Taʼlim tizimi — bu yurtimizda soʻnggi yetti yil ichida eng katta oʻzgarishlarga yuz tutgan va yoshlarparvar islohotlarning yorqin ifodasi sifatida taraqqiy etib kelayotgan yoʻnalishdir. Bu davr mobaynida boshlangʻich, oʻrta, professional va oliy taʼlim tizimi faoliyati tubdan isloh qilinib, oʻziga xos milliy taʼlim tajribasi vujudga keldi.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlari taʼlim uslubining eng samarali jihatlari oʻzlashtirildi, mamlakatimizda dunyodagi nufuzli oliygohlarning filiallari ochildi, yoshlarimiz yetakchi xorijiy universitetlarda tahsil olib, tajriba orttirmoqdalar, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali ular uchun yangidan yangi imkoniyatlar yaratildi.
Ayniqsa, xotin-qizlarning bilim olishlari, kasb egallashlariga alohida eʼtibor qaratilayotganligi quvonarlidir. Bu borada davlatimiz rahbari ota-onalarga oʻz murojaatini yoʻllab, «Qiz bolani oʻqitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli boʻladi, — deya jamiyat uchun muhim saboqni va baxt formulasi uchun zarur iqtisodiy yechimni berdi.
Darhaqiqat, mamlakat yetakchisi bugun xotin-qizlarimizning shaxsiy rivojlanishi, salohiyatlarini roʻyobga chiqishi, farovon hayot kechirishlari uchun zamin hozirlamoqda.
Ahamiyatli jihati, ertaga qizlarimiz oʻzlarini moliyaviy jihatdan taʼminlash, oilaviy byudjetga hissa qoʻshish, jamiyatda munosib hurmat qozonish, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladilar. Eng muhimi esa, oliy taʼlim qizlarga oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, farzandlarini yaxshi tarbiyalash, millatni, avlodni maʼrifat bilan taʼminlashni oʻrgatadi.
Goʻzalxon XONKELDIYEVA,
FarDUning Iqtisodiyot fakulteti dekani,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Hamkorlik materiali