻchatlar xaridi uchun 2 million soʻmgacha subsidiya berish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

    Bu esa, yoshlar ongida ona vatanga boʻlgan minnatdorchilik hissini yuzaga keltirishga zamin yaratib kelmoqda.

    Ushbu amaliy tadbirlar bugungi kun yoshlarini bandigini taʼminlash va mehnat bozorida har tomonlama yetuk va mukammal kadrlar boʻlib yetishishlari uchun boshlangan samarali ishlarning boshlanishidir.

    Doniyor Maxmudov,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

    Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini

    himoya qilish boʻyicha vakil devoni yetakchi inspektori