Tahlil natijalariga koʻra, naqd pulga talabning oshishiga uzoq muddatli omillar (iqtisodiy oʻsish, demografik oʻzgarishlar va moliya sektorining rivojlanishi) bilan bir qatorda, mavsumiy omillar, yaʼni iqtisodiy faollikning oshishi, chet eldan oʻtkazilayotgan pul mablagʻlarining koʻpayishi, valyuta kurslari barqarorligi ham taʼsir koʻrsatayotgani oydinlashdi.

2022-yilning 1-iyun holatiga koʻra, muomaladagi naqd pullarning hajmi 36,9 trillion soʻmga yetib, 2017-yilning 1-iyun holatidagiga (13,2 trln. soʻm) nisbatan 2,8 barobar oshgan. Shunday boʻlsada, naqd pullarning keng maʼnodagi pul massasidagi ulushi kamayib bormoqda. Ushbu koʻrsatkich 2017-yilning 1-iyunida 31,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilning 1-iyuniga kelib 23 foizgacha kamaydi.

2017-yildan boshlab naqd pulga boʻlgan talab mavsumiy xarakterga ega boʻlib kelmoqda. Aprel-may oylaridan boshlab iqtisodiy faollikning ortishi (masalan, toʻy va shunga oʻxshash marosimlar sonining koʻpayishi, qurilish ishlarining tezlashishi, yozgi pishiqchilik, dam olish va ular bilan bogʻliq xarajatlarning ortishi) naqd pulga boʻlgan talabni oshiradi va ushbu tendensiya noyabr oylariga qadar davom etadi. Noyabrdan mart oyigacha boʻlgan davrda muomaladagi naqd pul hajmi sezilarli darajada kamayadi.

Aprel-noyabr oylari oraligʻida chet eldan pul oʻtkazmalarining koʻpayishi bilan aholi tomonidan valyuta sotuvi hajmi ham oshib boradi. Soʻmning AQSH dollariga nisbatan qadri mustahkamlanishi yoki barqarorligini saqlab turishi sharoitida ushbu tendensiya yanada jadallashadi.

Joriy yilning 5 oyida pul oʻtkazmalari hajmi 4,19 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu 2021-yilning mos davridagiga (2,61 mlrd AQSH dollari) nisbatan 61 foizga (1,58 mlrd AQSH dollariga) koʻp. Mazkur davrda banklar tomonidan jismoniy shaxslardan 4,32 milliard AQSH dollari miqdorida valyuta sotib olindi. Bu esa oʻtgan yilning mos davridagiga (2,72 mlrd AQSH dollari) nisbatan 59 foiz koʻp degani.

Katta hajmdagi oldi-sotdi operatsiyalarini (uy-joy, mashina oldi-sotdisi) xorijiy valyutada (AQSH dollari, yevro) amalga oshirilganda, oʻz-oʻzidan milliy valyutaga talab kamayadi. Ichki valyuta bozorida soʻmning AQSH dollariga nisbatan qadri oshishi ortidan aholining koʻpchiligi valyutadagi jamgʻarmalarini milliy valyutaga oʻtkazishni afzal koʻra boshlaydi. Valyuta kursi barqarorligi saqlanib turgan bir sharoitda 2022-yilning 15-iyulidan 200 000 soʻmlik banknotalarning muomalaga chiqarilishi katta hajmdagi naqd hisob-kitoblarni osonlashtirib, dollarlashuv darajasining yanada kamayishiga xizmat qilishi mumkin.

Soʻnggi 4 yilda toʻlov tizimining rivojlantirilishi natijasida naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmi sezilarli darajada oshdi. Muomaladagi bank kartalari soni 1,7 barobarga (01.06.2018-yil holatiga koʻra 17,7 mln donadan 01.06.2022-yil holatiga koʻra 29,4 mln donaga), oʻrnatilgan toʻlov terminallari soni 1,8 barobar (241 mingtadan 433,2 mingtaga), oʻrnatilgan bankomat va infokiosklar soni 2,7 barobar (6,1 mingdan 16,7 mingga) koʻpaydi.

2022-yilning yanvar-may oylari oraligʻida toʻlov terminallari orqali tushgan tushumlar hajmi 58,2 trillion soʻmga yetdi va 2021-yilning mos davridagiga (39,9 trln soʻm) nisbatan 1,5 barobar (2018-yilning yanvar-may oylaridagiga (23 trl soʻm) nisbatan 2,5 barobar) oshdi.

Ushbu tahlil 2013-yilning yanvar oyidan 2022-yilning may oyigacha boʻlgan oraliqdagi oylik maʼlumotlarga asoslanib amalga oshirildi. Mazkur maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ochiq statistik maʼlumotlaridan olindi.