Muhandislik ta'limida ilg'or tajriba: sanoatni raqamli o'zgartirish dasturi

    Jahon kimyo sanoati hozir juda jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Bular: kimyoviy mahsulotlarni qo'llash sohasining misli ko'rilmagan kengayishi va ekologik xavfsizlik talablarining oshishi, elektronika va “yashil” energetika rivojlanishi bilan bog'liq masalalar, ammo birinchi navbatda, bu sanoat 4.0 ga o'tish va raqamli texnologiyalar hamda sun'iy intellektni, robotlashtirishni keng joriy etishdir.

    Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi inson kapitaliga asoslanadi. SHuning uchun ham kadrlar bilan ta'minlash masalasi yonilg'i-energetika kompleksini rivojlantirish strategiyasida muhim o'rin tutadi. Vaqt ko'rsatganidek, yangi kompetentsiyalar paydo bo'lmoqda. Ular asosiy fanlar, jumladan, kimyo fanini o'rganishga asoslangan bo'lishi kerak. SHu ma'noda, Toshkent kimyo texnologiya instituti kafedra va laboratoriyalarida jarayon muvaffaqiyatli bajarilmoqda.

    Bugungi OTM o'qituvchisi kuniga 24 soat onlayn yangi avlod talabalariga mos usul va uslublarni tanlashi lozim. Ularga ham faol o'rganish, ham mulohaza yuritish uchun vaqt kerak. Muhandislik pedagogikasining yutuqlariga asoslanib, o'qituvchilarga to'rt asosiy ta'lim nazariyasidan foydalanish tavsiya etiladi: amaliy mashg'ulot, eng muhim bilimni uzatish, yumshoq kompetentsiya, mas'uliyat.

    Toshkent kimyo texnologiya institutidagi muhandislik ta'limi modelining muhim xususiyati ko'p tarmoqlilik, turli vazifa va mul`titexnologiyalarga asoslanganidadir. Institutda talabalar uchun o'zgaruvchan texnologik paradigmalarga moslashuvchan va faol munosabatda bo'lish imkonini beruvchi individual ta'lim traektoriyalari tizimi joriy etilmoqda, “Oliy muhandislik maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

    Neft` va gaz muhandisligi, mineral o'g'itlar, polimer mahsulotlari, qurilish materiallari, qimmatbaho va nodir er metallarini qazib olishning kimyoviy va fizik jarayonlari bo'yicha bakalavrlar tayyorlanmoqda. SHuningdek, iqtisodiyotning oziq-ovqat kimyosi va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash kabi real sektori uchun kadrlar etkazib berish yo'lga qo'yilgan.

    Sanoatni raqamli o'zgartirish dasturi doirasida axborot tizimlari va texnologiyalari mutaxassisligi bo'yicha magistrlar tayyorlash ustida ishlanmoqda. Jarayonda ilg'or xorijiy tajriba, xususan, Boloniya deklaratsiyasini imzolagan Evropa davlatlari, Qozog'iston hamda AQSH universitetlarining taklifi inobatga olinmoqda.

    Jahon kimyo sanoati hozir juda jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Bular: kimyoviy mahsulotlarni qo'llash sohasining misli ko'rilmagan kengayishi va ekologik xavfsizlik talablarining oshishi, elektronika va “yashil” energetika rivojlanishi bilan bog'liq masalalar, ammo birinchi navbatda, bu sanoat 4.0 ga o'tish va raqamli texnologiyalar hamda sun'iy intellektni, robotlashtirishni keng joriy etishdir.

    Bu endi muhandislardan tabiiy, texnika va matematika fanlari bo'yicha yuqori darajadagi tayyorgarlik talab etilishini anglatadi. Robotlashtirish jarayoni va sun'iy intellektni joriy etish ko'lami kengayishiga qaramay, malakali muhandis kadrlarga ehtiyoj dolzarbligicha qolmoqda. Muayyan echimlardan biri sifatida “elektron institut” modelini joriy etish, xususan, ommaviy onlayn kurslar ochish zarurati mavjud.

    Qashqadaryo viloyatida korxona — kasb-hunar maktabi — OTM hamkorligida kadrlarni uzluksiz tayyorlash tizimini yaratish borasida Uzbekistan GTL kompaniyasining qiziqarli tajribasi mavjud. Kompaniya hisob-kitoblariga ko'ra, 2030 yilga borib, birgina Uzbekistan GTL har yili yuzlab yosh mutaxassislarga ehtiyoj sezadi. SHu bois, bitiruvchining profili xalqaro injiniring kompaniyalari profiliga mos kelishi kerak.

    Bu esa sohada ishlayotganlar soni yanada ko'payishi hamda ko'proq yoshlarni muhandislar tayyorlash tizimi bilan qamrab olish kerakligini anglatadi. O'zbekistonning ilmiy-texnikaviy taraqqiyotida kadrlar salohiyati masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Gap, birinchi navbatda, yangi kadrlar tayyorlaydigan o'qituvchilarni qaerdan topish haqida ketadi.

    Ayni paytda mahalliy oliy o'quv yurtlari talabalari va o'qituvchilarining belgilangan maqsadlar doirasida yangi texnologiyalarni joriy etishga tayyorligi ko'p ishni hal qiladi. Zotan, muhandislik ta'limi muhandislik tajribasini rivojlantirishni nazarda tutadi. U keng ko'lamli masalalarni qamrab oladi.

    Raqamlashtirish muammolari, raqamli iqtisodiyotning asosiy texnologiyalari, raqamli transformatsiya stsenariylari, muhandislik faoliyatining yangi ustuvor yo'nalishlari, kelajak ta'limining asosiy tendentsiyalari shular jumlasidan. Muhandisning vazifasi ham o'zgarib bormoqda. Demak, muhandislik ta'limi ham mazmunan, ham uslubiy jihatdan o'zgarishi kerak.

    Xorijiy etakchi oliy o'quv yurtlari professor-o'qituvchilarni tayyorlashga tizimli yondashib, jahonning ilg'or tajribasiga e'tibor qaratmoqda. Muhandislik ta'limi bo'yicha ilg'or pedagogik tajriba O'zbekiston universitetlari uchun ham juda muhim.

    Oliy ta'lim mazmuni va texnologiyalaridagi o'zgarishlarning yuqori dinamikasi natijasida professor-o'qituvchilar malakasi qadrsizlanishi bir tomondan ilmiy-pedagogik faoliyat integratsiyasiga, boshqa tomondan, oliy STEM ta'lim bo'yicha joriy strategiya va xalqaro standartlarga muvofiq, universitetda o'qituvchilar tayyorlash tizimini takomillashtirishga zarurat sezilmoqda.

    Ushbu masala echimi sifatida turli toifadagi (professor, dotsent, assistent) o'qituvchilar mehnat taqsimotini hisobga olgan holda ilmiy-pedagogik faoliyatning turli yo'nalishlari bo'yicha professor-o'qituvchilar tarkibini tayyorlashga kompleks yondashuv taklif qilamiz.

    Ularning yuqori ish unumdorligiga erishishi uchun shaxsiy komp`yuter dasturini tenglashtirish, professor, dotsent va assistentlar faoliyatining ustuvor yo'nalishlarini hisobga olish kerak. Bu, birinchi navbatda, ilmiy-pedagogik faoliyat tarkibiy qismlarini hamda pedagog xodimlarning tegishli kompetentsiyalarini aniqlashni talab etadi.

    OTM o'quv va ilmiy faoliyatini raqamlashtirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayoni bo'yicha qilinadigan ishlar ko'p. Avvalo, “Tayanch doktorantura o'zining asosiy vazifasini bajara oladimi?” degan savolga javob berish kerak. Zotan, ilmiy soha ta'lim tizimi kabi sezilarli inertsiyaga ega. SHuning uchun bunda haddan tashqari keskin burilishlar xavfli va salbiy oqibatlarga olib keladi.

    Murakkab ijtimoiy tizimlarni samarali boshqarish uchun ushbu tizimlar holatini tavsiflovchi parametrlarni inobatga olmaslik mumkin emas. Bu o'rinda doktorantlarning fan va oliy ta'limdagi kasbiy faoliyatga rag'bati yo'qligi haqidagi fikrlar haqiqiy holatga mos kelmaydi. CHunki O'zbekistonda yosh olimlar ulushi Rossiya Federatsiyasi va MDH mamlakatlaridagidan kam emas.

    Muammo boshqa tarafda — o'rta yoshdagi (40+ yosh) tadqiqotchilar safi kamayib bormoqda. SHu bois, ilm-fan va oliy ta'limni kadrlar bilan ta'minlash sohasida davlat siyosatining vazifasi yoshlarni jalb qilishdan ko'ra, o'rta yoshdagi tadqiqotchilarni saqlab qolish mexanizmlarini izlashdan iborat bo'lishi kerak. Biroq bu vazifa doktorlik institutining funktsional imkoniyatlaridan tashqarida.

    Dissertatsiya kengashlarining faoliyati yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ko'maklashishga qaratilgan. Bugun mamlakatimizda pedagogika fanlari bo'yicha 19 ta kengash mavjud. Ular, asosan, ko'p tarmoqli oliy o'quv yurtlari, jumladan, pedagogika, gumanitar, ijodiy, jismoniy tarbiya yo'nalishlaridagi OTMlarda jamlangan. Faqat ikkitasida texnik oliy o'quv yurtlarida kasb-hunar ta'limi nazariyasi va metodikasi mutaxassisligi bo'yicha bitta kengash faoliyat yuritmoqda.

