Shu bois, XX asr boshlarida jadidchilik harakatining yorqin namoyandalari bo‘lgan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat, Ishoqxon Ibrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Ashurali Zohiriy, Hoji Muin kabi ko‘plab taraqqiyparvar shaxslar jaholatga qarshi ilm, ma’rifat va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish orqali kurashish, inson ongi va tafakkurini o‘zgartirish, mustamlaka bo‘lgan Turkistonni mustaqil hamda dunyoning mutaraqqiy mamlakatlari safida ko‘rish yo‘lida hatto o‘z jonlarini ham fido etganlar.
Afsuski, aksariyat ma’rifatparvar va millatparvarlarning hayot va faoliyati, ilmiy merosi, falsafiy qarashlari yetarli darajada o‘rganilmagan. Shu bois ham Prezidentimiz 2020 yilning 30 sentyabrida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bu borada alohida to‘xtalib, jumladan, bunday dedi: “Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta’lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu ma’naviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur”.
Buxorolik shifokor va shoir Mirzo Sirojiddin tarixning murakkab davrida ma’rifat mash’alasini baland ko‘tarib chiqqan, ta’lim tizimini isloh etish, xalq ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida qizg‘in sa’y-harakat va amaliy ishlar qilgan ma’rifatparvar shaxslardan biri sanaladi. Garchi uning hayoti va faoliyatiga oid ayrim ma’lumotlar shu kungacha tadqiqotchilar tomonidan tarqoq holda bayon etilgan bo‘lsa-da, lekin uning ma’rifatparvarlik g‘oyasi bilan sug‘orilgan tarixiy-ommabop, adabiy merosi batafsil o‘rganilmagan va yoritilmagan.
Mirzo Sirojiddin 1877 yil 23 oktyabrda Buxoro shahrida yirik savdogar va sarrof Hoji Mirzo Abdurauf oilasida tavallud topadi. Besh yoshidan Buxoro madrasalaridan birida tahsil ola boshlaydi. Darsdan tashqari uyida maxsus o‘qituvchilar yordamida arab, fors, rus, fransuz va nemis tillarini mukammal o‘rganadi. Axloqshunoslik, madaniyatshunoslik va tarixga oid kitoblarni ko‘p mutolaa qiladi. Buxoroning ma’rifatparvar kishilaridan saboq oladi. Yoshligidanoq Sadriddin Ayniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Sadr Ziyo va Ahmad Donishning ijodi va faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqqan. Buxoro ma’rifatparvarlaridan biri Sadriddin Ayniyning tavsiyasi bilan Ahmad Donishning “Navodir al-vaqoye” (“Nodir voqealar”) asarini, Qori Rahmatulloh Vozehning “Savonih al-masolik va farosix al-mamolik” (“Yo‘llarning qulayliklari va mamlakatlarning masofalari”) kitobini mutolaa qiladi.
Sirojiddin dastlab otasining kichik sarroflik do‘konida ishlaydi, keyinchalik mustaqil ravishda paxta savdosi bilan shug‘ullanadi. Savdogar va sayohatchilardan Rossiya imperiyasi, Usmoniylar davlati, Eron, Hindiston, Afg‘oniston, ayniqsa, Yevropa mamlakatlari to‘g‘risida ko‘p ma’lumotlar oladi va u yerlarni borib ko‘rishni niyat qiladi. Savdogarlik faoliyati uning safarga chiqish rejasini amalga oshirishi uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Mirzo Sirojiddin 1902 yildan 28 yoshida uzoq safarlarga chiqa boshlaydi. Ana shu xotiralarini “Tuhafi ahli Buxoro” (“Buxoro ahliga tuhfalar”) nomli asarida yozib qoldirgan. U o‘z asarini 1910 yilda yozib tugatadi. Asar fors tilida, yevropa qog‘ozida biografik-memuar uslubda yozilgan bo‘lib, 193 sahifadan iborat. 1912 yilda Kogon bosmaxonasida toshbosma usulda nashr etiladi. Asarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari bugungi kunda Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.
Asardan o‘rin olgan safar ma’lumotlarini shartli ravishda ikki qismga ajratish mumkin. Birinchi qismdagi ma’lumotlar Buxoro amirligi, Farg‘ona, Turkiston, Toshkent, Samarqand, Avliyoota va boshqa shaharlarga oid bo‘lib, muallif u yerdagi ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy hayotni yoritishga savdogar nuqtai nazari bilan qaraydi.
