“Men oʻzbek adabiyotiga havas qilganman”

    Dunyo ahli tinchligini taʼminlaydigan asosiy vositalardan biri bu shaksiz adabiyotdir. Shu bois adabiy aloqalar bilan boshlangan diplomatik kelishuvlar mustahkam boʻlishi shubhasiz.

    Oʻzbek va turk xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik azaldan bir daraxtning baquvvat novdalari singari quloch yozib kelgan. Ayni kunda turk adabiy jamoatchiligi tomonidan oʻzbek badiiy asarlariga boʻlgan qiziqish ortib, koʻpgina asarlar tarjima qilinmoqda. Kuni kecha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti hamda Turkiyadagi Yunus Emro instituti, Yevroosiyo Turk jamiyati federatsiyasi, “Bilga turk” Taʼlim madaniyat vaqfi mutavalli hayʼati, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, Istanbul universiteti, Gazi universiteti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Mir Alisher Navoiy va asarlari paneli” mavzuidagi xalqaro simpoziumi ham yuqoridagi fikrimizni dalillaydi.

    Ulugʻ mutafakkir bobomiz Mir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan simpoziumni Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti reyetori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Shundan soʻng, Yevroosiyo Turk jamiyati federatsiyasi raisi oʻrinbosari Akbar Yassa, Turkiya Adliya vaziri oʻrinbosari Ugurgan Kush, Bursa parlament vakili Osman Mestan, Izmir tumani hokimi Yusuf Ziya Chelekkiya, Yunus Emro instituti Turk tilini oʻrgatish boʻlimi direktori professor Yavuz Kartallioʻgʻli, Bilga turk Taʼlim madaniyat vaqfi mutavalli hayʼat vaziri Gungoʻr Azim Tuna-Vali soʻzga chiqdi.

    Simpozium davomida Alisher Navoiyning turk dunyosi va jahon adabiy dunyosi uchun muhim siymo ekani haqida sermazmun maʼruzalar tinglandi.

    Simpoziumda Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori Abdumurod Tilavov, Gazi universiteti professor Fatma Achik, Anqara Yildirim Bayazit universiteti professori Funda Toprak maʼruzalari ham tinglandi.

    Shundan soʻng mehmonlar Adiblar xiyobonida boʻldi. Oʻzbek adabiyotiga, ustoz adiblarimizga ehtirom ramzi sifatida barpo etilgan adabiyot bogʻini sayr etdi. Soʻng ulugʻ yozuvchi va shoirlarimizning asarlari, qoʻlyozmalari, esdaliklari oʻrin olgan Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyini tomosha qildi.

    — Oʻzbekistonda adabiyotga qaratilayotgan eʼtiborga hamisha havas qilamiz, — deydi Fatma Achik. – Bizni Navoiydek allomaning izdoshlari borligi quvontiradi. Simpozium doirasi navoiyshunoslik borasida birgalikda koʻp ishlar qilishimiz kerakligini angladim. Adiblar xiyobonidagi tassurotlarimiz, ayniqsa, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi uchrashuv bir umr yodimdan chiqmasa kerak. Yozuvchilar uyushmasi muzeyida biz asarlarini sevib oʻqigan sevimli yozuvchilarning qoʻlyozmalari va xotira suratlari bilan tanishdik. Ilmiy ishim oʻzbek adabiyoti borasida boʻlgani uchun bu tadbir va uchrashuvlar menga katta quvonch bagʻishladi.

    Uchrashuv yakunida mehmonlarga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan badiiy kitoblar sovgʻa qilindi.

    Nargiza Asadova,

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi