Nemis tili birinchi navbatda Yevropa Ittifoqida keng tarqalgan va Germaniya, Avstriya, Belgiya, Lixtenshteyn va Lyuksemburgda rasmiy til hisoblanadi. Shuningdek, Shveysariyada ham nemis tili rasmiy til maqomiga ega. Bundan tashqari, 42 mamlakatda 7,5 million kishi nemis tilida so‘zlashuvchi ozchilikka tegishli.
Nemis tili O‘zbekistonda ham o‘ziga xos o‘rin va nufuzga ega. Bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlarda madaniyat, san’at, fan, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash va sport sohalaridagi hamkorliklar ham katta ahamiyatga ega. O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand universitetining Gumboldt nomidagi hamda Bamberg va Gyottingen shaharlaridagi universitetlar bilan hamkorligi samarali rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasida nemis millatiga mansub 25 mingga yaqin kishi yashaydi.
Nemis tilining nufuzini hisobga olgan holda hamda aholi orasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish va ularni mukammal o‘zlashtirish uchun zarur sharoitlar yaratish, xorijiy tillarni o‘qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta’limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish hamda o‘qituvchilarda zamonaviy o‘qitish ko‘nikmalarini rivojlantirish vazifalarining ijrosini ta’minlash maqsadida, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tomonidan nemis tilini o‘rgatuvchi media-kontent, masofaviy ta’lim platformasi - http://de.lpa.gov.uz/ ishga tushirildi.
Mazkur portalning maqsadi Respublika bo‘yicha nemis tili ta’limining yagona axborot-metodik ta’minotini yaratish hamda uni tashkil etishning masofaviy shakllarini ishlab chiqishdan iboratdir. Nemis tili bo‘yicha axborot-ta’lim portallarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish yagona metodik ta’minotni amalga oshirish bilan bir qatorda, turli resurslar integrasiyasi asosida bilimlarni uzluksiz oshirish imkoniyatini yaratadi.
Platformadan foydalanish juda oson. Nemis tilini oson, mustaqil va bepul o‘rganishni istovchilar http://de.lpa.gov.uz/ ga kirib, yangi so‘zlar qismida kurs bo‘yicha yangi so‘zlar bilan tanishishlari mumkin. Bundan tashqari, ba’zi bir mavzularda krossvordlar ham berilgan bo‘lib, ular yechilgandan keyin ham o‘rganuvchiga ma’lum miqdordagi to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida ma’lumot beradi. Mavzularni o‘zlashtirishda har bir mavzu bo‘yicha mashq va test savollari ishlab chiqilgan.
Menyudagi natijalar bo‘limidan esa o‘rganuvchi to‘plagan natijalarini ko‘rish mumkin. Mazkur tizim o‘rganuvchining kompyuter imkoniyatlarini o‘zlashtirishi, undan samarali foydalanishi orqali uning pedagog bilan individual ishlash jarayonini muvofiqlashtiruvchi vosita sifatida ham qo‘llaniladi. Xususan, o‘qituvchilar bilim va malakasini kompyuterlashtirilgan holda nazorat qilish, talab qilinadigan bilimlar majmuasining sifatini aniqlash muammosini hal qilish imkoniyatini beradi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha oy oldin davlat tili orqali ingliz tilini bepul o‘rgatuvchi - http://test.lpa.gov.uz/ platformasi ham muvaffaqiyatli ishga tushirilgan edi.
Xurshid MAMATQULOV,
Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi bo‘lim boshlig‘i,
pedagogika fanlari doktori.