Namanganning yuksalayotgan turizm salohiyati iqtisodiyot rivojida ham muhim oʻrinni egallaydi

    Suhbat 12 Fevral 2021 7594

    Turizm. Bu soʻz bugun butun dunyo ahlini oʻziga ohanrabodek jalb etmoqda. Chunki turizm sohasi mamlakatlar iqtisodiyotida alohida oʻrin tuta boshladi. Jumladan, keyingi yillarda yurtimizda ham bu yoʻnalishda katta qadamlar tashlandi, turizm salohiyatini oshirish yuzasidan bir qator qonun hujjatlari qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi. Natijada respublikamizning har bir hududida turizmni rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalar, imkoniyatlar boʻy koʻrsatdi.

    Suhbatdoshimiz – Namangan viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Ayubxon Babamirzayev. Muxbirimiz uning oʻtgan yil davomida viloyatda turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar va galdagi rejalar xususidagi fikrlarini yozib oldi.

    - Ayubxon Mamadaliyevich, suhbatimiz avvalida viloyatdagi mavjud turizm obyektlari haqida maʼlumot berib oʻtsangiz.

    - Viloyatda mavjud turizm obyektlari soni 301 tani tashkil etadi. 24 ta ziyoratgoh, 242 ta madaniy meros obyekti, 152 ta arxeologiya yodgorligi, 98 ta arxitektura yodgorligi, 22 ta istirohat bogʻlari shular jumlasidan.

    Bugungi kunda viloyatda 28 ta tur operator, 4 ta direksiya, 25 ta mehmonxona va 48 ta mehmon uyi (2013 oʻrin), jami 78 ta joylashtirish vositasi, 40 ta mikroavtobus, 6 ta gid-tarjimon mahalliy va xorijiy fuqarolarga sayyohlik xizmatlari tashkil qilingan. Sohada 1900 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. 2020-yil davomida xorijiy va mahalliy turistlar uchun 5 ta turizm axborot markazi, 70 ta namunaviy sanitariya-gigiyena shoxobchasi, 40 ta turistik obyektiga olib boruvchi yoʻl koʻrsatgich belgilari va 80 ta turizm obyektida Wi-Fi hududlari tashkil qilindi.

    - 2020-yil mamlakatimiz ham karantin sharoitiga hayot kechirdi. Biroq shunday boʻlsa-da, viloyatga xorijlik sayyohlar tashrifi kuzatildi, shundaymi?

    Albatta, oʻtgan yilning yanvar-noyabr oylari davomida viloyatimizga jami 34091 nafar (shundan 4052 nafari xorijiy, 30039 nafari mahalliy) sayyoh tashrif buyurdi. Boshqacha aytganda, 2020-yilda turizm xizmatlar eksporti hajmi 5,4 mln AQSH dollarini tashkil etdi.

    Oʻtgan yili bir qator madaniy meros obyektlari taʼmirlangani va rekonstruksiya qilinganidan xabarimiz bor. Shu haqdagi aniq maʼlumotlar bilan ham boʻlishsangiz.

    Oʻtgan yili respublika turizm marshrutiga kiritish maqsadida viloyatdagi 25 ta madaniy meros obyektini taʼmirlash uchun taklif berilgan edi. Natijada Chortoq tumanidagi “Sulton Uvays Qaroniy” ziyoratgohi, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Axsikent ochiq osmon muzeyi”, Chust tumanidagi “Bibiona” ziyoratgohi, Pop tumanidagi “Hazrati Bob” ziyoratgohida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, bu maqsad uchun byudjet mablagʻlari hisobidan 26,8 mlrd.soʻm sarflandi.

    Shu bilan birgalikda, homiylik va byudjet mablagʻlari hisobidan Namangan shahrida joylashgan “Oʻn bir Ahmad” va “Qodirxoʻja eshon uyi”, Uychi tumanidagi “Devona buva”, Chust tumanidagi “Buonamozor” va “Ayritom bobo”, Namangan tumanidagi “Xilvatxona” ziyoratgohlarida rekonstruksiya va restavratsiya-tiklash ishlari amalga oshirildi. Bu obyektlarning ayrimlarida taʼmirlash ishlari davom etayapti.

    Shuningdek, joriy yilda 16 ta madaniy meros obyektining infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha loyihalar ishlab chiqilgan. Madaniyat vazirligi madaniy meros departamenti va Namangan davlat universiteti bilan hamkorlikda “Axsikent” va “Munchoqtepa”(Qadimgi Pop) arxeologik yodgorligini umumjahon YUNESKO roʻyxatiga kiritish uchun nomzodnoma tayyorlanmoqda.

    Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida respublika miqyosida boshqa viloyat hokimliklari bilan turizm sohasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

    Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, viloyat hududining oʻziga xosligidan kelib chiqib, ekoturizm (togʻli hudud va daryo buyi turistik obyektlari), agroturizm (baliqchilik klasterlari, mevali bogʻlar, yilqichilik), gastronomik turizm (Chust osh markazi, mega palov), ziyorat turizmi, ekstremal turizm, etnoturizm, tibbiyot turizmi yoʻnalishlarini rivojlantirish imkoniyatlari mavjud.

    -Shunday ekan, joriy yilda qanday vazifalar amalga oshirilishi nazarda tutilyapti?

    - Viloyatida 2021-2022-yillarda mahalliy va xorijiy tashabbuskorlar tomonidan jami qiymati 2,0 trln. soʻm miqdoridagi 43 ta istiqbolli investitsiya loyihasi amalga oshirilishi hamda 1493 ta yangi ish oʻrni yaratilishi boʻyicha manzilli roʻyxat shakllantirilgan.

    Pop tumanining Chodak, Yangiqoʻrgʻon tumanining Nanay, Chust tumanining Gʻova hamda Kosonsoy tumanining Olmazor mahallalarida 4 ta turizm qishloqlari va ularda 500 ta oilaviy mehmon uylarini tashkil qilish natijasida 1000 dan ortiq aholi ish bilan taʼminlanishi nazarda tutilgan.

    Joriy yilda sayyohlarni yana-da koʻproq jalb etish maqsadida 10 dan ortiq tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Xususan, “Non festivali” bayrami doirasida yurtimizda ilk bora barcha non turlari tayyorlanib, xorijiy va maxalliy turistlarga havola qilinadi. Shuningdek, Navroʻz umumxalq bayrami doirasida 7 tonnalik sumalak tayyorlanadi, Namangan shahrida may oyida 60-yubiley “Gullar festivali”ni oʻtkaziladi va mazkur tadbirda chet ellik gulchilar hamda sayyohlar ishtirok etishi kutilmoqda.

    Gastronomik turizmni yana-da rivojlantirish maqsadida Namangan shahrining markazida (“Afsonalar vodiysi” bogʻida) “Taste of Uzbekistan” gastronomik festivalini, Chust tumanida “Osh festivali”ni, Xalqaro velosiped kuniga bagʻishlab “Tungi velosayr”tadbirini tashkil etish rejalari ham bor.

    - Mamlakatda ichki turizmni qayta tiklab olish, turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash hamda ish oʻrinlarini saqlab qolish maqsadida qanday chora-tadbirlar amalga oshiriladi?

    Ayni shu maqsadda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar jamoalari, korxona va tashkilotlar mehnat jamoalarining viloyat hududi va viloyatlararo sayohatlarini tashkil etish reja-jadvallari tasdiqlandi.

    Bunda 13 ming nafar “Temir daftar”ga kiritilgan ayollarning viloyat ichida hamda 332 ming nafar sayyohlarning boshqa hududlardan viloyatga tashrifi tashkillashtiriladi.