Ikkinchi qismdan, asosan, Yevropa, Rossiya, Turkiya, Eron, Hindiston va Afg‘oniston kabi davlatlarning ijtimoiy va madaniy hayoti tasviri o‘rin olgan. Unda muallif Avstriya, Angliya, Germaniya va Fransiya ta’lim tizimi, ijtimoiy hayot taraqqiyoti, me’morlik, shaharsozlik, kutubxonalar, shifoxonalar, odamlarning kiyinish madaniyati va kundalik hayotini batafsil yoritadi. 1909 yilda safardan qaytganidan so‘ng Buxoroda yevropacha uslubda shifoxona ochib, xalqqa xizmat ko‘rsata boshlaydi.
Mirzo Sirojiddinning “Tuhafi ahli Buxoro” memuar asaridan tashqari bizgacha o‘zbek va tojik tillarida yozilgan 200 dan ortiq g‘azal, qasida, muxammas va ruboiy kiritilgan 2 ta to‘plami ham yetib kelgan.
O‘z davri ziyolilari ta’limoti va kitoblari mutolaasidan ta’sirlangan Mirzo Sirojiddin jamiyatni qiynab kelayotgan dolzarb masalalar to‘g‘risidagi maqolalari bilan davriy matbuotda ham muntazam ishtirok etadi. Bunga uning Buxoroda chop etiladigan “Turon”, Erondagi “Tusiy” va “Navbahor” gazetalari, Samarqandda chiqadigan “Oyina” jurnalida ma’rifiy, falsafiy mavzularda e’lon qilingan ilmiy-ommabop maqolalari yorqin dalil bo‘la oladi.
Mirzo Sirojiddin Buxoroda gazeta ta’sis etish ishlarida ham jonbozlik ko‘rsatgan. Xususan, 1912 yilda buxorolik ma’rifatparvar Mirzo Muhiddin bilan birga Kogon (Yangi Buxoro)da fors tilida chop etilgan “Buxoroi sharif” nomli gazetaning asosiy tashkilotchisi va homiylaridan biri bo‘lgan. Buning natijasida Buxoro amirligida ilk bor gazeta chiqa boshlaydi. Mirjalol Yusufzoda muharrirligi ostida 1912 yilning 14 iyuliga qadar haftada bir marta, keyinchalik esa haftada to‘rt marta nashr etiladi. 1912 yilning iyulidan “Buxoroi Sharif”ga ilova tarzida eski o‘zbek (turkiy) tilida “Turon” gazetasi nashr qilina boshlandi. “Turon” dastlab ilova tarzida haftada ikki marta chop etilgan, o‘sha yilning sentyabridan esa mustaqil nashr sifatida faoliyat yurita boshlagan. Har ikki gazeta 2600 (“Buxoroi Sharif” — 800, “Turon” — 1800) nusxada nashr etilgan. “Buxoroi sharif” gazetasi oradan bir yil o‘tib, 153-sonidan so‘ng yopib qo‘yiladi.
Mirzo Sirojiddin “Buxoroi Sharif”ning ilk sonlaridan boshlab “Hakim Buxoriy” taxallusi bilan maqolalar e’lon qilib boradi. Masalan, “Ro‘znomaning ba’zi foydalari” maqolasida gazetalar xalq dunyoqarashini o‘zgartirishi, kitob mutolaasi, qanday yashashni o‘rganish, dunyo yangiliklari va xalqlari ahvolidan xabardor bo‘lish uchun eng muhim vosita ekanini ochib beradi.
Mirzo Sirojiddinning masnaviy usulida yozgan “Yod bod” (“Yodda bo‘lsin”) nomli she’ri 1913 yilda “Oyina” jurnalining 2-sonida chop etiladi. Muallif o‘z chiqishlarida tarixiy tafakkurni shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratadi, allomalar yurti bo‘lgan Markaziy Osiyoda ilm nufuzi pasayib ketgani, aholini savodli qilishdagi kamchiliklar va ta’lim tizimidagi muammolarni jiddiy tanqid qiladi. “Biz o‘tmishda qanchalik rivojlangan edik, sivilizatsiya bobida o‘zimizga yarasha o‘rinda edik, taraqqiyparvarlik, ilm-fan kashfiyoti, davlatchilik rivojida ham ilg‘or edik. Biz hozir g‘aflatdamiz, ilmdan uzoqlashdik. Bizning tanazzulimiz ta’lim va ilmni kuchsizlanganligidandir”, deb achinib yozadi. Buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lish uchun tarixdan to‘g‘ri saboq chiqarishimiz, ilm-fanni rivojlantirish, kitob o‘qish lozimligini bayon etgan.
Mirzo Sirojiddin 1914 yilning fevralida “Oyina” jurnalida “Aql” sarlavhali maqolasini e’lon qilgan. Muallif “aql”ning lug‘aviy ma’nosi va falsafiy kategoriyasiga alohida e’tibor qaratib, u insonni hayvonot olamidan ajratib turuvchi ziynat ekani, aqlsiz shaxs jamiyatning to‘laqonli, ma’naviy barkamol a’zosi bo‘la olmasligini qayd etadi. Insonning aql-zakovati, idroki tushunchalarini falsafiy talqin etish bilan birga, idrok va shuur (sezish-hissiyot) kabi ziynatlarga ham ta’rif beradi. Muallif shu o‘rinda insonni ikki toifa — noqis va komil shaxslarga ajratadi. Noqis aql insonga tug‘ilishi bilan ato etilsa, komil aqlga ko‘p kitob o‘qish, tinglash, ilm olish va hayotiy tajriba asosida erishish mumkin. Shu bilan birga, insonda tarbiya vositasida xulqiy aql, mehnat qilish yordamida kasbiy aql shakllanishi yuzasidan ham fikr yuritadi. Har bir inson o‘z yurish-turishi, muomalasi, zehni bilan ajralib turadi. Aqlli odam nodondan farqli ravishda hayotda o‘z fikri, tanlovi va maqsadiga ega bo‘ladi. Maqola muallifi beshikdan to qabrgacha ilm olish mazmunidagi hadisi sharifni asosiy g‘oya sifatida olib, har bir shaxs ilm olish, o‘z ustida muntazam ishlash, mehnat qilish, kasb egallash orqali komil inson bo‘lib yetishishi mumkinligini yoqlaydi.
“Oyina” jurnalining 1915 yil 9-sonida Mirzo Sirojiddinning “Buxoroda tahsil” maqolasi e’lon qilinib, muallif unda madrasalardagi ta’lim tizimi, talabalarning hayoti, yilma-yil o‘tiladigan fanlar ketma-ketligi masalasida so‘z yuritadi. Ushbu uzoq muddatli ta’lim mazmun jihatidan davr talablariga mos kelmay qolganini tanqid qiladi. Muallif bergan ma’lumotga ko‘ra, Buxoro madrasasidagi ta’lim mezon oyidan boshlanib, bahor bayrami — Navro‘zgacha, ya’ni oktyabrdan mart oyi oxirigacha 6 oy davom etgan va haftada 4 kun (shanbadan-seshanbagacha) dars o‘tilgan.
Madrasani 18-20 yil o‘qib bitirgan ilmi toliblar faqat biror masjidda imom, madrasada muddaris, mahallaga rais, kamdan-kam hollardagina qozi etib tayinlangan.
Mirzo Sirojiddin 1913 yilda Eronga safari chog‘ida Rasht shahrida sil (shish) bilan kasallanib, Buxoroga qaytib keladi va oradan bir oy o‘tib, 1914 yilning 17 yanvarida 37 yoshida vafot etadi.
Yosh ma’rifatparvarning bevaqt o‘limidan qattiq ta’sirlangan Mahmudxo‘ja Behbudiy “Oyina” jurnalining bir nechta sonida uning xotirasiga bag‘ishlab maqolalar e’lon qiladi. Sadriddin Ayniy esa shu jurnalning 14-sonida Mirzo Sirojiddinga bag‘ishlab marsiya yozadi. Unga ilm-zakovatli, sayyoh, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari surgan, Buxoroda birinchi bo‘lib gazeta ochgan noshir sifatida qaraydi.
Muxtasar aytganda, ma’rifatparvar inson Mirzo Sirojiddinning ilmiy-ijodiy merosi va faoliyatini o‘rganish, tadqiq qilish va unga munosib baho berish bugungi kun talabidir.
Muhayyo ISOQOVA,
O‘zFA Tarix instituti bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari doktori