Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov festivalning ochilish marosimidagi tabrik soʻzida tadbirdan koʻzlangan maqsad jahonga yurtimizning gulchilik anʼanalarini, qolaversa, Namangan viloyati shahar va tumanlarining turizm salohiyatini oshirish, investitsiyaviy jozibadorligini chuqur targʻib etish ekanini taʼkidladi.
22-maydan 5-iyungacha
Oʻzbekiston mustaqilligining 31 yilligiga bagʻishlab 61-marotaba tashkil etilgan anʼanaviy Xalqaro gullar festivali koʻtarinki ruhda va yuksak darajada oʻtkazildi. Betakror gul kompozitsiyalari bilan toʻlgan oʻn olti gektar bogʻ ikki hafta mobaynida gul shaydolari bilan tunu kun gavjum boʻldi.
Davlatimiz rahbari taklif va tashabbusi bilan bayram koʻlami, mazmundorligi nihoyatda kengaydi, yanada sayqallandi. Chappar urgan gul-chechaklarni oʻstirgan, gulsavatu gulchiroqlarni pardozlagan, gʻoyalarga boy hamyurtlarimizning topqirligi gul sayli qatnashchilarining eʼtirofu olqishiga sazovor boʻldi. Oʻzbekiston milliy simfonik orkestrining “Ochiq osmon ostida” deb nomlangan konsert dasturi, Rus milliy drama teatri spektakllari, “Fargʻona vodiysi modalar haftaligi kunlari” gul bayramining maroqli va mazmunli oʻtishini taʼminladi.
Qayga borsang, yogʻar gul
“Men goʻzallarning emas, goʻzallikning, goʻzallik yaratuvchilarining maftuniman”, degan edi donishmandlardan biri. Gul ham tirik jon. Unga mehringizni, qalb qoʻringizni bersangiz, yayrab-yashnaydi. Shoirona aytganda, bunda har gul mehrga payvand. Gullarni tomosha qilib, bahru dilingiz ochiladi, koʻnglingizdagi charchoqlar, gʻuborlar ariganini sezmay qolasiz. Sanʼatni kasb etib, mahorat bilan gul yetishtirish, gul yaratish ishqida yongan, tushida ham gul koʻruvchi bu nafosat egalarining qalbi yorugʻ, qoʻligul. Gullar vositasida 200 xil badiiy kompozitsiya yaratilgan, jami 20 million tupdan ortiq tabiiy gul koʻchati ekilgan, festivalning qaynoq nuqtasi — Bobur bogʻi hayrat manziliga aylangan.
Ochiq osmon ostidagi muzey bunyodkorlarining jonbozligi tufayli bogʻ yanada koʻrkam qiyofa kasb etdi. Festivalda shahar va tumanlar oʻz koʻrgazmalari bilan qatnashdi. Boshingizga gul yogʻiladi, poyingizga gul sochiladi, qoʻlingizga gul, bayram ramzi tushirilgan bayroqlar tutqazishadi. Musiqiy dasturlar hayajonni oshiradi. Lobar ayollar, jamalaksoch qizchalar guldan libos kiygan. Ovozasi yetti iqlimga taralgan gullar festivali qatnashchilari esa, olam-olam taassurot ogʻushida.
Guldan yaratilgan yozuvlar, xususan, davlatimiz va viloyat xaritalari hech kimni befarq qoldirmaydi. Eh-he, barini sanaguncha oʻzingiz ham gulga aylanasiz. Ruhiyatingiz ham gullay boshlaydi. Gullar xiyoboni xayolingizni band etadi. Gul terapiyasi, gul bilan davolash, uning ruhiyatga ijobiy taʼsiri toʻgʻrisida esa eshitgansiz, albatta.
Bayram kunlari mahalliy hamda xorijiy, mohir va havaskor gulchilar uchun alohida pavilyonlar tashkil etildi, gul ixlosmandlariga qulaylik yaratish uchun boqqa yondosh rastalarda gul savdosi avjiga chiqdi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan, nafaqadagi yolgʻiz keksa otaxon va onaxonlarning xonadonlariga borilib, gul sovgʻa qilish aksiyasi uyushtirildi.
Gul bayrami tarixi
1961-yil 19-avgust. Bu Namanganda birinchi marta gul bayrami tashkil etilgan kun. Xiyobon va gulzorlarga 3-4 turdagi gullar ekib, parvarishlagan dastlabki gulchilar Toʻqmullaboy qori, Nuriddin hoji va Abduxalil aka edi. Soʻngra ular safiga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan gulchi-agronom Abduqahhor Jalilov qoʻshildi. A.Jalilov shu yili gulchilik solnomasida jonli gullardan chaqiriqlar, gilamnusxa bezakli yozuvlar, kun va oylar nomini tayyorlab, bogʻda namoyish qilgan shaxs sifatida muhrlangan. Shuningdek, Abduqodir Nasriddinov, Eshondada Alixonov, Qozoqjon Jalilov, Nuriddin Hamdamov, Yoʻldoshboy Rahimov kabi zahmatkash gulchi-bogʻbonlarning nomlari katta hurmat-ehtirom bilan tilga olinadi.
