Milliy gvardiya qoʻmondonining axboroti eshitildi

    Xavfsizlik 26 Aprel 2022 2037

    Bugun, 26-aprelda, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining yigirma beshinchi yalpi majlis oldidan Qoʻmita majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda qoʻmita raisi Q.Burxonov, qoʻmita aʼzolari, Milliy gvardiya qoʻmondoni R. Djurayev, qoʻmita ekspertlar guruhi va tegishli vazirlik va idora vakillari ishtirok etdi.

    Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha 2021-yil va 2022-yilning I choragida amalga oshirilgan ishlar holati toʻgʻrisida Milliy gvardiya qoʻmondonining axboroti eshitildi.

    Qayd etilganidek, 2021-yil va 2022-yilning I choragida olib borilgan patrullik xizmati davomida Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda 200 nafarga yaqin qidiruvda yurgan jinoyatchilar ushlangan hamda bedarak yoʻqolgan fuqarolar aniqlangan va oilalariga topshirilgan.

    Mazkur davr mobaynida hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlar tufayli 800 dan ortiq jinoyatlar fosh etilib, 2 000 dan ortiq noqonuniy buyumlar (pichoq, bita, pnevmatik va ov qurollar), 1 096 dona oʻq-dori hamda 10 451 dona psixotrop va 15 kg.dan ortiq giyohvand moddalar aniqlangan va huquqbuzarlik sodir etgan 1 965 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar tuzilgan.

    Bundan tashqari, ekologiya va atrof muhitning muhofaza qilish boʻyicha hamkorlikdagi “Ekopatrul” guruhlari tomonidan 1 mingdan ortiq reydlar oʻtkazilib, huquqbuzarlik sodir etgan 471 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

    Joriy yil 3 oyida mobil patrul guruhlari tomonidan, kelib tushgan 61 ta xabar boʻyicha 47 ta huquqbuzarlik sodir etgan 51 nafar shaxslar ushlanib, ichki ishlar boʻlimlariga topshirilgan.

    Bundan tashqari, poytaxt xavfsizligini ishonchli taʼminlashning yangi tizimi joriy qilingan.

    2021-yilda tezkor harakatlanuvchi guruhlar tomonidan qoʻriqdagi obyektlarda, shu jumladan xonadonlarda jinoyat va huquqbuzarlik sodir etgan 618 nafar shaxslar ushlangan. Joriy yilning oʻtgan davrida esa 25 ta jinoyat fosh etilib, 2 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan va 3 nafar fuqaroning hayoti qutqarib qolingan.

    Qoʻmita aʼzolari yalpi majlisda koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan masalalarni dastlabki tarzda muhokama qildi.

    Xususan, “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari hamda 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti dastlabki tarzda muhokama qilindi.

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan mamlakatimizda qoʻriqlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, shuningdek ushbu sohadagi vakolatli davlat organini, uning huquq va majburiyatlarini belgilash maqsadida “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

    Qonunning maqsadi qoʻriqlash faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat boʻlib, uning asosiy vazifalari jismoniy shaxslarning hayotini va sogʻligʻini, ularning mol-mulkini hamda obyektlarini tajovuzlardan himoya qilish, qoʻriqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qoʻyish hisoblanadi.

    Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Vazirlar Mahkamasining hamda Milliy gvardiyaning qoʻriqlash faoliyati sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

    Majlisda “Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonun bilan oʻqotar quroldan tashqari pnevmatik, gazli, signal beruvchi, tigʻli, uloqtirish quroli va elektroshok qurilmalariga egalik qilishga ruxsat berilgan. Ammo oʻqotar boʻlmagan yuqorida koʻrsatilgan qurollarga noqonuniy egalik qilish uchun esa qonunchiligimizda javobgarlik mavjud emas. Sodda qilib aytganda, oʻqotar boʻlmagan qurolga noqonuniy egalik qilish, yaʼni uyda saqlash, koʻcha-koʻyda olib yurish, taʼlim muassasalariga olib borish va hokazo holatlarda qurol egasi undan turli jinoiy maqsadlarda foydalanmasligiga “kafolat” yoʻq.

    Shu bois Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 6 ta qonunga tegishli oʻzgartishlar kiritish nazarda tutilgan.

    Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.