Nikohdan oldingi tibbiy koʻrikning ahamiyati, roli, yoʻl-yoʻriqlari haqida Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori Shahnoza Zufarova SSV Matbuot xizmatiga maʼlumot berdi:
– Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, boʻlgʻusi kelin-kuyovlar bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdan koʻzda tutilgan asosiy maqsad — irsiy va nasliy kasalliklarning oldini olish, oilada sogʻlom muhitni qaror toptirishdir.
Barcha nikohlanuvchilar turmush qurishdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart. Shundan soʻng tibbiy koʻrikning xulosasiga qarab, boʻlajak oila vakillari qaror qabul qilishadi.
— Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy koʻrikdan oʻtishi qay tartibda amalga oshiriladi?
— Nikohlanuvchi shaxslar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etish uchun ariza beradilar.
Shundan soʻng yuborilgan arizani FHDYO organlari koʻrib chiqib, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun yoʻllanma beradi.
Yoʻllanma hozirda FXDYO organlarida qogʻoz shaklida nikohlanuvchi shaxslarning koʻliga topshirilmoqda.
Tibbiy koʻrikdan oʻtgandan keyin, nikoh tuzilishiga Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining nazarda tutilgan toʻsiqlar mavjud boʻlmagan taqdirda, FHDYO organlari tomonidan nikohni qayd etish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun oʻzlariga qulay boʻlgan koʻp tarmoqli poliklinikalardan oʻtishlari joriy qilinmoqda.
2021-yil 1-iyundan fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish kabi amaliyotlar eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi.
— Boʻlajak yosh oila qanday tibbiy koʻriklardan oʻtadi?
— Yoshlar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida bepul dispanserizatsiyadan, yaʼni kardiolog, endokrinolog, revmatolog mutaxassislari jalb qilingan holda nikoh oldi tibbiy koʻrikdan oʻtadi hamda qoʻshimcha UTT, EKG, umumiy qon tahlili, qondagi qand miqdori aniqlanadi.
Shuningdek, ruhiy kasalliklar (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya) yuzasidan tekshirish, narkologik kasalliklar yuzasidan tekshirish, zaxm yuzasidan tekshirish, sil yuzasidan tekshirish, OIV/OITS yuzasidan tekshirish olib boriladi.
Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy koʻrigi natijalari toʻgʻrisida tibbiyot muassasasining xulosasi maʼlumotnomada aks ettiriladi.
Maʼlumotnoma tibbiyot muassasasining muhri va rahbarining imzosi bilan tasdiqlanadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.