Milliy gʻurur — vatanga muhabbat hosilasi

    Biz mard, tanti, muhimi, el-yurt qaygʻusi bilan yashaydigan insonlarni Alpomishga mengzaymiz. Xoʻsh, Hakimbek ismli bola qanday qilib Alplik maqomiga erishdi?

    Gap shundaki, alplik ham jismonan, ham ruhan kamolotga yetish bilan belgilanadi. Yaʼni, alplik komil inson tushunchasining muqobilidir. Shu bois, Hakimbek yetti yoshgacha barcha ilmlarni oʻzlashtirdi. Soʻng jismoniy mashqlar bajarishga oʻtdi. Alp bobosidan meros qolgan va hali hech kim koʻtara olmagan yoydan oʻq uzdi. Shu tariqa Hakimbek ilm oʻrganib, jismonan chiniqib, ajdodlar merosiga munosib avlod – Alpga aylandi.

    Ajdodlar zakosidan saboq beradigan ushbu dostonda komil inson tarbiyasida ilm-maʼrifat birinchi oʻringa qoʻyilgan. Shu nuqtayi nazardan, bugun mamlakatimizda har jihatdan yetuk avlodni kamol toptirish siyosati yuritilayotgani bejiz emas. Bu siyosatning tag zamirida ajdodlar yurgan yoʻldan ogʻishmay ketayotganimizni koʻrish mumkin.

    Xoʻsh, komil inson mezonlariga mos keladigan avlodni tarbiya qilish uchun nimalarga eʼtibor berish zarur? Taʼkidlanganidek, avvalo, yoshlar ilmli, jismonan baquvvat boʻlmogʻi kerak. Bunday yoshlar el-yurtga naf keltiradigan kuchga aylanishi uchun esa ular qalbida milliy gʻurur tuygʻusi shakllanishi shart.

    Bu oʻrinda milliy gʻurur nima, degan savol tugʻilishi tabiiy.

    Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda taxminan 5-sinfda oʻqiydigan oʻquvchi bilan bogʻliq lavha tarqaldi. Unda oʻquvchi ustozining savoliga javob berib, otasi mashina tuzatadigan usta, onasi uy bekasi ekanini aytadi. Sinfdoshlari uni mazax qilib kuladi, bolaning koʻziga yosh keladi. Ammo boshini tik tutib, ota-onam bilan faxrlanaman, deydi. Uning mana shu gapi milliy gʻururning hayotiy ifodasidir. Milliy gʻururi bor inson oʻsha bola kabi yot qarashdagi odamlar orasida, tang ahvolda yolgʻiz qolsa-da, boshini tik tutib oilasi, vatani, millati shaʼnini himoya qila oladi.

    Barcha davrlarda mafkuraviy hujum eng xatarli kurash hisoblangan. Tarixiy kitoblarda mustahkam qalʼalar dushmanga ichkaridan ochib berilgani haqida koʻp oʻqiganmiz. Masalan, Buyuk Xitoy devori bilan bogʻliq asotirlarda, devor tiklangach ham bir necha bor gʻanimlar hujum qilib ichkariga kirgani, shundan soʻng imperator vatanni ulkan devor emas, yurtsevar odamlar himoya qilar ekan, degan xulosaga kelgani aytiladi.

    Bugun esa mafkuraviy kurash koʻlami juda kengaydi. Globallashuv sabab uydan chiqmay dunyoning istalgan nuqtasidagi insonni yoʻldan ogʻdirish mumkin boʻlib qoldi. Bunday tahlikali zamonda milliy gʻurur koʻzga koʻrinmas xurujlarga qarshi eng samarali himoyadir. Negaki, milliy gʻururi baland insongina vatanparvar boʻla oladi. Yurtsevarlik esa eng yaxshi mafkuraviy immunitetdir. Bunday yoshlar nafaqat oʻzini tashqi hujumlardan himoya qiladi, balki yoʻldan adashishi mumkin boʻlgan tengdoshlarini ham ortidan ergashtiradi.

    Boyboʻri oʻgʻli Hakimbekni ilm olishga beradi. Dostonning shu joyida nihoyatda nozik ishora bor. Boyboʻri Hakimbekka saboq berdi deyilmaydi. Oʻqib oʻrganish yetarli boʻldi. Endi saltanat ishlarini oʻrgansin deya kurash, kamondan oʻq otishni oʻrgatish uchun olib keldi, deyiladi. Demak, dastlab Alpomishga taʼlim-tarbiyani ustozlar oʻrgatyapti. Keyin u otasining koʻz oʻngida jismoniy mashq qilyapti. Buni Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur kabi ulugʻ ajdodlarimiz misolida ham koʻrish mumkin. Ular ham goʻdakligidan ustozlar qoʻlida taʼlim-tarbiya olgan.

    Yangi Oʻzbekistonda taʼlimga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, oʻqituvchining nufuzini oshirish borasidagi ishlarni eʼtirof etish kerak. Shu oʻrinda oʻqituvchining oʻquvchiga beradigan tarbiyasi haqida ham jiddiy oʻylab koʻrish shart. Jamiyatimizda qush uyasida koʻrganini qiladi, deya tarbiyani oilaning oʻziga tashlab qoʻyish odat tusiga aylanmoqda. Shu qarash soyasida bir bolaga yetti mahalla ota-ona, degan tamoyilni yoʻqotib boryapmiz.

    Koʻchada birorta odobsiz oʻquvchiga duch kelsak, birovning bolasi deb, koʻz yumamiz. Farzandimiz tarbiyasizligi yoki yaxshi oʻqimagani uchun oʻqituvchi qulogʻini choʻzsa, ayuhannos solamiz, butun maktab oldida uni sazoyi qilamiz. Vaholanki, bolamizga sen xato qilgansan deya dakki berib, unga sezdirmasdan qattiqqoʻl oʻqituvchidan bolani urmasligini talab qilsa boʻladi. Biz esa bilib-bilmay omma oldida oʻqituvchi obroʻsini toʻkamiz. Shu orqali farzandimiz tarbiyasiga salbiy taʼsir oʻtkazayotganimizni oʻzimiz ham bilmaymiz.

    Oʻtgan yili oʻgʻlim maktab hovlisida sinfdoshlari bilan koʻchat ekkanini aytib, “Bizni ishlatish mumkin emas, a?!” dedi. Birdan hushyor tortdim. Oʻgʻlimga maktab hovlisidagi obodonlashtirish ishlari hashar ekanini, unda hamma qatnashishi zarurligini aytdim. Ammo dilim hufton boʻldi, qayerda xato qildim?! Ehtimol, qachondir uning oʻqituvchilariga nopisand muomalada boʻlgandirman. Lekin bitta men qiladigan xato butun jamiyatda takrorlanishi kerak emas. Axir omma hal qiluvchi kuchga ega. Biz esa kim haq ekani, holatga qanday huquqiy baho berilganidan qatʼi nazar, oʻqituvchi va oʻquvchi orasidagi munosabatlarni ommaviy muhokama qilyapmiz.

    Axir bu ustozlar obroʻsiga putur yetkazadi. Bola hayotidagi muhim shaxs, ustozini hurmat qilmasa, asta-sekin doʻstlariga, yaqinlariga boʻlgan munosabati ham oʻzgarib boradi. Chunki uning tarbiyasi mukammal boʻlmaydi. Odob qoidalariga toʻliq amal qilmaslik uning axloqi oʻzgarishiga olib keladi. Bunday yoshlar ongiga milliy gʻururni singdirish oson emas. Negaki, axloq – oʻq ildiz. Daraxtning kasalligi uning ildizi, tanasida boshlanadi. Ammo xastalik alomati dastlab eng tepa barglarda namoyon boʻladi. Axloq normalari ham xuddi shunday. Dastlab uning ildiziga bolta uriladi. Bu zarbaning kuchi esa endigina tetapoya boʻlayotgan yoshlar hayotida koʻrinadi. Xuddi daraxt uchidagi barglar kabi.

    Demoqchimizki, bola ustozini hurmat qilsa, ota-onasining gapiga quloq tutadi. Doʻstlarini, yon-atrofdagilarni tinglash koʻnikmasini oʻzlashtiradi. Axloqi yaxshi bolaga nasihat kor qiladi. Unga internetdan toʻgʻri foydalanishni ham, bilim olish zarurligini ham uqtira olasiz. Shu bois, jamiyatimizda bir bolaga yetti mahalla ota-ona, degan qarashni keng yoyish zarur. Bu qarash nafaqat befarqlikka barham beradi, balki insonlar orasida oʻzaro hurmat, mehr kabi tuygʻular kuchayishiga sabab boʻladi.

