Yer yuzida ikki yuz ellikka yaqin davlat bor va, albatta, har bir davlatning oʻz ramzlari, bayrogʻi mavjud. Har bir bayroq ayricha rang va timsollarga ega. Ular bilan yonma-yon balqib turgan bayrogʻimiz hech kimdan kam emasligimiz va kam boʻlmasligimizni koʻrsatib turadi.
Bayroq qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli boʻlib kelgan. Ajdodlarimiz ham yurt bayrogʻini muqaddas bilib, uni koʻz qorachigʻidek asragan. Buyuk sohibqiron Amir Temur gʻoliblik bayrogʻini yuksak koʻtardi. Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi, u barpo etgan ulugʻ saltanatni dunyo tan oldi.
Bugungi kunda ham bayroq turli bayram tantanalarida, yurtimiz delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻurur va iftixorini yorqin aks ettiradi. Yurtimizdagi bayram shodiyonalari, tantanalari chogʻida koʻchalarimizga koʻrk bagʻishlab turgan bayrogʻimiz har birimizda gʻurur-iftixor tuygʻusini uygʻotadi.
2022-yil 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonunga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish tashabbusi ilgari surilgan edi. Ushbu tashabbus zamirida xalqimiz, keng jamoatchilikning taklif va istaklari turibdi. Chunki, amaldagi qonunda davlatimiz bayrogʻining qayerlarga doimiy qoʻyilishi, oʻrnatilishi, davlat bayrogʻi tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emasligi kabi normalar mavjudligi masalasiga oydinlik kiritish bilan bir qatorda, ularni cheklov sifatida ham baholash mumkin. Bu esa fuqarolarimiz, keng jamoatchilik, jumladan, tadbirkorlarimizning davlatimiz ramzi, iftixori boʻlgan bayrogʻimizdan va uning tasviridan kengroq foydalanishiga yoʻl bermayotir.
Amaldagi qonun milliy istiqlolimizning ilk yilida, yaʼni 1991-yilda qabul qilinganiga eʼtibor qaratsak, u davrdagi qarashlar va yondashuvlar hozirga kelib tubdan oʻzgardi. Oʻsha davrlarda ijtimoiy hayotimiz “davlat – jamiyat – inson” paradigmasiga asoslanib, davlat manfaatlari ustun qoʻyilgan boʻlsa, joriy yilning 30-aprelida xalqimiz tomonidan umumxalq referundumi orqali qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonunning tag zamirida “inson – jamiyat – davlat” paradigmasi turishi bunday qarashlar oʻzgarganidan dalolat beradi. Inson manfaatlari ustunligini taʼminlash nuqtayi nazaridan amaldagi qonunga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish bugungi kunning muhim talabidir.
Amaldagi qonunga hozirgacha 5-marta tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, takomillashtirilgan. Yuqorida bildirilgan fikrlar hamda soʻnggi yillardagi islohotlar, ochiqlik siyosati natijasida fuqarolarimiz siyosiy ongi jadal oʻsib borayotganini, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushi ortib borayotganini hisobga olsak, amaldagi qonun konseptual jihatdan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga muhtoj ekaniga yana bir bor amin boʻlamiz.
Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Mazkur qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
Davlat bayrogʻidan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida, madaniy va oʻzga ommaviy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotiraviy sanalarni bayram qilishda hamda boshqa hollarda ham bayrogʻimizga nisbatan zarur hurmatni taʼminlagan holda foydalanishga ruxsat berish;
davlat ramziga zarur hurmat bilan muomala qilgan holda undan va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylari va binolarda, yashash yoki ish joylarida hamda ularga tutash boʻlgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkinligini belgilash;
davlat organlarining ramzlarida (bayroq, geraldik belgi) va ularning rasmiy veb saytlarida davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishga huquqiy asos oʻrnatish;
davlat bayrogʻi tasvirini ustki kiyimga bezatish maqsadida aks ettirish imkoniyatini yaratish belgilab berilmoqda.
Oddiy aytganda, bu oʻzgarishlardan keyin fuqarolar ham bayrogʻimizga hurmat saqlagan holda undan oʻz xonadonlarida, ish joylarida erkin foydalanishi mumkin boʻladi. Ayni paytda Oʻzbekiston fuqarolari, shuningdek, Oʻzbekistonda yashaydigan boshqa shaxslar bayrogʻimizni hurmat qilishi shart ekani bilan bogʻliq talab saqlanib qoladi.
Bir soʻz bilan aytganda, amaldagi qonunga bunday oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi markaziy koʻchalarda, maydonlarda, boshqa jamoat joylarida va obyektlarda nafaqat bayram kunlari, balki kundalik hayotimizda ham davlatimiz bayrogʻini koʻrish, undan faxrlanish tuygʻularini kuchaytiradi va uni milliy gʻururimiz timsoliga aylantiradi. Zero, unda ruhiyatimiz, gʻurur va iftixorimiz, Vatanimiz va xalqimizga boʻlgan mehr-muhabbatimiz, kelajakka ishonchimiz mujassamdir.
Zafar XUDOYBERDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati