Nuroniylar shukronasi

    QR-kod uchun

    Ota, duo qiling O'zbekistonni,

    Bardoshni siz bosgan izdan o'rgandik.

    Ona, duo qiling O'zbekistonni,

    Vatanni sevishni sizdan o'rgandik.

    Davlatimiz rahbarining joriy yil 11-martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”dagi qarori yurt nuroniylariga ko'rsatilayotgan e'zozu ehtiromning yuksak namunasi bo'ldi.

    O'zbekiston nuroniylari – ma'naviyatimizning baquvvat ildizlari, mehr qo'rg'onlari, Vatanga muhabbatning oltin kitoblari.

    O'zbekiston nuroniylari – Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan, bugungi tinchlikning qadrini yoshlarga tushuntirayotgan uyg'oq daryolar.

    O'zbekiston nuroniylari – ilm-fanimiz dovrug'ini olamga yoygan ustozlar, fan doktorlari, akademiklar va kamtarin donishmandlar.

    O'zbekiston nuroniylari – ulug' yoshda ham bog'u rog'laridan, qiru adirlaridan, bepoyon dalalaridan xabardor bo'lib turgan ulkan tajriba maktablari, bobodehqonlar, usta bog'bonlar, mahallalarimiz oqsoqollari, hoji otalar, hoji onalarimiz.

    Ular ko'rgan kunlarni aytib ado etib bo'ladimi? Ularning dardu hasratlari bitilgan dostonlarni kuylagan baxshilarning dardli ovozlarini yuraklardan sug'urib tashlab bo'ladimi? Yo'q, aslo! Bugun O'zbekistonda keksa avlod vakillari uchun ko'rsatilayotgan g'amxo'rliklarni qayd etib, ularning shukronasini eshitib, har lahza to'lqinlanmay ilojimiz yo'q.

    Birgina o'tgan yili 965 nuroniy bepul tibbiy ko'rikdan o'tkazildi, 23 mingi dori-darmon va oziq-ovqat bilan ta'minlandi, 21 nuroniy sanatoriylarda sog'lomlashtirildi, 118 ming nuroniyga boshqa turdagi moddiy yordam ko'rsatildi, 221 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va yolg'iz keksaning uy-joyi ta'mirlab berildi, 1 milliondan ortiq nuroniy uchun mamlakatimiz bo'ylab sayohatlar tashkil qilindi.

    Inson xotirasida yaxshi kunlar ko'proq saqlansa-da, baribir armonli o'tmishni ham yurakdan uzib tashlab bo'lmas ekan. Ha, o'sha kunlarni ham yodimizdan chiqarmasligimiz, bugun bilan taqqoslashimiz, shukrona qilishimiz kerak.

    U zamonlar katta shaharlaru olis qishloqlarda pochta idoralari oldida to'p-to'p bo'lib nafaqa pullarini olish uchun navbatda turgan nuroniylarni ko'rib o'ksimagan dil bormikin? YAna keladigan pul barchaga etmasdi. Aslida pul hamma keksalarga zarur.

    Kimningdir dori-darmoni tugagan, o'sha dorilarsiz hayoti qil ustida. Kimdir ustiga kiyim olishi kerak, busiz ham sal sovuqni his etadigan nimjon tana yaproqdek titrab turibdi. Kimdir kommunal to'lovlardan qarzdor, oy oxirlashi bilan to'lamasang, hisoblagich apparat nafaqa kechikayotganini tushunmaydi. Qarz yiriklashgan sayin og'ir yuk bosib kelaveradi. Ado bo'lgan asab battar chatnab, yuraklarda og'riq ortib, qon bosimi oshib ketadi, uyqu qochib, tunlari bilan yurib chiqqanlar qancha? YAshirib nima qilamiz, kimningdir uyida oziq-ovqati qolmagan bo'lardi.