    Shu oʻrinda bir mulohaza. Biz vatanparvarlik deganda yurtning bayrogʻini baland tutishni, olamshumul ishlarni bajarishni tasavvur etamiz. Aslida, qoʻlidagi chiqindini oʻz joyiga tashlash ham, avtobusda yoshi ulugʻlarga salom berib joy boʻshatish ham yurtsevarlikdir. Negaki, yurt chegarasidagi jami insonlar, tiriklik olami jamlanib VATAN qiyofasini kasb etadi. Ulardan birini ikkinchisidan ajratib olib yaxshi koʻrib boʻlmaydi!

    Darhaqiqat, oʻzaro mehr, tushunish tuygʻulari inson hayotini tubdan oʻzgartirishga qodir. “Alpomish” dostonidan yana bir misol keltirsak. Qorajon Alpomishni olib kelish uchun Qalmoqqa borganida oshiq oʻynayotgan bolalarga duch keladi. Bitta bola boshqalardan ayrilib, yigʻlab oʻtirganini koʻrib undan hol soʻraydi. Boshqa bolalar uni yakkalab, oshiqlarini olib qoʻygan edi. Shunda Qorajon boladan Alpomish qayerda ekanini soʻraydi. U Alpomish yotgan chohning qayerdaligini aytgan odamni Qalmoq shohi jazolashini aytadi. Qorajon tengdoshlari ayirib qoʻygan yetim bolaga oshiqlarini qayratib olib beradi. Buning evaziga u chohning qayerda ekanini aytadi.

    Qalmoq yurt uchun muhim strategik obyekt hisoblangan chohning qayerda ekanini aytgan bola yetim edi. Demak, u qarovsiz, mehrsiz. Ayni paytda jamiyat – tengdoshlari uni qabul qilmaydi. Nopisand qarab ustidan kuladi. Oqibat, yetim bolada nafrat kuchayadi. Bu esa milliy gʻururning sinishiga olib keladi. Illo, milliy gʻurur, insonning insonga, butun olamga boʻlgan muhabbati hosilasidir.

    Yangi Oʻzbekistonni barpo etish tashabbusi ilgari surilgach, ijtimoiy himoyaga alohida eʼtibor berildi. Hatto bosh qonunimizga Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat, degan tushuncha kiritildi. Kambagʻallikni qisqartish uchun masʼul vazirlik tashkil etildi.

    Qolaversa, deyarli barcha yigʻilishlarda Prezidentimiz mazkur masalani kun tartibiga qoʻyadi. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi. Ijtimoiy himoyadan toʻgʻri foydalana olyapmizmi? U haqiqiy muhtojlarga yetib boryaptimi?

    Yana bir hayotiy misol. Yaqinda Respublika ishchi guruhi ijtimoiy tarmoqlardagi oʻrganishlar natijasi boʻlgan video lavhalarni tarqatdi. Unda toʻrt muchasi sogʻ, ikki-uch yildan buyon muttasil yordam olib kelayotgan oilalar yana murojaat qilgan. Ular olgan yordamlarini tasdiqlab turibdi. Yana uyalmay koʻmak berilmasa yuqori tashkilotlarga arz qilishini aytyapti.

    Bu yerda boqimanda oilalar taʼlim-tarbiyasi alohida mavzu. Ammo ular nega shu ahvolga kelib qoldi, degan savol bizni qiynashi kerak. Shu paytgacha ularga moddiy yordam bergan mahalla, tuman hokimligi nahotki boqimandalarni koʻpaytirayotganini bilmagan boʻlsa?! Mehnat qilishni istamay tekin nonga koʻz tikkanlarga haqiqiy muhtoj, ammo birovga arz qilmaydigan oilalar haqqini berishda vijdoni qiynalmaganmi?!

    Bunday savollar har bir masʼulni qiynashi kerak. Ularning vijdonini uygʻotish, hushyorlikka chaqirish esa ziyoli qatlamning vazifasidir. Umuman olganda, bugungi global, mafkuraviy kurashlar davri ziyolilar zimmasiga har doimgidan ham koʻra koʻproq masʼuliyat yuklaydi. Sababi, aynan ular oʻqituvchi nufuzini oshirishda, jamiyatda oʻzaro hurmat, mehr tuygʻularini yuksaltirib, hukumat darajasidagi topshiriqlar ijrosi toʻgʻri bajarilishini nazorat qilishda masʼuliyatli hisoblanadi.

