Bugungi kunda Oʻzbekistonda 130 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qilmoqda. Shu sababli soʻnggi yillarda jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, doʻstlik muhitini va koʻp millatli katta yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirishga yoʻnaltirilgan keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi.
Bu borada amalga oshirilgan islohot va oʻzgarishlar negizida konstitutsion normalar mavjud.
Bosh qomusimizda Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar Oʻzbekiston fuqarolari tashkil etishi muhrlab qoʻyilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining hududida yashovchi millat va elatlarning tili, urf-odati va anʼanalariga hurmat bilan munosabatda boʻlishini, ularni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini eʼlon qilgan va kafolatlagan.
Chindan ham, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Muqaddimasida Oʻzbekiston xalqi ushbu Konstitutsiyani «fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini taʼminlash maqsadida» qabul qilgani alohida taʼkidlangan. Konstitutsiyaning 4-moddasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tili ekani mustahkamlangani barobarida, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi qayd etilgan.
Bosh Qomusimizning 8-moddasida “Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi” degan norma belgilab qoʻyilgan. Ana shu konstitutsiyaviy talabdan kelib chiqib, oʻz taqdirini Oʻzbekiston bilan bogʻlagan, mamlakatimiz farovonligi yoʻlida halol va vijdonan mehnat qilayotgan, oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra fuqaroligi boʻlmagan shaxsga aylanib qolgan fuqarolarning hayotiy muhim masalalarini hal etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Konstitutsiyamizning 19-moddasiga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar”, deya belgilangan. Bularning barchasi, oʻz navbatida, aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini, turli millat vakillari oʻrtasida oʻzaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishni taqozo etdi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 19-maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2019-yil 15-noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonlari bu borada ayni muddao boʻldi.
Oʻzbekiston Prezidentining 2017-yil 19-maydagi farmoni jamiyatda barqarorlik, tinchlik va totuvlikni taʼminlash, fuqarolar ongida katta, koʻp millatli yagona oilaga mansublik tuygʻusini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan taʼsirchan tashkiliy-institutsional chora-tadbirlarni oʻzida qamragan.
Bu haqda fikr yuritganda, avvalambor, shu paytga qadar faoliyat yuritib kelgan ikkita yirik tuzilma – Respublika baynalmilal madaniyat markazi va Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari kengashi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tashkil etilganini taʼkidlash lozim.
Buning natijasida Respublika baynalmilal madaniyat markazi, milliy madaniy markazlar, Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari kengashi, shuningdek, doʻstlik jamiyatlari yagona Qoʻmita negizida birlashdi.
Bugungi kunda Qoʻmita mamlakatdagi 156 ta milliy madaniy markaz, 38 ta doʻstlik jamiyati va xorijdagi 98 ta vatandoshlar jamiyati bilan hamkorlik qilmoqda. Chet eldagi hamkor tashkilotlar bilan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish boʻyicha 5 ta anglashuv memorandumi va kommyunike imzolandi.
Endilikda ushbu Qoʻmita jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, tinchliksevar siyosatni, mamlakat hayotining barcha sohalarida erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlarni keng targʻib qilish, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, chet eldagi hamyurtlarimiz diasporasi bilan doʻstlikni mustahkamlashga doir davlat siyosatini izchil amalga oshirmoqda.
Prezidentimiz 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining
72-sessiyasida jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalarga toʻxtalib, “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish boʻyicha taklif bildirgandi. 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi 51-yigʻilishida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi 193 ta aʼzo mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi.
“Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasining aynan Oʻzbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilishida oʻziga xos ramziy maʼno bor. Bugun millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bagʻrikenglikni taʼminlash borasidagi Oʻzbekiston namunasi jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda. Binobarin, ona zaminimizda dinlararo bagʻrikenglik va millatlararo hamjihatlik chuqur tarixiy ildizlarga ega.
Millatlararo totuvlikni taʼminlash Oʻzbekistonning zamonaviy davlat sifatida rivojlanish strategiyasining ajralmas qismi hisoblanadi. Xususan, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida millatlararo munosabatlar sohasida belgilangan vazifalar doirasida 40 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjatlar: 2 ta Qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 9 ta farmoni va 8 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 20 ta qarori, Oliy Majlisning 3 ta qarori qabul qilindi.
Yana bir muhim jihat: Prezidentimiz 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish zarurligini qayd etib, BMT Bosh Aassambleyasining rezolyutsiyasi bilan har yili 30-iyul – Xalqaro doʻstlik kuni sifatida keng nishonlanishi, shu bois mazkur sanani Oʻzbekistonda “Xalqlar doʻstligi kuni” deb belgilashni taklif etgani yurtimizda istiqomat qiluvchi koʻp millatli fuqarolarimizni benihoya quvontirdi.
Endilikda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 10-fevraldagi Qonuniga asosan, mamlakatimizda 30-iyul – “Xalqlar doʻstligi kuni” etib belgilangan.