    Kengashlar sonini ko'paytirib, dissertatsiyalar mavzusining xilma-xil bo'lishi pedagogik ta'limning kasbiy mazmunini loyihalash, kasb-hunar ta'limini fundamentallashtirish, texnika yo'nalishidagi universitetda ikki tomonlama kompetentsiyaga ega mutaxassislar tayyorlash, dasturiy injiniring sohasida mutaxassislarni innovatsion tayyorlashning didaktik tizimi, viloyatlardagi mashinasozlik korxonalari uchun bosqichma-bosqich malaka oshirish uchun ko'p tarmoqli tizimlarni ishga tushirishda ko'maklashadi.

    Neft`-kimyo majmuasini texnologik o'zgartirish sharoitida muhandislik oliy ta'lim muassasasi raqobatbardosh bitiruvchilarini tayyorlashning yana bir varianti ilg'or texnologiyalarni keng ko'lamda joriy etish, yangi ishlab chiqarish quvvatini yaratish, sanoatni raqamlashtirish va tejamkor ishlab chiqarishni joriy etishdan iborat. Bu ishchilar faoliyatining mazmunini o'zgartirishga olib keladi.

    Jumladan, funktsional majburiyatlar kengayadi, yangi vakolatlar paydo bo'ladi va mehnat sharoiti o'zgaradi. Texnologik o'zgarishlarni amalga oshirish uchun malakali kadrlar tayyorlashning samarali mexanizmi uzluksiz o'qitishdir. Maktab o'quvchilarida muhandislik qarashini erta shakllantirishga qaratilgan tayyorgarlik bo'yicha ko'p ishlar qilish mumkin.

    Bu jarayonning asosiy sub'ekti sanoatning uzoq muddatli rivojlanishini belgilovchi va uni amalga oshiruvchi tadbirkorlik jamiyatidir. YAngi ta'lim dasturlari, o'quv fanlarini ishlab chiquvchi, ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining dolzarb mavzularini aniqlaydigan o'qituvchilar, ixtisoslashtirilgan konferentsiya va grant dasturlarida ishtirok etuvchi talabalar yangi g'oyalarni ishlab chiqadi.

    Bo'lg'usi mutaxassislar o'rtasida murakkab texnologik muammolarni hal qilish uchun kompleks muhandislik yondashuvini rivojlantirishda o'quv jarayoniga fanlararo ta'lim dasturlari va modullarini joriy etish yordam beradi. Oliy o'quv yurtiga tanlov asosida qabul qilingan va yuqori o'tish baliga ega 1-kurs talabalari xorijlik professor-o'qituvchilar, universitetning biznes hamkorlari, ekspertlar ishtirokidagi seminar va mahorat darslarida ishtirok etadi. Kimyo sanoati korxonalariga ekskursiyalarda qatnashadi.

    Ishlab chiqarish muammolarini hal qilishga qaratilgan xalqaro konferentsiya, tanlov, hakaton, muhandislik davralari va chempionatlarida qatnashadi. Mazkur mulohazalarni umumlashtirib, muayyan xulosalar chiqarish mumkin. Avvalo, an'anaviy ta'lim tizimi ijodiy fikrlaydigan mutaxassislarni tayyorlashda yuqori salohiyatga ega.

    SHu bois, mamlakatimizda mutaxassislar tafakkurini “umumiydan xususiyga” tizimli ta'lim tamoyili asosida shakllantirish zarurati mavjud.

    Ikkinchidan, sanoat 4.0 tizimi muhandislik, axborot va kognitiv texnologiyalar, loyihalarni boshqarish, matematika, fizika, kimyo, mexanika, materialshunoslik, amaliy matematika, fizik va kimyoviy suyuqliklar dinamikasi, tizim tahlili, modellashtirish sohalarida chuqur bilimga ega mutaxassislar talab qilinadi.

    Uchinchidan, raqamli iqtisodiyot (4.0 industriyasi) maqsad va vazifalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ta'limni fundamentallashtirish, muhandislik ta'limini raqamlashtirishda yuzaga kelgan to'siqlarni bartaraf etish zarur.

    To'rtinchidan, muhandislik faoliyati va ta'limida muhandislik pedagogikasi muhim ahamiyatga ega. SHu bois, uni rivojlantirishga alohida e'tibor va yondashuv talab etiladi.

    Botir USMONOV,

    texnika fanlari doktori, professor