    Keksa odam ko'p narsa emaydi, ammo o'sha kamroq luqma ham bozorda pulsiz berilmaydi. Tanish do'konlardan qarzdorlar ham asosan ishlamaydigan nuroniylar edi.

    — Goho may oyida olishimiz lozim bo'lgan nafaqa pulini avgust oyida olar edik. Biz-ku, farzandlarimiz, nabiralarimizga suyanardik, qismat taqozosi bilan yolg'iz qolganlarga juda og'ir bo'lgan, — deya eslaydi Samarqand viloyati Narpay tumanida yashovchi 88 yoshli Qimmat momo. — Biz sabr bilan qani edi shunday kunlar kelsaki, nafaqalarimiz oshsa, pensiyalarimizni o'z vaqtida, uyimizga keltirib berishsa, deb orzu qilardik. Prezidentimizga rahmat, uning qarori bilan pensiyalarimiz har yili oshmoqda, pullarimiz o'z vaqtidan bir lahza ham kechikmay, plastik kartalarimizga tushmoqda. Naqd pulda olishni xohlovchilarning pensiyasi esa 100 foiz qo'llariga tegmoqda. Nogironligi tufayli yura olmaydigan nuroniylarning xonadonlariga pochta xizmatchilari pullarni eltib bermoqdalar.

    Ishlash qobiliyati bor, katta tajribaga ega ustozlar, mahoratli shogirdlar tayyorlayotgan murabbiylarning pensiyalari to'liq berilib, ishlashga ruxsat etilgani nuroniylarning umriga umr qo'shdi.

    Nuroniy yoshda ushalgan orzu

    — Men pensiya pulimdan o'qishlarni yaxshi o'zlashtirayotgan 16 nevaramga mukofot jamg'armasi tashkil qilganman. Ularning 10 tasi hozir har oyda 400 ming so'mlik mukofotga sazovor bo'lmoqda, kelgusi o'quv yilida a'lochi nevaralarim ko'payishini kutyapman, — deydi Navoiy shahrida yashovchi onaxon Rohat G'iyosova.

    O'zim yashaydigan Mang'it shahrida “Barkamol avlod” bolalar maktabida direktor lavozimida ishlayman. O'quvchilarimga har oyda yangi nashr etilgan adabiyotlardan o'z hisobimdan sovg'a qilaman, — deydi Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Xonimjon Rajabova. — O'n besh yil “Amudaryo haqiqati” gazetasida muxbir, bo'lim muharriri va bosh muharrir, o'n sakkiz yil Amudaryo tumani hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo'yicha o'rinbosari bo'lib ishladim. O'zbekistonning barcha joylarida shogirdlarim borligidan hamisha faxrdaman. Ammo bitta orzuim amalga oshmay kelar edi. U ham bo'lsa, shogirdlarim orasida Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo'lgan qiz yo'qligi edi. Ming shukur, shu yil bu baxt nasib etdi. Shogirdim 11-sinf o'quvchisi Barno Samandarova shu mukofot bilan taqdirlandi.

    Darhaqiqat, pensiya pullaridan va qo'shimcha daromadlaridan o'zlari bitirgan maktabga stipendiyalar tashkil etgan nuroniylarimizning soni yildan yilga oshayotgani tahsinga loyiq.

    Ha, Qoraqalpog'istonda ham sahrolarni bo'ysundirgan, sabr va bardoshdan dars berayotgan, Ustyurt kengliklarini to'zg'itgan qum bo'ronlarini engishni, Vatanni ta'masiz sevishni, mashaqqatlar ustidan g'alaba qilishni yoshlarga o'rgatayotgan nuroniylar ko'p. Nuroniylarimiz maslahatlari, faolligi har jabhada bizga suv bilan havodek zarur.

    Ularning hayotiy tajribasidan unumli foydalanib, o'tkazilgan madaniy-ma'rifiy tadbirlar natijasida profilaktik hisobda turgan 155 mingga yaqin yoshning sog'lom turmish tarziga qaytishiga, 22 mingdan ortiq oila ajralashining oldi olinishiga, 3 mingdan ortiq notinch oilaning yarashtirilishiga erishildi.