Soʻnggi yillarda ushbu sanaga bagʻishlab “Doʻstlik” haftaligi va “Doʻstlik” xalqaro forum-festivali kabi yirik xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda. Hukumatning tegishli qarori bilan “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni taʼsis etildi. Ushbu koʻkrak nishoni bilan yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari oʻrtasida millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qoʻshgan, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida fidokorona mehnat qilgan, shuningdek, xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan doʻstlik va har taraflama hamkorlikni rivojlantirishda samarali natijalarga erishgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xorijdagi vatandoshlar taqdirlanadi.
Mamlakatimizda milliy oʻzlikni saqlab qolish, etnik qadriyatlarni rivojlantirish bilan bogʻliq jarayonlarga, yaqin oʻtmishdagidan farqli ravishda millatchilikning oʻsishi deb emas, balki tabiiy-tarixiy jarayon sifatida qaralmoqda. Xususan, etnomadaniy ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirish, milliy urf-odatlar va anʼanalar rivojiga har tomonlama sharoit yaratish maqsadida turli millatlarga mansub milliy-madaniy markazlar faoliyatiga keng yoʻl ochib berilgan.
Mustaqillik yillarida milliy madaniy markazlarning 500 dan ortiq faoli davlat mukofotlariga sazovor boʻldi, orden va medallar bilan taqdirlandi, jumladan, 14 nafariga “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak unvoni berildi.
Yurtimizda mavjud 10 mingdan ziyod maktabning 2 minga yaqinida qardosh tillarda taʼlim-tarbiya olib borilishi, oʻzbek tili bilan qoʻshib hisoblaganda 7 til (oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, tojik, turkman tillari)da dars oʻtilishi qonuniy taʼminlangan va davlat tomonidan mana shu yetti tilda darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari muntazam ravishda chop etib boriladi.
Xususan, oliy taʼlim tizimida oʻqish milliy tillarda olib boriladigan maxsus fakultet va boʻlimlar faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning
30 foizdan ortigʻi mustaqillik yillarida tashkil etilganini alohida qayd etish joiz. Teleradiokoʻrsatuv va eshittirishlar 12 tilda efirga uzatilmoqda, gazeta va jurnallar 14 dan ortiq tilda chop etilmoqda.
Millatlararo munosabatlar sohasida yangi davr mutaxassislarini tayyorlash maqsadida 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab, oliy taʼlim muassasalarida antropologiya va etnologiya taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Jumladan, Oʻzbekiston milliy universitetida “Amaliy etnologiya” laboratoriyasi, keyinchalik universitetning tarix fakultetida “Antropologiya va etnologiya” kafedrasi tashkil etildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatimizdagi millatlararo munosabatlar masalalarini tahlil qilish, etnik nizolarning hamda ularning salbiy oqibatlarining oldini olishga erishish bilan bogʻliq vazifalarni bajarishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish borasida qator tadbirlar koʻzda tutilgan.
Yurtboshimiz tashabbuslari asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar surʼati va samarasi, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, maʼnaviy jihatdan erkinlashtirish va jamiyat hayotining boshqa jabhalarida erishilgan salmoqli muvaffaqiyatlar tahlili mamlakatimiz xalqining Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha olijanob maqsadlar va gʻoyat muhim vazifalarga erishishdan iborat yagona maqsad atrofida birlashganini taʼkidlash uchun barcha asoslarni beradi.
Oxirgi yillarda Oʻzbekistonda millatlararo munosabatlarda qator ijobiy ishlar amalga oshirilgani kuzatilmoqda. Buni quyidagi fikrlar ham tasdiqlaydi.
Birinchidan, millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligi yanada oshgan.
Ikkinchidan, jamiyatda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan mojaroli vaziyatlar va ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish faoliyatini tashkil etish asosi sifatida joylarda millatlararo munosabatlar holatini monitoring qilish tizimi va mexanizmlari yoʻlga qoʻyilgan.
Uchinchidan, millatlararo muomala madaniyatini tarbiyalash, Oʻzbekiston xalqining tarixi va anʼanalarini oʻrganish boʻyicha taʼlim, axborot va madaniy-maʼrifiy chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqilgan.
Toʻrtinchidan, millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat organlari mutaxassislarini, shuningdek, boshqa tashkilotlar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida samarali mexanizmlar yaratilgan.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash borasida yetarli huquqiy, tashkiliy va institutsional asoslar yaratilgan. Hukumat tomonidan turli millatlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Buning natijasida, Oʻzbekiston zaminida istiqomat qilayotgan millat va elatlar oʻzlarini tarixiy vatanlarida yashayotganday his qilishayotgani, oʻz ona tillarida muloqotga kirishishlari va taʼlim olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgani eʼtirofga molik.
Mamlakat hududida yashab kelayotgan turli millat vakillari uchun axborotni oʻz ona tilida olish imkoniyati taqdim etilgani, bu borada tele va radio eshittirishlar, gazeta va jurnallar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani respublikadagi bagʻrikenglik tamoyillarining yorqin namunasidir.
Eng muhimi, koʻp millatli fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro hurmat va doʻstlik ustuvorligi ushbu yoʻnalishdagi davlat siyosatining natijadorligidan dalolat.
Elyor Ulugʻmurodov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Samarqand viloyat hududiy boʻlinmasi rahbari