Natijadorlik, uzviylik va sifat kafolati

    Yurtimizda Qurbon hayiti bu yil oʻzgacha shukuh, oʻzgacha ruhda nishonlandi. Keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajardi. Hozir ham oʻzbekistonlik 15 ming ziyoratchi muqaddas qadamjolarda ibodatlarini ado etib, yurtga qaytish taraddudida.

    Hayit bayrami arafasida davlatimiz rahbarining Makkai mukarramada boʻlib turgan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, shayx Nuriddin Xoliqnazarov bilan telefon orqali muloqoti bu yilgi haj mavsumining unutilmas voqeligi boʻldi.

    Musulmon olamida azaldan hojilik ulugʻ maqom hisoblanib, bu maqom egalari oʻz komilligi, sogʻlom eʼtiqodi, maʼnaviyati, insoniyligi, ezgu amallari bilan, qolaversa, atrofdagilarga ham ushbu amallarni targʻib etishi bilan boshqalarga namuna boʻlgan.

    Qurbon hayiti munosabati bilan davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan tabrigida: “Umid qilamizki, hojilarimiz Vatanimizga qaytgach, jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi hamda oilalar totuvligini kuchaytirishda ibrat va namuna koʻrsatadilar”, deb yuksak ishonch bildirildi.

    Global oʻzgarishlar, gʻoyaviy tahdidlar, tinchlik va osoyishtalikka boʻlayotgan salbiy taʼsirlar kuchaygan ayni damda xojilarimiz oldiga qoʻyilayotgan bu masʼuliyatli vazifalar juda muhimdir. Chaqiruv, oʻz navbatida, haj ziyoratini ado etayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilindi. Oʻzbekiston musulmonlari Prezidentimiz daʼvatiga “labbay” deb, murojaat yoʻlladilar. Unda hojilar yurtga qaytganimizdan keyin yangi Oʻzbekiston fidoiysi boʻlib, maʼnaviyat targʻibotchisiga aylanamiz, degan ezgu tashabbusni qoʻllab-quvvatlashlarini bildirdilar. Jonajon xalqimizni bugungi murakkab zamonda birlashtirib, ona vatanimiz taraqqiyotiga xolis hizmat qilish, mahallamizda adashganlar boʻlmasligiga erishish kabi ulkan maqsadlar yoʻlida shijoat koʻrsatishga soʻz berdilar.

    Shuningdek, hayit arafasida muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning ziyoratdagi yurtdoshlarimiz huzurida chiqish qilganiga guvoh boʻldik. “Hojilik riyo uchun boʻlmasligi kerak. Hoji degani, bu, birinchidan, ibodatini bajardi, farzini bajardi, gunohlardan qutuldi, endi u namuna boʻladi, degani. Shunday ekan, hoji akalar, hoji otalar, hozir uyingizga qoʻngʻiroq qiling, bolangizga ayting: “Bolam, meni dabdaba bilan kutib olsang, rozi boʻlmayman. Biz riyo uchun hoji boʻlmaymiz, Alloh uchun hoji boʻlamiz”, deng. Qanchadan qancha faqirlar, kambagʻallar bor yurtimizda. Ularning holidan xabar olaylik, hojilik maqomiga munosib ish tutaylik”, deya muftiy Oʻzbekistonga qaytmasdanoq haqiqiy “maʼnaviyat targʻibotchi”si sifatida faoliyatini boshlab yubordi.

    Darhaqiqat, kishilik jamiyati paydo boʻlibdiki, din odamlarni ezgulik, komillik va insonparvarlikka chorlab, zararli odatlar va boshqalarga ozor berish kabi yomon illatlardan uzoqlashtiruvchi asosiy vositalardan biri boʻlgan. Xalqaro maydonda mafkuraviy, gʻoyaviy va axboriy kurashlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali davrda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, hayotga ongli munosabatni shakllantirish, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini oshirish, tinch-osoyishta hayotimizga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borishda hojilarimiz “maʼnaviyat targʻibotchisi” sifatida safimizga shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan taklif qilinishi kelgusidagi ishlarmiz natijadorligi, uzviyligi hamda sifatini kafolatlaydi.

    Muhayyo ISMOILOVA,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Toshkent shahri boʻlimi rahbari