Asosan, obuna hisobiga faoliyat yurituvchi nashrlarda qogʻoz xarid qilish, gazetani chop etish va xodimlarga oylik maosh toʻlashda moddiy yetishmovchilik yuzaga keldi. Shunday boʻlishiga qaramay, baʼzi gazetalar faoliyatini toʻxtatmadi.
-Xodimlarimiz ikki oy davomida oylik maoshsiz xizmat qildilar, -deydi Andijon viloyati hokimligi nashri “Andijonnnoma” va “Andijanskaya pravda” gazetalari Bosh muharriri Saidahmad Shukurov.
–Shunday boʻlishiga qaramay, gazetamiz haftada bir marta nashr etilmoqda. Yurtdoshlarimizning aksariyati karantin sharoitida daromadsiz qolganligini hisobga olib, obuna ishlarini tashkil etmadik. Natijada yuzlab oʻquvchilarimizni yoʻqotishimizga toʻgʻri keldi. Biroq, izlagan imkon topadi. Gazeta orqali mushtariylarga yetkazishimiz mumkin boʻlgan aksariyat maqolalarni gazetamizning “ Auz.Uz” sayti orqali eʼlon qildik. Shunday boʻlsada tan olish kerak, OAVda gazetaning oʻz oʻrni bor.
Pandemiya sharoitidagi inqiroz Jalaquduq tumani hokimligi nashri “Jalaquduq hayoti” gazetasiga ham taʼsir koʻrsatmay qolmadi. Taxririyat xodimlari oylik maoshsiz qolgani kamlik qilgandek, bosmaxona harajatlari uchun ham mablagʻ yetishmovchiligi bilan yuzlashdilar.
-Hokimliklar nashrlari muassislar koʻmagiga muhtoj,-deydi gazeta muharriri Shukurillo Hayitoxunov. –Zero, bu nashrlar hukumatimiz islohotlarini targʻib qilish, davlatimiz siyosatini aholiga yetkazish bilan shugʻullanadilar. Bizning gazeta bozorgir gazeta emaski, estrada yulduzining qanday uxlab turganidan tortib, nima yeganigacha bayon qilib, pul topsa.
Bugungi kunda Andjon viloyatida 18 ta davlat gazetalari mavjud. Marhamat, Boʻz va Ulugʻnor tuman hokimliklari nashri afsuski, moliyaviy muammolar tufayli chop etilmayotir. Ayrim muasssislar esa oʻz gazetalarining mana shunday holatga tushib qolmasliklari uchun harakatdalar. Masalan, viloyat va Jalaquduq tuman hokimliklari tomonidan “Andijonnoma”, “Jalaquduq hayoti” gazetalarini yil yakuniga qadar bosmadan chiqarish maqsadida moliyaviy koʻmak koʻrsatildi.
Kezi kelganda aytish joizki, bugungi qun matbuoti keskin burilish davrini oʻtamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarning shakllanishi eng avvalo, bosma nashrlar faoliyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Bu esa aksariyat yurtdoshlarimiz orasida “Endi gazetalarga hojat qolmadi” degan fikrni uygʻotgani ham rost. Bir paytlar televideniye taraqqiy topa boshlaganida radiolarga nisatan ham shunday xulosalar tugʻilganligini eslasak, bu tabiiy xol, albatta. Biroq, shuni ham tan olish kerakki, har bir ommaviy axborot vositalarining jamiyatda oʻz oʻrni mavjud. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlar tezkorligi va munosabat bildirish imkoniyatining kengligi bilan ajralib turgan bir paytda nima uchun gazetalar taxliliy mavzularga moslashishi kerak emas. Agar jahon matbuotiga razm soladigan boʻlsak, bugungi kun gazetalari axborot yetkazuvchi manbaa emas, balki, hodisaga, holatga xolis baho beruvchi, uni taxlil qiluvchi va oʻrinli taklif kirituvchi nashr sifatida tan olingan. Gazetalarimizning kelgusi faoliyatini tashkil etishga oid bu kabi fikrlar alohida mavzu, albatta. Biroq, bugungi kunda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, deyarli 100-yillik tarixining soʻnishiga befarq qarab turmaslik uchun muassislar odilona fikr yuritishi kerak, degan fikrdamiz.
Ziyo SIROJ, jurnalist.