OAVga oid qonunlarni kim sharhlaydi?

    OAVga oid qonunlar sharhlanganmi? Bu savolga “SHarhlashga harakat qilingan”, deya javob bersak to'g'ri bo'ladi.

    Dastlabki urinishlar

    Jurnalistikada sharh janr hisoblanadi va u axboriy-tahliliy maqomga ega. Bugungi maqolamiz qonunchilikda qo'llaniladigan sharh haqida. Uning qanday maqomi bor? Tavsiyami yoki maslahat darajasidami? Qonunchilikka doir sharhlardan kimlar, nima maqsadda foydalanadi?

    Kitob do'konlari peshtaxtasida turadigan Jinoyat protsessual kodeksiga sharhlarni ko'rganimizda uning dastlabki sahifasidagi anonsdan uning “huquqni muhofaza qilish organlari, sud`yalar, advokatlar, tadqiqotchilar, talabalar va keng kitobxonlar ommasiga mo'ljallangan”ni bilib olamiz. Yuqoridagi savollarga kitobni yozgan, foydalanganlardan, jumladan, sud-huquq tizimi xodimlaridan javob olish mumkindir. Biroq mavzumiz OAVga tegishli qonunlar sharhi haqida bo'lgani bois, diqqatni boshqa tomonga qaratamiz.

    OAVga oid qonunlar sharhlanganmi? Bu savolga “Sharhlashga harakat qilingan”, deya javob bersak to'g'ri bo'ladi. Jurnalist-huquqshunos Karim Bahriyev bu ishga ilk bora qo'l urgandi. Uning “Jurnalistlarning huquqlari, majburiyatlari va mas'uliyati” hamda “O'zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalarining huquqiy asoslari” risolalari katta hajmdagi mehnat mahsuli ekanini ta'kidlash zarur.

    Biroq mazkur kitoblardagi sharhlar qonunlarga o'zgartirishlar kiritilishi munosabati bilan biroz yangilashni talab etadi. SHu bilan birga, ulardan uch hokimiyat hamkorlikda foydalangani bo'yicha ma'lumotdan bexabarmiz.

    Millat ravnaqi uchun kerak

    Jahonda aql bovar qilmas voqea-hodisalar sodir bo'lmoqda. Qudratli davlatlar dunyoni qaytadan bo'lib olishga urinayotganini aholining aksar qismi anglab etmayapti. Tirikchilik ilinjida bilib-bilmay ulardan birini tanlayapti. Bu tanlov kelgusida o'z yurtining himoyasiga chiqishga monelik qilmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Xalqning haqiqiy ma'rifatli, vatanparvar bo'lishini o'ylagan hokimiyat jurnalistika maydonini erkin qo'yishi, jurnalistga imkon berishi kerak.

    Shu bilan birga, shunday muhit yaratilishi zarurki, biror fuqaro uch hokimiyatning yoki boshqa tashqi va ichki kuchlarning noqonuniy tazyiqiga uchrasa, ommaviy axborot vositalari uning uchun doim murojaat manbai, tayanchi bo'lib qolsin. Hokimiyatda ishlaydigan biror kadr nohaqlikka duchor bo'lganda, unga nisbatan adolat buzilganda, uning arz qilar manzili ham eng yaxshi jurnalistlar ishlaydigan tahririyatlar bo'lishi kerak. Mazkur holat vujudga kelishi mumkin bo'lgan ko'plab korruptsiya harakatlarining oldini oladi.

    Buning uchun jonkuyar deputatlar, ijro hokimiyatining yurtparvar vakillari, sud`yalar hamkorlikda shunday tizimni yaratishi zarur. Mazkur ishning avvalida esa uch hokimiyat mutasaddilari to'rtinchi hokimiyat vakillari bilan hamkorlikda OAVga oid va tegishli qonunlarni sharhlashi, millatning ravnaqiga, O'zbekistonning tashqi dunyodagi obro'siga bevosita ijobiy ta'sir qiladigan, eng asosiysi, kelajakda mavjud hokimiyatlar va jurnalistlar munosabatlarini tartibga solib turadigan amaliy qo'llanma – sharhlar to'plami yaratilishi zarur.

    Nega sharhlar to'plami?

    OAV davlat va jamiyatning barcha sohalariga doir axborotlar tarqatadi, tahlil va tanqid qiladi. Bunda turli sohalar vakillari, ayniqsa, rahbarlar manfaatlari kesishadi, to'qnashadi. Misol tariqasida “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to'g'risida”gi qonundagi “Ommaviy axborot vositalari e'lon qilinayotgan axborotning to'g'riligini tekshirib ko'rishlari shart va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to'g'riligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar”, deyilgan bandga e'tibor qaratamiz.

