Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova bunga quyidagicha izoh berdi.
— Bahorda quyoshning ultrabinafsha nurlanish indeksi oshishi kuzatiladi, — deydi mutaxassis. — Nurlanish qoq tush payti maksimal darajaga yaqinlashib, to 16:00 gacha yuqori faolligini saqlab turadi.
Xoʻsh, buning nimasi xavfli, deyishingiz mumkin. Gap shundaki, xuddi shunday sharoitda terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida fotodermatoz kasalligi yuzaga keladi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, hozir bu xastalik dunyo aholisining taxminan 20 foizida uchraydi.
Aslida, quyosh nurining oʻzi allergen hisoblanmaydi. Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan oʻzaro taʼsirga kirishganda, allergik reaksiya paydo boʻlishi mumkin.
Oqibatda boʻyin, qoʻl sohalari va koʻkrakning yuqori qismida pufakcha, qavariq, qizil dogʻ, kuyish koʻrinishidagi turli toshmalar yuzaga keladi. Baʼzan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar ham kuzatiladi.
Toshmalar oftob taʼsir qila boshlagan ilk soatlardan to hafta davomigacha hosil boʻladi. Koʻpincha fotodermatoz belgilari muolajalardan soʻng yoʻqolib ketadi. Ammo bu holat insonni umr boʻyi taʼqib qilish ehtimoli ham mavjud.
Ayni sababdan bahorning oftobli kunlarida soat 11:00dan 16:00gacha quyosh nurlari ostida uzoq vaqt yurmaslik, agar zarurat tugʻilsa, bosh kiyim kiyish yoki soyabon tutish, koʻzoynak taqish va imkon qadar yopiq liboslar kiyishni tavsiya etamiz.
Sezuvchan teri uchun moʻljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Lekin baʼzi dorilar fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishini unutmaslik kerak. Shu bois preparatni qoʻllashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Atopik dermatitni davolashda qoʻllaniladigan Elidel yoki Protopik surtmalaridan foydalanayotgan bemorlarga quyoshda yurish taqiqlanadi. Yoki bu vositalarni tushdan soʻng oqshomga qadar ishlatgan maʼqul.
Shuningdek, Eritromitsin, Tetratsiklin va Streptomitsin kabi dorilar ultrabinafsha nurlarini kuchli tortib olish xususiyatiga ega. Ushbu malhamlarni qabul qilgan yoki yuz sohalariga surtgan bemorlar issiq kunlarda kunduzi koʻchaga chiqishlari mumkin emas.
Agar bemorlarda ultrabinafsha nurlanish taʼsirida fotodermatoz belgilari paydo boʻlsa, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallariga murojaat qilishlari mumkin.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.