    Shu bilan birga, Pop ixtisoslashgan oʻrmon xoʻjaligining Guliston boʻlimi Chodak qishlogʻi hamda Kosonsoy tumani Olmazor MFYda joylashgan togʻli hududlarda qoya toshlarga chiqish, shuningdek, moto va avtokross poygalarini tashkil etishdan iborat xavfsiz ekstremal turizm turlarini rivojlantirish imkoniyatlari oʻrganilib, tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish maqsadi 2021-2026-yillar davomida yana viloyatdagi 23 ta ziyorat obyektlarida rekonstruksiya, taʼmirlash, infratuzilmani rivojlantirish loyihalari amalga oshiriladi.

    Bir soʻz bilan aytganda, viloyatning turizm salohiyatini oshirish, sohada yangi loyihalarni amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida 2021-2023-yillar uchun dastur ishlab chiqildi. Mazkur dasturga 167 ta loyiha kiritilgan boʻlib, bularning barchasi turizm sohasida xizmatlar hajmini va sifatini oshirish, yalpi hududiy mahsulotdagi turizmning ulushini koʻpaytirishga xizmat qiladi.

    -Sohada amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va ularning amalga oshirish mexanizmlari, kiritilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi haqida ham maʼlumot bera olasizmi?

    -Yirik loyihalardan biri - “Pop Turizm” majmuasi boʻlib, Pop tumanida togʻ etagida 54 gektar maydonda joylashadi. Loyiha umumiy qiymati 2,5 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Bu 2,1 mln. AQSH dollari toʻliq xorijiy investitsiya mablagʻlari, 0,4 mln. AQSH dollari bank krediti boʻlgan turizm majmuasi loyihasi hisoblanadi. Ushbu loyiha “Apart Hotel Cosmos”MCHJ tomonidan Rossiya Federatsiyasining “Stroy Lider”MCHJ firmalari bilan xamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 200 oʻrinli 3 yulduz toifadagi mehmonxona, 205 oʻrinli oʻtov tipidagi dam olish maskani, 3 km. uzunlikdagi yoʻlovchi tashuvchi dor yoʻli, ovqatlanish shahobchalari, suzish xavzasi, bolalar maydonchalari, kichik amfiteatr va sogʻlomlashtirish markazlari bunyod etiladi. Majmua 2021-yilning sentyabr oyigacha qurilib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

    Yana bir yirik loyiha - “Namangan square” majmuasi. Bunda Namangan shahrida “NAMANGAN PREMIUM INVESTMENT”MCHJ tomonidan 1500 ta turar-joy komplekslari (uy va villalar), 2 ta pentxauz, egizak minoralar, mehmonxonalar, Spa va sogʻlomlashtirish maskanlari, sport zal, uy kinoteatri, futzal, golf, basketbol va gandbol maydonlari, stol tennis, basseynlar va yashil orollar, biznes-markaz, konferensiya zali, savdo doʻkonlari, kafelar, restoran va savdo markazlari, 3 ta bolalar bogʻchasi, shifoxona, amfiteatr, favvoralar, koʻllar, piyoda yurish yoʻlakchalari qurilib, ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 50 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha 2024-yilda qurilib foydalanishga topshiriladi.

    “Namangan Outstanding Square” majmuasi esa “NAMANGAN QIANGXING INVESTMENT” MCHJ tomonidan 6,9 gektarer maydonida 70,0 mln. dollarlik “Namangan Outstanding Square” majmuasini tashkil etish loyihasi ishga tushirilishi natijasida yiliga 70-80 mlrd. soʻmlik xizmatlar tashkil etiladi. Loyihaning umumiy qiymati 70 mln. AQSH dollari. Loyiha 2023-yilda qurilib foydalanishga topshiriladi.

    “Afsonlar vodiysi” esa viloyatning turizm “magniti” hisoblanadi. Umumiy qiymati 618,0 mlrd. soʻmlik 155 gektar maydonni egallagan majmuada ayni paytda 113 ta tadbirkorlik subyektlari tomonidan 16 turdagi attraksionli tematik park, 2400 oʻrinli amfiteatr, 7 xil suv attraksionlari va 16 ta basseynli akvapark, 2 ta zamonaviy sharshara va musiqali favvora, 3 ta restoran, 1800 oʻrinli 2 ta avtoturargoh tashkil etilgan. 2022-yil mart oyiga qadar milliy hunarmandlar markazi, masjid, 400 oʻrinli mehmonxona, 110 ta villani ishga tushirish rejalashtirilgan. Bogʻ toʻliq foydalanishga topshirilsa, yiliga 600 ming nafar sayyohlar va mahalliy aholiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.

    -Suhbatimiz soʻnggida shunday savol bilan murojaat etmoqchiman: siz viloyat turizmini rivojlantirishdagi “oʻsish nuqtalari”ni siz qanday belgilagan boʻlar edingiz?

    - Nazarimda, Chust tumanini turizm markaziga aylantirish mumkin. Bunda “Mavlono Lutfiy” istirohat bogʻida xorijiy va mahalliy aholining turli bosh kiyimlarini oʻzida jamlagan “Doʻppi muzeyi” tashkil qilish va Chust doʻppilarining savdosini yoʻlga qoʻyish, “Bibi ona” ziyoratgohi hamda “Varzik” mahallasidagi “Teshiktosh” va kuzatuv maydoniga ega qoyatoshlarga turlar tashkil qilish, doʻppidoʻzlar va pichoqchi ustalar mahallalarini tumanning tashrif qogʻozi sifatida foydalanish, Chust tumanining doʻppidoʻzlik maktabi sanʼatini YUNESKOning nomoddiy madaniy meroslar obyektlar roʻyxatiga kiritish boʻyicha taklif kiritish bu rejani amalga oshirish mexanizmlari boʻlishi, shuboʻasiz.

    Shuningdek, “Afsonalar vodiysi” bogʻini viloyatning “chorlovchi nuqtasi” sifatida foydalanish orqali, viloyatga tashrif buyurgan mehmonlarni hudud boʻylab sayohatlarga jalb etish kerak. Ushbu maskan boʻyicha keng targʻibot ishlarini olib borish hamda turli infoturlar tashkil qilish, viloyatda faoliyat yuritayotgan turoperatorlarni bir joyda jamlash orqali bogʻ hududida “Visitor centre” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, “Visitor centre”da turli yoʻnalishlarda ishlab chiqilgan turpaketlarni tashrif buyuruvchilarga sotish choralarini koʻrish kerak. Mehmonlar uchun transport xizmatlari va gid-ekskursovodlar faoliyatlari yoʻlga qoʻyiladi.

    Qolaversa, tesktil korxonalarning mavjud salohiyatlaridan foydalangan holda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida “Shopping” turizmini yoʻlga qoʻyish lozim. Bunda tekstil korxonalarida mavsumdan chiqqan mahsulotlarni omborda toʻplanib qolinishining oldini olish maqsadida mahsulotlarga turli chegirmalar joriy qilish va respublika boʻylab oldindan targʻib qilish, boshqa viloyatlarning markaziy koʻchalaridan toʻgʻridan-toʻgʻri Namanganga keluvchi avtotransport vositalari faoliyatini (tekstil korxonasi hisobidan yoki maʼlum bir qismi mahalliy hokimlik tomonidan qoplab beriladi) yoʻlga qoʻyish, toʻy marosimlari uchun kelin va kuyov sarpolarini Namangan viloyatidan xarid qilishga chorlash boʻyicha targʻibot qilish kutilgan samarani beradi.

    -Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Zavqli va mashaqqatli faoliyatingizda hamisha omad yor boʻlsin!

    Sanjarbek HAMIDOV suhbatlashdi.