    Vatanparvarlik tushunchasi kishilarni o'z vatani taqdiri bilan bog'liq ijtimoiy rivojlanishi, uning daxlsizligi va mustaqilligi yo'lida jon fido qilgan ajdodlarning ma'naviy merosini asrash, muqaddas g'oyalariga sodiq qolish ekanini yoshlar keksalardan o'rganmoqda.

    Respublikamizda mavjud mahalla fuqarolar yig'ini raislarining keksalar va faxriylar ishlari bo'yicha maslahatchisi “Keksalar maslahati” guruhi raisi hisoblanadi. “Bir nuroniy o'n yoshga mas'ul” tamoyili asosida ishlayotgan, katta hayotiy tajribaga ega, zamonaviy fikrlaydigan faol nuroniylar biriktirilishi ayni muddao bo'ldi.

    “Nuroniy har bir oilaga mas'ul” loyihasi asosida oilalardagi ahillik, tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash maqsadida muammoli oilalarning har biriga “Keksalar maslahati” guruhlari a'zolari biriktirilgan.

    Shaharning katta oyisi

    Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on shahrida yashovchi, uzoq yillar shahardagi pedagogika kolleji direktori lavozimida ishlagan “Mehnat faxriysi” va “Mo''tabar ayol” ko'krak nishonlari sohibasi, ustoz pedagog Klara Hakimova hozir 82 yoshda. Uni kattaqo'rg'onliklar “SHaharning katta oyisi” deb ataydilar. Klara ona Kattaqo'rg'on shahridagi har bir ko'chayu guzarda yashayotgan aholini ajdodi kimliginiyu avldodi kimligini juda yaxshi biladi. “Bir nuroniy o'n yoshga mas'ul” tamoyili asosida kattaqo'rg'oncha uslubni yaratgan Klara Hakimovaning uyidagi ish stolida bugun o'quv darsliklari o'rnini mahallasidagi uyushmagan, muammoli yoshlar bilan ishlash daftari turadi. Hozir “katta oyi”ning Zomin mahallasida uyushmagan va muammoli yoshlar yo'q. Bunga u qanday erishdi? Mahallaning har bir xonadonidagi yutuqlar va muammolar, yoshlarning nechtasi qaerda o'qiyotganiyu qanchasi bu yil OTMga kirishga tayyorgarlik ko'rayotganini yaxshi biladi. Uyushmagan yoshlarni shahardagi hunarmandlarga biriktirdi.

    Bugungi kunda uning tavsiyasi bilan ishga joylashgan yoshlarning bittasi xususiy sartaroshxonasiga, bittasi chilangarlik ustaxonasiga ega. Oltita yosh institutda sirtqida o'qiydi. Bir nafari sotuvchiga yordamchi, ikki nafari shahardagi MTMda tarbiyachiga yordamchi, bir nafari qandolat tsexida, ikki nafari restoranda faoliyat yuritmoqda. Ularning oltitasi o'quv kontrakt pulini o'zi to'laydi.

    “Zomin” mahalla fuqarolar yig'ini raisi, xotin-qizlar faoli Klara buvining shogirdi, hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi va profilaktika noziri shogirdlarining farzandlaridir. Xullas, hech biri buviga begona emas.

    Yaqinda shahardagi istirohat bog'ida o'tgan “Uch avlod uchrashuvida” kattaqo'rg'onlik nuroniylarning davrasida “Shaharning katta oyisi” – Klara Hakimovaning xizmatlari alohida e'tirof etilib, shahar hokimining “Tashakkurnomasi” va qimmatbaho sovg'asiga loyiq ko'rildi.

    Tarixiy uchrashuv

    Kattaqo'rg'on shahrining Chinobod mahallasida yashovchi nuroniy Abdulla bobo Barnoevni hamma taniydi. U 2000-yilda Surxondaryo viloyati Sariosiyo va Uzun tumanlarida davlat chegaralarimizga tahdid qilgan xalqaro terrorchilarga qarshi jangovar harakatlarda qahramonlarcha halok bo'lgan serjant Ulug'bek Barnoevning otasi. Kattaqo'rg'ondagi Samarqand shohko'chasi hozir Ulug'bek Barnoev nomi bilan ataladi. Har gal qaergadir borsa, qaytib kelayotib bobo yo'l boshida, o'g'lining yirik surati yonida to'xtab, u bilan xayolan salomlashadi: “Salom, o'g'lim, men seni sog'indim. CHin dunyoda yaxshi yuribsanmi? Shahid ketgan barcha o'rtoqlaringga mendan salom ayt. Biz haqqingizga duolar qilamiz. Sizlarga duolarimiz etib boryaptimi?” deydi.

    Ko'chaning so'lim hovlilaridan birida Barnoevlar oilasi yashaydi. Abdullo bobo hovlida o'g'lining uy-muzeyni tashkil qilgan. Muzeydan yoshlarning qadami uzilmaydi. Abdullo boboga o'g'lining vafotidan so'ng uning kiyimlarini olib kelib berishganida cho'ntagidan bitta xat chiqadi. Xatda Ulug'bekning chiroyli husnixati bilan:

    “Orqaga qaytish yo'q, chekinish yo'q! Orqada O'zbekiston – Ona Vatan bor”, deb yozib qo'yilgan edi.

    Ha, yurtning mard o'g'lonlarining mard ota-onalari bor. Mardlik o'zbekka otameros, bobomerosdir. Abdulla bobodek nuroniylarning yonidan yoshu qari tanimiy o'tib ketishimiz mumkin emas. SHodiyona kunlarda ularni bir chekkada unut qoldirishimiz mumkin emas.

    Prezidentimiz joriy yil Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog'ida 2000-yilda Sariosiyo va Uzun tumanlarida davlat chegaralarida vatan himoyasi uchun kechgan jangovar harakatlarda mardlarcha halok bo'lgan yigitlarimizning ota-onalari bilan uchrashdi. Ular orasida Abdulla bobo Barnoev ham bor edi.

    Bu tarixiy uchrashuv va suhbat mard o'g'lonlar xotirasiga cheksiz hurmat va ularning ota-onalariga ehtirom ramzi bo'lib qalblarga muhrlanib qoladi.

    Otamjonim usta Sulaymon bobo

    — Otamjonimni “usta Sulaymon bobo”, der edilar. U haj va umra ziyoratiga borish armoni bilan o'tib ketdi. Otamning otasi mulla Yodgor bobom ham bir umr Makkayu Madinadek ulug' qadamjolar armonida o'tgan. Momolarimiz-ku bunday muqaddas orzularini ovozini chiqarib aytishga qo'rqqan. Mana, bugun biz oilaviy bo'lib haj va umra ziyoratlarida bo'ldik, — deya sevinch yoshlarini yashirmaydi Samarqand viloyati Payariq tumanida yashovchi onaxon Sanobar Sulaymonova. — Hozir Imom Buxoriy ziyoratgohiga har yili dunyoning turli mintaqalaridan minglab ziyoratchilar keladi. Nuroniylarimizning shukronalariga shukronalar qo'shildi. Bu yil payariqlik qori Yunus Shohmurodiy Saudiya Arabistonida o'tkazilgan Qur'on tilovati musobaqasida 1-o'rinni egallab, bosh sovrin sohibi bo'ldi. Bu musobaqada 50 000 dan ziyod qori qatnashib, 16 nafar yurtdoshimiz yarim finalga chiqqani faxru iftixor. Bu ham diniy bilimlarni egallashda O'zbekistonimizda faoliyat yuritayotgan Xalqaro islom akademiyasining fan doktorlari, hadisshunoslar, ustoz murabbiylar, mudarrislar dunyoda oldingi o'rinlarda turishining yana bir isboti.

    Yonimizdagi afsonalar

    Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o'tgan “Uch avlod uchrashuvi”ga taklif etilgan O'zbekiston Qahramonlari — taniqli olim, fizika-matematika fanlari doktori, akademik SHavkat Ayupov va O'zbekiston faxriylarni ijtimoyi qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi raisi, universitetning sobiq talabasi Sodiqjon Turdiev bilan bo'lgan uchrashuvni universitet yoshlari “YOnimizdagi afsonalar tashrifi”, deb atashdi.

    Iqtisodimizning bo'lajak egalari bergan savollaridan ko'rinib turibdiki, eng avvalo, ular shunday olijanob insonlarga zamondosh bo'lganidan iftixorda. YAna muhim jihatlar — yoshlikni behuda o'tkazmaslik, o'zlikni va dunyoni anglash, mag'lubiyatlarga taslim bo'lmaslik, halol mehnat, izlanish, o'rganish, ilm-fanda fidoyilik va g'alaba.

    O'zbekiston Qahramonlari bilan ikki soatdan ko'proq davom etgan “Uch avlod uchrashuvi”ni men “Vatanni sevishni o'rganish darsi” deb atagan bo'lar edim. Ha, aynan shunday – Vatanni sevishni o'rganish saboqlari. Zero, ulug' qirg'iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov aytganidek, “Inson yaxshilik qilishni erdan topib olmaydi. Yaxshilik qilish yaxshilardan o'rganiladi”.

    ***

    Yaqinda Ohangaron shahrida “Oila – mehr va baxt qo'rg'oni” mavzusida tashkil etilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirga 50 yildan oshiq birga yashagan nuroniy onaxon va otaxonlardan iborat ibratli oilalar taklif etildi. O'sha kuni shahar istirohat bog'ida joylashgan amfiteatr yanada yog'dularga to'lib ketdi. Ular umr bo'yi turli sohalarda mehnat qilgan faxriylar, ishlab chiqarish ilg'orlari, keksa murabbiylar, ta'lim va tibbiyotimiz fidoyilari ekani sahnadagi katta ekranda ko'rinib turdi. Tadbir ishtirokchilari 50 yillik hayot yo'llari haqida gapirib berganlarida amfiteatrga to'plangan yoshlar qalbida havas va hayrat uchqunlarini ko'rdik.

    “Ular har qanday sinovlarda taqdir ko'rguliklariga taslim bo'lmagan. eng og'ir musibatlarni bir-biriga sadoqat bilan enggan mehrli insonlar. Ular halol mehnat bilan bolalarini rizqlantirgan otalar, ibo-hayo bilan qizlarni tarbiyalagan onalardir. Hech birini hayot tashvishlari chetlab o'tmagan. Mashaqqatli mehnati bilan oilasini kambag'allik botqog'idan olib chiqqan, kamtarinlik bilan elaro obro' topgan oddiy va sodda odamlar. Har birining tillarida shukrona duolari”, deydi biz bilan suhbatda “Nuroniy” jamg'armasi Ohangaron shahri bo'limi raisi, hokim maslahatchisi Shavkat Komilov.

    Mamlakatimizning shahar va tumanlarida uyushqoqlik bilan o'tayotgan turli tadbirlarda nuroniylarimizning duolarini eshitamiz. Ularning ajin bosgan qo'llariga bugun anvoyi gullar yarashgan. Ozg'in barmoqlari ko'zlarga to'tiyo. Ularning poyiga dunyo gullari poyondoz bo'lsa arziydi.

    So'lg'in lablaridan taralgan shukronalar kumush qo'ng'iroqlardek vijdonimizni uyg'otib yuboradi. Biz uyg'oqmiz. Dunyo esa hamisha uyg'onganniki bo'lgan va shunday bo'lib qoladi.

    Zulfiya MO'MINOVA,

    O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoira