Yaʼni, harakatlanish vaqtida oʻzaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yoʻlovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi. Taʼkidlanishicha, bularning barchasi poyezdlar harakatidagi oraliq intervallarning reja asosida amalga oshirilishini taʼminlashga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
“Toshkent metropoliteni” DUK axborot xizmati metropoliten faoliyati boʻyicha solishtirma tahlillarni taqdim etdi.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda metropoliten bekatlari soni jami 50 taga hamda yoʻnalishlar uzunligi 71 km.ga yetdi. 2016-yil davomida Toshkent metropoliteni 52 mln aholiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 172 mln.ni tashkil qildi. Moʻljalda 2024-yil yakuniga qadar 209 mln yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilishi kutilmoqda.
2021-yil bir kunda 280-300 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatgich 920-930 mingni tashkil qilmoqda.
2024-yil yakunigacha metrodan foydalanuvchi yoʻlovchilar soni bir kunda 1 mln.ga yetishi kutilmoqda.
“Toshkent metropoliteni” DUK daromadlari ham ortib, 2016-yildagi 63 mlrd soʻmdan 2023-yilda 477 mlrd soʻmni tashkil etib, oʻtgan davrga nisbatan qariyb 8 barobarga koʻpaydi. Oʻrtacha ishchi xodimlar oylik ish haqi 2016-yilda 815 ming soʻm boʻlgan boʻlsa, 2024-yilda 6,2 mln soʻmni tashkil etmoqda.
Yoʻlovchilar sonining ortib borishi sababli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tirbandliklarning oldini olish hamda yoʻlovchilarning bir manzildan boshqa manzilga borish vaqtlarini qisqartirish maqsadida soʻnggi 3-yilda tigʻiz vaqtda harakat tarkiblarining yoʻlovchi tashish boʻyicha oraliq vaqti (interval) qisqartirildi.
2021-yilgacha 36 ta poyezd harakatlangan boʻlsa, soʻnggi 3-yil davomida zamonaviy turdagi 29 ta yangi harakat tarkiblari xarid qilinib, 2024-yilga kelib, poyezdlarning soni 65 taga yetkazildi. Shuningdek, soʻnggi 3-yil mobaynida “Toshkent metropoliteni”ning tarkibiy boʻlinmalariga jami 4000 nafarga yaqin xodim ishga qabul qilinib, ularning umumiy soni 6 ming 150 nafarni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, yangi metro poyezdlari bilan birga xizmat muddatini oʻtib boʻlgan 21 ta harakat tarkibi xizmat koʻrsatmoqda.
Yoʻlovchilar soni keskin oshishi bu metro poyezdlariga tushadigan yuklamaning koʻpayishiga olib kelmoqda. 2021-yilda nosozliklar va toʻxtab qolish holatlari 138 tani tashkil qilgan. 2023-yilda bunday holatlar soni 71 ta qayd etilib, 2 barobarga kamayishiga erishilgan. Hozirda ushbu holatlarni toʻliq bartaraf etish va “xavfsiz transport” maqomiga erishish choralari koʻrilmoqda.
Joriy yil yakunidan boshlab 48 ta va 2025-yil davomida yana qoʻshimcha 56 dona zamonaviy metro vagonlarini xarid qilish koʻzda tutilgan. Buning natijasida tasarrufdagi harakat tarkiblarining yangilanishiga hamda yoʻnalishlarda poyezdlar oraliq intervalini qisqartirishga erishiladi.