    Avvalo axborot beruvchi, degan jumla sharhga muhtoj. To'g'ri, axborot beruvchi oddiy shaxs bo'lsa, uning bo'lib o'tgan voqea-hodisa haqidagi tasavvuri va tushunchasidan, ba'zi hollarda manfaatidan kelib chiqib bergan axborotini jurnalist qayta tekshirib ko'rishi shart. Lekin axborot mas'ul shaxs tomonidan tarqatilgan bo'lsa, ustiga-ustak, davlat siri bo'lib chiqsa, “axborot beruvchi bilan birgalikda uning to'g'riligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar” bo'lishi juda bahsli. Axir axborotning sir ekanini jurnalist qaerdan bilsin? Bunday paytda axborotni sizdirgan mas'ul shaxs javobgar bo'lishi kerak emasmi?

    Qonun bandlarini barcha birdek qo'llashi zarur

    Anglashiladiki, har bir tashkilot qonun bandlarini o'zicha anglaydi va qo'llaydi. Biz esa hamma taraf bir xil tushunadigan sharhlar zarurati haqida fikr yuritmoqdamiz.

    Mazkur muhim ishni, ya'ni sharhni yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning tegishli moddasidan boshlash ayni muddao bo'lardi. Uning Ommaviy axborot vositalari” deb nomlangan XV bobida ikki modda mavjud.

    81-modda. “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar.

    Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo'lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

    Ommaviy axborot vositalari o'zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”.

    Moddaning ikkinchi bandida nazarda tutilganidek, axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo'lgan huquqlar amalga oshmasa-chi? Mustaqil topilgan axborotdan tanqidiy materialda foydalansa-chi? SHundan so'ng tazyiqqa uchrasa-chi? Unda tazyiqning huquqiy tasnifi qanaqa bo'ladi? Umuman, qaysi harakatlar tazyiqqa kiradi? Masalan, telefon orqali qo'rqitishlar tazyiqqa kiradimi? Bu savollarga aniqlik kiritdik ham deylik. Navbatdagi savollar: OAV erkinligi yoki jurnalist faoliyatiga tazyiq bo'lsa, u holda qaysi tashkilotlarga murojaat qilinishi kerak? SHikoyatni qabul qilgan tashkilot qanday amallarni bajarishi shart yoki bajarmasa, OAV tahririyati rahbari, jurnalist yana qanday yo'l tutishi zarur? Murojaatni qabul qilishdan bo'yin tovlagan mutasaddilarga qaysi qonunga asosan qanday choralar ko'riladi? Bu kabi savollarga sharhlarda javob berish talab etiladi.

    82-modda. “Tsenzuraga yo'l qo'yilmaydi.

    Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo'ladi”.

    Bunga ko'ra, OAV faoliyatiga to'sqinlik bo'lsa, qaysi qonunga asosan, qanday choralar ko'riladi? Buning uchun qaysi tashkilotlarga murojaat qilish kerak? Shikoyatni qabul qilgan idora mas'uli qanday amallarni bajarishi shart yoki bajarishdan bosh tortsa, OAV yana qanday yo'l tutishi mumkin? Murojaatni qabul qilishdan bo'yin tovlagan mutasaddilarga qaysi qonunga asosan qanday choralar ko'zda tutilgan?

    Mazkur savollarga sharhlarda javob berilsa, jurnalist ham, mutasaddi ham, sud`yalar ham, oddiy insonlar ham har bir harakatini qonun doirasida amalga oshiradi, axborot olish osonlashadi, jamiyatdagi mavjud muammoning bartaraf etilishiga erishiladi.

    Demak, qonunlarning bandlari ommabop tarzda sharhlanishidan to'rt hokimiyatgina emas, balki jamiyat yutadi. Nafaqat OAVda, balki ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklar, haqoratlar kamayadi, tayinli taklif va aqlli fikrlar ko'payadi. Sharhdan jamiyat manfaat ko'rsa, davlatning obro'si ham oshishi shubhasiz.

    Sharhlash zaruratiga yana bir sabab

    Jurnalist qo'llaydigan so'z va jumlalar sharhlanishi muhimdir. Masalan, jurnalistikada fel`eton janri mavjud. Mustamlakaning yangi qiyofaga kirayotganini his qilgan Abdulla Qodiriy alamli kayfiyatda yozgan va qamalishiga (1926 yil 8 martda qamoqqa olingan) sabab bo'lgan “Yig'indi gaplar” fel`etonida qo'llanilgan so'zlardan bugun ham foydalanish mumkinmi? Mazkur publitsistik asarni o'qigan tadqiqotchilar bu mavzuda hech narsa deyishmasa-da, unda qo'llanilgan so'zlarning haqorat yoki tuhmat emas, balki ijodkorning nuqtai nazari ekanini ta'kidlaydi. Bol`shevik ayblovchilaridan biri I.G'oziyev bu haqda matbuotda maqola ham yozgan. Unda, jumladan, bunday deyiladi: “Abdulla Qodiriy Sho'ro hukumatiga qarshi qalam tebratib, uning obro'sini tushirish va SHo'ro hukumatida ishchi-kambag'al mehnatkashlar foydasi uchun ishlab turg'on ziyolilarni Sho'ro hukumatiga qarshi qilish maqsadi bilan “Mushtum” jurnalining 27-sonida “Yig'indi gaplar” sarlavhasi bilan yozg'on bosh maqolasida O'zbekiston ijtimoiy sho'rolar jumhuriyatining Markaziy ijroqo'm raisi o'rtoq Oxunboboef ham Markaziy Ijroqo'm prezidiumi a'zosi o'rtoq Ikromuflarni masxara va kulgi yo'li bilan sababsiz va qonunsiz tanqid qilg'on”.

    Qaysi so'z yoki jumlalar masxara va kulgi hisoblanadi? Inson sha'nini poymol qiladigan qanday gaplar huquqiy malakalanadi? Qolaversa, fel`eton janrining o'ziga xosliklarini, jumladan, kinoya, yumor, satira tili va hokazo har qanday tanqidiy usullarni sud`yalar, ijro hokimiyati, xususan, kuch ishlatar tizimlar bir xil anglashi va qabul qilishi zarur emasmi? Buning uchun ham, albatta, hammabop sharh talab etiladi.

    Vatanparvarlik kifoya emas, unga moddiy asos muhimdir

    AQSH demokratiyasi rivojiga sezilarli turtki bergan “Matbuotning ijtimoiy mas'uliyat nazariyasi”ni yuzlab olim va mutaxassislar katta loyiha doirasida ishlab chiqqan. Albatta, ular Amerika orzusi bilan tarbiyalangan vatanparvarlar edi, biroq bu mashaqqatli mehnat davlat tomonidan moddiy jihatdan munosib qo'llab-quvvatlangan.

    Biz taklif etayotgan loyihada jonkuyar jurnalistlar, media huquqidan boxabar olimlar, tajribali huquqshunoslar, qoralovchilar, advokatlar, xalqaro ekspertlar va, albatta, adolatparvar sud`yalar... barcha tizim vakillari ishtirok etishi, loyihasi tayyorlangach esa uning keng muhokamasi tashkil etilishi zarur. Loyihaning Oliy Majlis tomonidan qo'llab-quvvatlanishi, jumladan, moliyalashtirilishi ham ayni muddao bo'ladi. Zero, bu dargoh xalq va yurt manfaati uchun qonunlar qabul qiladigan izdihomdir.

    Jurnalistlarning faoliyatidagi xavflarni kamaytirish zarur

    Bandasining tabiati shundayki, u doimiy nazoratni talab etadi. U xoh jurnalist, xoh huquq posboni bo'lsin, olgan tarbiyasi, tor dunyoqarashi sabab o'z “maslagi” yo'lida vijdonidan kechishi mumkin. Bunday paytda qonunlar, axloq qoidalari o'z o'rnini sezdirib, ularni tizginlab turishi zarur. Qo'yib bersangiz hatto olimlar ham razilliklarini ezgu maqsadga yo'yadi. Biri oriylar g'oyasini o'tkazish uchun fashizmni o'ylab topdi, o'zga davlatlarga urushlar ochdi, millionlab insonlar qirilib ketdi, kommunizm g'oyasini amalga oshirish uchun uning “ijodkorlari” o'zgacha fikrlaydiganlarni qamoqlarda chiritdi, jisman yo'q qildi.

    Mustaqilligimizning dastlabki 25 yilida yuz bergan adolatsizliklarga milliy xavfsizlikni ro'kach qilib shaxsiy manfaatini o'ylagan, bu harakati bilan taraqqiyot g'ildiragini to'xtatgan idora mutasaddilarini O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrif chog'ida qattiq tanqid ostiga oldi.

    Xulosa qilib aytganda, davlat va jamiyatda axborot manbaiga mas'ul hisoblangan tashkilot mutasaddilari ham, axborotlarni tarqatish, tahlil qilish mas'uliyatini zimmasiga olgan OAV va jurnalistlar ham qonunlar sharhlariga muhtoj. Qonunlarning sharhlanmagani, ayniqsa, jurnalistlarning faoliyatida xavflarni ko'paytiradi.

    Halim SAIDOV,

    “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori