Muqaddas zaminda qardoshlar diydori

    O'zbekiston bayrog'i endilikda turkiy tilli davlatlar bayrog'i safida hilpirab turibdi.

    Bu yil O'zbekistonning Turkiya bilan rasmiy diplomatik aloqalari o'rnatilganiga 30 yil to'ldi. Aslida bu ikki davlatning aloqalari minglab yillar davomidagi jarayonlarga borib taqaladi.

    Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'onning 2018-yil O'zbekiston Respublikasiga davlat tashrifida ham madaniy-gumanitar va millatlararo totuvlik eng muhim yo'nalish deb e'tirof etildi. Uning naqadar haqligi butun tashrif davomida o'zaro mehrli munosabatlarda sezilib turdi. “Turkiya va O'zbekiston tarixi buyuk, urf-odat va an'analari mushtarak, eng yaqin do'stlar sifatida tanilgan. Xalqaro maydonda ham, o'zaro aloqalarda ham bir-birini doimo qo'llab-quvvatlaydi. Bugungi muzokaralar ushbu do'stlik rishtalarini yana bir pag'ona yuqoriga olib chiqishiga ishonaman”, — dedi Rejep Tayyip Erdo'g'on.

    Turk — tarixiy shaxs ismi. Mirzo Ulug'bek bobomiz Turkni “mashriqning birinchi hoqoni”, deb bunday tavsiflagan edi: “U (Turk) oqil va boadab bo'lib, hunarmand bo'lgan. O'z qavmi orasida xush rasm-rusmlar, go'zal tartiblar o'rnatgan. Taomga tuz solish, shuningdek, chorva va vahshiy hayvonlar terisidan libos tikib kiyish ham Turk davrida paydo bo'ldi. Turk 240 yil umr ko'rgan”, Darhaqiqat, o'zbek va turk xalqlari ko'p asrlik umumiy tarix, yagona til va din, mushtarak qadriyatlar va o'xshash urf-odatlar bilan bir-biriga chambarchas bog'langan. Sohibqiron Amir Temurning “Biz kim maliki Turon Amiri Turkiston, millatlarning eng ulug'i Turkning bosh bo'g'inimiz”, degan so'zlari turk va o'zbeklar tarixi birligining oliy hujjati bo'lib xizmat qiladi.

    Agar bir qavm, gar yuz, yo'qsa mingdir,

    Muayyan turk ulusi xud meningdir.

    Olibmen taxti farmonimg'a oson,

    Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.

    Xuroson demakim, Sherozu Tabrez ...

    Jahon xaritasida ushbu baytlarda qamralgan hududlarni tasavvur etsak, Xitoydan Tabrizgacha yashagan yuzlab xalqlar — jami turk ulusi Alisher Navoiyning ilhomidan bahra olgani ma'lum bo'ladi.

    Prezident Rejep Erdo'g'an Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Turkiyadagi ofisida faqat O'zbekiston bayrog'i etishmayotgani haqida aytgan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan O'zbekiston bayrog'i endilikda turkiy tilli davlatlar bayrog'i safida hilpirab turibdi.

    Mana shunday bir-birini qo'llab kelgan xalqning aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Shu kunlarda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'lib turibdi. Ikki Davlat Rahbarlarining samimiy uchrashuvlari, muloqotlarida quyidagi umuminsoniy, umumbashariy qolaversa millatlararo touvlikning yuksak nishonasi yangramoqda.

    “...Sizlar bilan O'zbekiston zaminida yana bir bor ko'rishib turganimdan minnatdorman. Sizlarning timsolingizda qardosh turkiya xalqiga chuqur hurmatimni izhor etaman. Ota yurtingizga xush kelibsiz!...” shuningdek, ikki mamlakat xalqlarining farovonligi yo'lida “... Biz bundan 5 yil muqaddam qardoshim bilan ish boshlaganimiz-da, o'zaro savdomizni 5 milliard dollorlik marraga olib chiqish bo'yicha ulug'vor reja tuzgan edik. Bugun imzolanadigan “Imtiyozli savdo to'g'risidagi bitim” bu intilishlarimizga katta yo'l ochadi...”, — dedi o'zbekona mehmondo'stlik, totuv yashashda har bir xalqqa ibrat bo'lgudek tarixga ega YUrt Rahbari Shavkat Mirziyoyev.

    Turkiya Prezidenti Rejep Erdo'g'an “... Bugun yana bir bor o'z qardoshlarimiz, ko'ngil do'stlarimizning davrasidamiz. 4 yildan so'ng Ota yurtizga yana bir bora tashrif buyurish baxtiga muyassar bo'ldik...” yoki “Men qimmatli qardoshim, hurmatli Prezident Mirziyoyevning “Yangi O'zbekiston” shiori ostida 6 yildan buyon qat'iylik bilan amalga oshirib kelayotgan islohotlarini biz judayam yuqori baholaymiz”, – degan yuksak e'tiborlik nutqidagi so'zlari, munosabatlari tub zamini bir bo'lgan xalqlarning o'rtasidagi aloqlarni yanada mustahkamlaydi.

    Ma'lumot o'rnida shuni ta'kidlash joizki, Turkiya Respublikasi Osiyo va Yevropa qit'alari kesishgan nuqtada joylashgan mamlakat bo'lib, ma'muriy hududiy tuzilishiga ko'ra unitar davlat, boshqaruv shakliga ko'ra esa prezident-parlament tipidagi aralash respublika hisoblanadi. Konstitutsiyaga muvofiq Turkiya Respublikasi demokratik, dunyoviy va sotsial-huquqiy davlat bo'lsa-da, aholisining deyarli 95 foizini islom diniga e'tiqod qiluvchilar tashkil qilganligi bois, bu erda islom diniga nisbatan hurmat yuqori ekanligini ko'rishimiz mumkin.

    Turkiya hududi rasman il deb yuritiladigan 81 ta viloyatga ajratilgan bo'lib, har bir il o'z navbatida tumanlarga ajraladi. Hozirda bu mamlakatda 923 ta tuman mavjud. Turkiya ancha rivojlangan mamlakat bo'lib, o'zining iqtisodiy qudratiga ko'ra, u dunyoda kuchli 20 talik guruhiga kiruvchi davlatlardan biridir. Bundan atigi yarim asr oldin ancha qoloq agrar davlat hisoblangan Turkiya hozirgi kunga kelib, tobora industriallashib borayotgan davlatga aylandi. To'qimachilik, ko'nchilik, oziq-ovqat, kimyo, farmatsevtika sohalari, energetika, metallurgiya, kemasozlik, avtomobilsozlik va elektr maishiy tovarlar ishlab chiqarish keng rivojlangan. Ayniqsa, turizm dinamik tarzda rivojlanayotgan tarmoq hisoblanadi.

    O'zbek va turk millati vakillarining azaliy mental o'xshashlik tomoni doim mehnatsevar, tinchlikparvar, imon-insofli bo'lgan va barcha xalqlarni shu umuminsoniy fazilatga chorlab kelgan. Buni ikki mamlakatda bo'lgan har bir inson biladi. Ya'ni Turkiyada ham, O'zbekistonda ham ko'p millatlilikni “muammo” emas, balki yutuq deb bilishadi va har bir millat va elat vakilini o'z diniy marosimlari, e'tiqod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratib berishga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilgan. O'xshashi yo'q, necha minglab yillar tarixni o'zida mujassam etgan bir so'z bilan aytganda Sharqu G'arbning “nodir gavhari”, “ochiq osmon ostidagi muzey” bo'lgan ikki: o'zbek va turk diyori har bir millat vakillarining hargal sog'inch bilan intiladigan kerak bo'lsa, doimiy yashab qolish orzularidagi mamlakatlar hisoblanadi desa, mubolag'a bo'lmaydi.

    Mamlakatimiz bugungi kunda Turkiyaning Markaziy Osiyodagi eng asosiy sheriklaridan biri hisoblanadi. O'zbekistonning ulkan bozori, tobora liberallashib borayotgan iqtisodiyoti, qulay investitsiyaviy muhiti, tarixiy shaharlari, muqaddas diniy qadamjolari Turkiyada katta qiziqish uyg'otmoqda. Demak, hamkorlikni mustahkamlashdan har ikki tomon ham manfaatdor bo'lib, bu esa o'zaro munosabatlarning istiqboli porloq ekanligidan dalolat beradi.

    Azizbek OMONOV,

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

    Besh tashabbus markazi koordinatori,

    sotsiologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD)