1-dekabrdan boshlab Namangan viloyatidagi toʻrtta hududda aholidan maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati mamlakatda ilk bor xususiy korxona tomonidan amalga oshirila boshladi.
Viloyat hokimligi, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda “Namangan musaffo iqlim” MCHJ oʻrtasida tuzilgan davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida mazkur jamiyat Namangan shahri, Toʻraqoʻrgʻon, Mingbuloq va Namangan tumanlarida ushbu xizmatlarni koʻrsatish huquqini qoʻlga kiritdi.
Korxonaga davlat tomonidan 74 ta maxsus avtotransport vositasi 7 yil muddatga boʻlib toʻlash sharti bilan, 2 ta chiqindilarni joylashtirish poligoni maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlashga investitsiya kiritish sharti bilan 10 yil muddatga, 36 ta maishiy chiqindilarni qabul qilish shoxobchasi va 206 ta chiqindi konteyneri 10 yil muddatga begʻaraz foydalanish uchun taqdim etildi.
“Oʻzbekistonda 2011-yilda shu sohada ish boshlagan ilk tadbirkorlik subyekti boʻlsak kerak. Endi Namangan viloyatidagi toʻrtta hududda aholidan maishiy chiqindilarni olib ketishga kirishdik. Biz sohaga 7,8 million dollar investitsiya kiritib, Xitoydan 80 ta chiqindi tashuvchi texnika olib kelamiz. 4 ta chiqindilarni saralash va qayta ishlash uskunasi, 50 ta maishiy chiqindilarni toʻplash shoxobchasi va 150 ta chiqindi konteyneri, shuningdek, 3 ta chiqindini qayta yuklash stansiyasini qurib bitkazamiz”, — deydi jamiyat direktori Faxriddin Ibragimov.
Hozir viloyatning Chust va Kosonsoy tumanlarida ham tadbirkorlar shu paytgacha “Toza hudud” davlat korxonasi tomonidan amalga oshirib kelingan xizmatlarni oʻz zimmasiga olishga qiziqish bildiryapti.
Maʼlum boʻlishicha, bugungi kunga kelib aholining chiqindilarni tashib ketish xizmatidan boʻlgan qarzi 21 milliard soʻmni tashkil etadi. Qarzdorlikni bartaraf etish, hududni toza saqlash ishlarini yana-da jadallashtirish maqsadida “Namangan musaffo iqlim” MCHJ qoʻshimcha ravishda nazoratchi vazifasiga 60 nafar talabgorni ishga qabul qilishga tayyorligi bildirdi.
Maʼlumot uchun, Namanganda mazkur bitimlarni amalga oshirish natijasida aholini maishiy chiqindilarni tashish xizmati bilan 100 foiz qamrab olish, chiqindilarni qayta ishlash darajasini esa hozirgi 13 foizdan kelgusi yili 38 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan. Bu haqda Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar beradi.