XIX asrda ushbu xiyobon oʻrnida “Gulzor” nomli mahalla boʻlgan. U yerda aholi gul yetishtirish, gulli ichimliklar, nektarlar, gullardan turli shirinlik va ziravorlar, asal olish bilan shugʻullangan. Baʼzi gul turlari barglaridan va ildizlaridan shifobaxsh damlamalar tayyorlangan. Namanganlik tarixchi va jamiyatshunos Yusufjon Ismoilovning “Namangan faxri” kitobida yozilishicha, hozirgi Bobur bogʻiga birinchi marta 1933-yili gul koʻchatlari oʻtqazilgan. Manzarali daraxtlar ekila boshlanganiga esa 135-yil toʻldi.
Bundan tashqari, 1960-1970-yillarda shahardagi koʻplab koʻchalarning oʻrtasi yoki ikki chetida gulxonalar tashkil etish boshlandi. 60-yillari hatto atirgul bayrami ham uyushtirilgan va keyinroq bu gul bayrami bilan birga oʻtkaziladigan boʻldi. Shunday qilib, bu ajoyib tadbir koʻpchilikni oʻziga maftun etgani uchun har yili tashkillashtirish anʼanaga aylanib qoldi.
Toʻrt tarafga ovoza shahar
Namanganning oʻziga xos brendiga aylanib ulgurgan gullar festivali Prezidentimiz tashabbus va tavsiyasi, gulchilikni rivojlantirish yoʻlida qabul qilgan qaror va farmoni bilan yuqori pogʻonaga koʻtarildi. 2018-yilda xalqaro maqomga ega boʻlib, tubdan oʻzgardi. Darhaqiqat, gulchilik Namanganda oʻnlab sulolalar orqali avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan qadriyat.
— Har bir kishi oʻrtacha ikkitadan gul xarid qilganini hisoblasak, bu bayramning ifori millionlab xonadonga kirib borganini anglaymiz, — deydi Namangan shahri hokimi Gʻofirjon Jamolov. — Bayramga mahalliy va xorijiy OAVdan 100 dan ortiq jurnalist va bloger keldi. Ular qatorida BBC, Reuters, TRT, Fars news, “Turkel”, “Sinxua” va “Sputnik” kabi yetakchi agentlik, telekanal va nashrlar vakillari bor.
Tadbir doirasida Namangan va Bishkek shaharlari oʻrtasida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish sohasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Qardosh shaharga 500 ming gul sovgʻa qilinadi. Gullarni Qirgʻiziston poytaxtiga yurtimizdan boradigan 100 nafar landshaftchi ekadi. Tojikistonlik bir guruh baynalmilalchi jangchilar ham fusunkor gullar festivaliga guvoh boʻldi.
— Chindan ham Oʻzbekiston ajoyib oʻlka, menga yoqib qoldi. Ayniqsa, Namangan va uning gullar festivali, — deydi turkiyalik Ufuk Goksu. — Turkiyada ham xalqaro gullar bayrami bor, lekin bizda faqat bolalar uchun boʻladi. Shahringiz masjid-madrasalari diqqatimni oʻziga tortdi. Mehmonnavozlik ham yaxshi ekan. Turkiyalik ekanimni aytsam, “Ooo, qardosh!” deb hurmat koʻrsatishdi. Men shunday samimiylikni sogʻingandim. Xudo xohlasa,
Namanganga, gullar festivaliga keyingi yil yana kelaman.
— Odamning tabiati oʻzi gulday. Shu bois, gulga oshufta boʻladi, koʻngil gul istaydi, — deydi Qirgʻizistonning Oʻsh shahridan kelgan sayyoh Otaqul Jalilov. — Tili, dini, qarashlari mushtarak oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining uzoq yillar kutgan orzulari amalga oshib, chegaralar ochilgani biz uchun ayni muddao boʻldi. Sayyohlik firmasi orqali 700 kishidan iborat delegatsiya tarkibida Xalqaro gullar festivalini koʻrgani keldik. Sayllarni kuzatish asnosida Namangan viloyati infratuzilmasi, madaniyati, urf-odatlari, madaniy merosi bilan ham yaqindan tanishdik.
Ozarbayjon Respublikasining “Turkel-media” xoldingi bosh muharriri Ramz Abbos oʻgʻlining fikrlari bilan ham qiziqdik:
— Namanganda ikkinchi marta boʻlishim. Ham sayyoh, ham jurnalist sifatida sayllarga, ijobiy oʻzgarishlarga bevosita guvoh boʻlib boryapmiz. Bu bayram millatlar va xalqlarni oʻzaro yaqinlashtiradi, doʻstlik koʻprigini mustahkamlashga xizmat qiladi.
— Namangan gullar festivaliga taklif qilinganimizdan behad xursandmiz, — deydi Pokistonning Fasilobod shahridan kelgan Akib Nosir. — Bir-biridan aʼlo gullarga boqib, ochigʻi, lolmiz. Gullarga oʻralgan avtokarvonni endi koʻrishim. Oʻzbekistonni butun dunyoga boʻy-basti bilan tanitadigan shunday yirik miqyosdagi, “turizm magniti” sanalgan bayramlarning koʻproq oʻtkazilishi tarafdorimiz.
Qaysi gulning shuhrati yuqori?
5-iyun. Namangan shahridagi zamonaviy “Afsonalar vodiysi” tematik bogʻiga fayzli oqshom choʻkdi. Festival oʻz ishini yakunladi.
— Bu yilgi festivalga dunyoning 30 davlatidan mehmonlar tashrifi kuzatildi, — deydi viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov. — Ular ichida Amerika, Yevropa, Sharqiy Osiyo va MDH davlatlari vakillarini koʻrish mumkin. Birgina qoʻshni Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻistondan har kuni yuzlab mehmon qarshi olindi. Jami tashriflar soni kutilganidan ziyoda boʻldi. Bunday koʻlamdor festival dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda. Bu esa, kundan-kunga ravnaq topayotgan yangi Oʻzbekiston, qolaversa, yangilanayotgan Namanganda xalqimiz baxt-saodati, farovon turmushini taʼminlash yoʻlidagi izchil islohotlar samarasi sifatida baholanmoqda. Eng ulugʻ, eng aziz ayyom — istiqlolimizning 31 yillik toʻyi arafasidamiz. Xalqaro gullar festivali ushbu qutlugʻ sanaga namanganliklarning tuhfasi boʻldi. Zero, Sharq donishmandlari hikmatlarida aytilganidek, poklik va goʻzallik ramzi boʻlgan gullar har qanday bayramning bebaho nishonasidir.
Tadbir soʻnggida turli nominatsiyalar boʻyicha gʻolib va sovrindorlar nomi eʼlon qilindi. “Qadimiy gulchi sulola davomchisi” — Hakimjon Pattoyev 20 million soʻm, “Eng yaxshi gul” — Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi 15 million, “Eng yaxshi gulchilik maktabi gulchisi” — Qobiljon Moʻydinov 15 million, “Eng koʻp gul yetishtirgan sulola” — Nuriddinovlar sulolasi 10 million, “Gullar festivali avtokarvondagi kun qahramoni” — Bahromjon Sharifjonov 10 million soʻm bilan taqdirlandi.
“Gullar festivalini tashkil etishdagi xizmatlari uchun” Namangan viloyati hokimi oʻrinbosari Saidahmad Sultonov, Namangan shahri hokimligi hamda Namangan shahri obodonlashtirish boshqarmasi va “Gullar festivalini OAV orqali yoritishdagi hissasi uchun” “Oʻzbekiston-24” telekanali viloyat muxbiri Oʻgʻiloy Boltaboyeva mukofotlandi.
Festivalning oliy oʻrin sohiblari “Jentra” avtomashinalari bilan taqdirlandi: “Hokimliklar oʻrtasida eng yaxshi landshaft dizayn” — Uchqoʻrgʻon tumani hokimligi, “Boshqarma va tashkilotlar oʻrtasida eng yaxshi landshaft dizayn” — Markaziy bank Namangan viloyati bosh boshqarmasi, “Gullar festivali avtokarvonida eng yaxshi bezatilgan avtomobil” — Namangan viloyati hokimligi, “Eng yaxshi dizayner gulchi” — Javlonbek Musayev.
Avtomobillar kalitini gʻoliblarga Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov topshirdi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Rayhon Gʻaniyeva, Alisher Fayz, estrada xonandalari Hamdam Sobirov, Oybek va Nigora ijrosidagi dilrabo kuy-qoʻshiqlar barchani raqsga chorladi. Isteʼdodli yosh xonandalar Komron Mamadaliyev va Shahnoza Yoqubjonova gul bayrami madhiyasini baland pardalarda kuyladi. Namangan osmonida porlagan mushakbozlik 61-Xalqaro gullar festivaliga rasman yakun yasadi.
“Namangan Flowers — 2022” xalqaro festivali keng koʻlamda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosini taʼminlashga qaratilgan ezgu saʼy-harakatlar zamirida rivojlanib boraveradi.
Orifjon Joʻrayev,
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri