NamMTI muhandislik-maktabi: taʼlim va ishlab chiqarish uygʻunligi yoʻlida yangi qadam

    Namangan muhandislik-texnologiya instituti va “IFODA Agro Kimyo Himoya“ MCHJ hamkorligida tashkil etilgan muhandislik maktabi “Tarmoq – korxona – oliygoh“ zanjirini mustahkamlashga xizmat qiluvchi yangi tashabbusdir.

    Joriy haftada NamMTI rektori Odiljon Mamatkarimov boshchiligidagi institut delegatsiyasi mazkur korxonaga tashrif buyurib, loyihaning maqsadi va amalga oshirilishiga oid masalalarni muhokama qildi.

    NamMTIning bunday yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda muhandislik maktablarini tashkil etishi taʼlim jarayonining ishlab chiqarish amaliyotiga bevosita bogʻlanishiga zamin yaratadi. Muhandislik maktabi orqali institut tadqiqotlari korxonaning texnologik muammolariga amaliy yechimlar taklif etadi, bu esa sanoat jarayonlarini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega. Shu orqali yosh muhandislar ishlab chiqarish jarayonida nazariy bilimlarini mustahkamlab, oʻz koʻnikmalarini real ishlab chiqarish sharoitlarida rivojlantirish imkoniyatiga ega boʻladilar.

    — Muhandislik maktabi yordamida talabalarimiz ishlab chiqarish bilan bogʻliq muammolarni ilmiy jihatdan oʻrganishadi va amaliy koʻnikmalarni egallashadi, — deydi NamMTI Kimyo-texnologiya fakulteti dekani Odiljon Mallaboyev. — Bu nafaqat taʼlim sifatiga, balki mamlakatimiz sanoatining innovatsion rivojlanishiga ham oʻz hissasini qoʻshadi. Biz yoshlarimizning nazariy va amaliy bilimlarini integratsiya qilishga harakat qilmoqdamiz va ishonamizki, bunday loyihalar ularning kelajagi uchun mustahkam poydevor boʻladi.

    Muhandislik maktabi orqali institut va ishlab chiqarish oʻrtasidagi hamkorlik kuchayib, sanoat bilan integratsiyalashgan holda innovatsion rivojlanishni taʼminlash imkoniyati oshadi.


    Reklama