Muhim va tarixiy o‘zgarishlarga yuz tutmoqdamiz

    O‘tgan qisqa davr mobaynida Namangan ahli katta o‘zgarish va islohotlarga guvoh bo‘ldi. Viloyatimizda ishlab chiqarish, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi sohalari keng rivoj topdi, eksport mahsulotlarining turi va hajmi ortdi.

    Ta’lim va sog‘liqni saqlash obyektlari yangi qiyofa kasb etib, moddiy-texnik bazasi boyitildi, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati oshdi.

    Aholining turmush sharoiti yaxshilanib, real daromadlari barqarorlashdi. Ayniqsa, yoshlar va kichik sanoat zonalari soni ortishi tadbirkorlik faoliyati kengayishiga, yangi ish o‘rinlari ochilishiga zamin yaratdi.

    Keyingi yetti yil ichida viloyatda 84 ta kichik va yoshlar sanoat zonasi ishga tushirildi. Hudud iqtisodiyoti 2 barobar, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6 barobar, eksport hajmi 3 barobar oshib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 15,5 million so‘mga yetdi. Kiritilgan 65 trillion so‘mlik investitsiya hisobiga viloyatimizda 600 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

    Albatta, bu ishlar yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli, to‘g‘ri yondashilgan islohotlarning amaliy ko‘rsatkichlaridir.

    Davlatimiz rahbari har gal Namanganga tashrifi davomida mavjud muammolarimiz yechimiga qaratilgan yangi takliflarni ilgari surib, viloyatimiz salohiyatini oshirish uchun imkoniyat eshiklarini ochib beradi. Bu gal eng asosiy masala aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish ekanini ta’kidlar ekan, viloyatimizda tanlab olingan kam daromadli 4 ming xonadon a’zolarining jon boshiga oylik daromadini 2 million so‘mgacha oshirish, yana 4 ming xonadonga moliyaviy, texnik, maslahat va boshqa ko‘rinishdagi amaliy yordam ko‘rsatish, mahallalarda gulchilik, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, uzumchilik, qulupnay va kartoshka yetishtirish salmog‘ini oshirish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi.

    Bugun jahonda energiya manbalaridan oqilona foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari salmog‘ini oshirishga ehtiyoj tobora kuchaymoqda. Shunga monand ravishda yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilishi natijasida quyosh va shamol elektr stansiyalari soni yildan yilga ortib bormoqda. Davlatimiz rahbarining “Odamlarimiz farovon yashashiga sharoit yaratish yangi O‘zbekiston siyosatining asosiy poydevorlaridan biridir. Buning uchun katta-kichik loyihalari o‘z vaqtida ishga tushirish, ularning barqaror faoliyati uchun uzluksiz energiya ta’minoti nihoyatda zarur”, deya ta’kidlashi ham bu masalaning naqadar dolzarbligini ko‘rsatib beradi.

    Bu ishlarni davom ettirish maqsadida Prezidentimiz viloyatimizda 1 ta gidroelektr stansiyalar kaskadi hamda 2 ta quyosh elektr stansiyasi qurilishini boshlash uchun ramziy tugmani bosib berdi. Bu loyihalar qiymati 1,1 milliard dollarni tashkil etib, quvvati 1228 megavattga yetadi. Eng quvonarlisi, Uychi tumanidagi GES to‘liq yurtimizda ishlab chiqarilayotgan uskuna va texnologiyalar hisobiga quriladi. Qisqacha aytsak, davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi, ilgari surgan taklif va tashabbuslari avvalgilari kabi viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga, ishlab chiqarish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga, viloyatimizda energiya ta’minotini barqarorlashtirishga, aholini doimiy ish bilan ta’minlash va daromadlarini oshirish orqali turmush tarzini yanada farovonlashtirishga hamda viloyatimiz ravnaqini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

    Odiljon MAMATKARIMOV,
    fizika-matematika fanlari
    doktori, professor

    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 64-sonida (2024-yil 30-mart) chop etilgan.