    Shiddatli zamonda mafkuraviy, axboriy xurujlar qurshovida yashayapmiz. Bunga munosib javob berish ziyolilar zimmasida. Shu bois, Prezidentimiz joriy yil 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida Oʻzbekiston axborot makonida milliy kontent yaratish kerak, degan gʻoyani ilgari surdi. Bu gʻoya hayotiy zarurat tufayli yuzaga keldi. Chetdan qilinadigan mafkuraviy xurujlar barchamizga ayon. Bu borada muttasil taʼsir choralari koʻrib borilyapti. Ammo bu yetarli emas. Masalan, bitta xabarni ommaga ulashsangiz, aksariyat odamlar masalaning faqat salbiy jihatiga urgʻu beradi. Negaki, milliy media makonimizda axborotni tanqidiy taqdim etish odat tusiga aylandi. Albatta, mamlakat taraqqiyoti uchun tanqidiy, tahliliy fikrlar zarur. Soʻz erkinligining birlamchi talabi ham shu. Ammo soʻz erkinligi ogʻziga kelgan gapni aytish emas, aytilishi shart boʻlgan fikrni bildira olishdir. Milliy kontentning ahamiyati mana shu joyda seziladi.

    Xalqimizda koʻraversa koʻz koʻnikar, degan naql bor. Bu bejiz aytilmagan. Bizga taqdim etilayotgan xabarlarning katta qismi, qonunbuzarlik, jinoiy ishlar bilan bogʻliq. Bunday xabarlar jamoatchilik nazoratini kuchaytirish uchun kerak. Lekin xabarning oʻzi bilan kifoyalanish xato. Zero, omma isteʼmolchi, unga bunday axborotni tahlil qilib yetkazish lozim. Tahlilga muhtoj axborotning xabar tarzida berilishi esa salbiy tusda qabul qilinishi tabiiy.

    Ong salbiy axborotga toʻyina borsa, odam pessimist, jahldor boʻlib qoladi. Jamiyatda shunday illat ildiz otmasligi uchun milliy kontent suv va havoday zarur. Nazarimda, milliy kontent keng koʻlamli tushuncha. Uni faqat ijtimoiy tarmoqlar yoki OAV bilan bogʻlash xato. Aslida, qoʻshni bolaning qiligʻi uchun dakki berish ham, oʻqituvchisidan hafa boʻlgan farzandingizga toʻgʻri tushuncha berish ham milliy kontent. Demak, uni yaratishda har bir ongli fuqaro qatnashishi kerak.

    Milliy gʻurur oʻzlikni anglash va faxrlanish ekan, uni shakllantirishda milliy kontentning ahamiyati beqiyos. Binobarin, maʼnaviyat va maʼrifat targʻiboti faqat ommaviy tadbirlardan iborat boʻlib qolmasligi kerak.

    Masalan, mahallalarda yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlganlarni jamlab, ijodiy klublar tashkil etish mumkin. Buning uchun Qoraqalpogʻiston yoki olis voha mahallalariga poytaxtdan targʻibotchilar borishi ham shart emas. Mahalla ahli yigʻilib, oʻqigan kitobini muhokama qilsa, oʻzlari yashayotgan hudud, ajdodlar tarixi haqida suhbatlar qursa, yetarli. Oʻyin-kulgi emas, odamlar suhbatlashadigan muhit yaratilsa, Navoiyxonlik, Boburxonlik kechalari tashkil etilsa. Bu mahalladoshlar bir-birining koʻziga qarab gurunglashadigan, quvonch va qaygʻusini boʻlisha oladigan davraga aylanardi.

    Kunduz ish, kechki payt televizor va telefon bilan band ota-onalar oʻsha yerda bolasining soʻzini tinglasa ajab emas. Bunday davrada yuqorida aytganimiz kabi oʻzaro hurmat, mehr hissi yanada kuchayadi. Ehtimol, bu eng samarali milliy kontentlardan biri boʻlar. Negaki, u bevosita milliy gʻururni, vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga xizmat qiladi.

    Boboravshan GʻOZIDDINOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri