Oila-shaxsiy xotirjamlik hududi

    Ijtimoiy hayot 31 Yanvar 2022 3318

    Oila. Insonning ishdan horib kelganida halovat topadigan maskani... Yurakning barcha chigillari yoyiladigan qoʻrgʻon... Er-xotin, bola-chaqa uchun shaxsiy xotirjamlik hududi. Ammo, hammada ham shundaymi? Keyingi paytlarda ajrimlar haqida eshitsam, ajralishga sabab boʻladigan bahonalardan ensam qotadigan boʻlgan. Bir oilani asrab qolish uchun qancha keksalarni ishga solamiz... Koʻpni koʻrgan onaxonlarning hayotini ibrat qilib koʻrsatamiz. Qaniydi kor qilsa?

    Yaqinda konimexlik bir yosh oilani ajralish sabablarini oʻrgandik. Keling, sizni ham bor mojarodan xabardor qilaylik. Kelin turmush qurayotganida mahallasiga duv-duv maqtov gaplar bilan kirib keldi. Ha, emishki kelin boʻlmish roʻzgʻori uchun bor mebellaru, texnika jihozlarini olib kelibdi. Toʻy kuni esa kelin sarpoga qoʻshib olib kelingan zamonaviy koʻzni qamashtiradigan jihozlarni kirib tomosha qilmagan odam qolmadi. Farovon yashashga intilish yaxshi. Xoʻp, ota-onasi orzu havasli ekan, toʻyona qilishganda dersiz...Afsuski, toʻydan keyingi toʻs-toʻpolon aynan shu qimmatbaho mebellaru, zamonaviy texnikalar uchun boshlandi. Qachonki, bank xodimlari kelinchakning oʻyiga kredit toʻlovlarini soʻrab kelishganida...Toʻgʻri topdingiz, kelin ota uyidan kelar choqqa bank kreditidan roʻzgʻorini but qilib, kamiga falon soʻmli qoʻl telefonini ham xarid qilib kelgan. Qiziq, buni toʻlovini kim qiladi, deb oʻylamaganmikan? Afsuski, oyiga 3 milliondan oshiq toʻlov qilinishi kerak boʻlgan mablagʻ uchun bir oila ajraldi. Chunki, katta qarz bilan kirib kelgan kelin qanchalar oilaga tayyor boʻlmasin, uni kuyov oilasi qabul qilmadi. Bu oilani asrab qolish uchun kimlar aralashmadi, deysiz. Mahalla, hatto tuman hokimining oʻzi ham bu muammoni oʻrgandi. Ishsiz kelin-kuyovlarni ishga ham joylashtirish uchun harakatlar qilindi. Biroq.....

    Navoiy shahridagi ajrimga sabab boʻlgan yana bir holat.

    — Endigina oila qurgan yigit allambalo internet qimorida bor bisotini tikkan, — deydi Navoiy shahar FHDYO boʻlimi 1-toifali inspektori Gulmira Shamsitdinova. — Kuyovning ota-onasi tanish bilishini oraga solib, oʻgʻlini bir necha marotaba ishga joylashtirib qoʻyadi. Afsuski, yigit oʻsha ikki yoki uch oy ishlaydigan korxonalarida ham oʻnlab odamlar ishonchiga kirib, oʻzgalarning plastik kartalaridagi pul mablagʻlarini qimor oʻyiniga tikadi. Natijada bir oila barbod boʻldi. Boisi, kuyovning kelin bilan umuman ishi yoʻq, oʻy-xayoli virtual olamdagi qimor oʻyinlarida. Qizning ota-onasi orada bola boʻlmasidan “kuyov boʻlmish” farzandini ham qimorga tikivormasligi xavotirida nikohni bekor qilishdi. Eng yomoni, ajrimga qanchalik vaqt bermaylik, berilgan imkoniyatimiz befoyda. Oliy maʼlumotli yigitning parvoyi falak. Na kelinchakka, na ota-onasiga ichi achiydi, “zombi”ga oʻxshab qolgan. Shu bugun pul topsa, yana internetga kirib oʻyin oʻynasa..., Bunday mojarolarni kun ora eshitasiz.

    — Eng afsuslanarlisi, hali ona suti ogʻzidan ketmagan goʻdakni ota-onalar turmushga uzatish uchun FHDYO boʻlimlariga olib kelishadi, — deydi Nurota tumani 1-son FHDYO boʻlimi mudirasi Zebo Mirzayeva. — Negadir, odamlarimiz yoshlarni fuqarolik pasporti oldimi, demak turmush qurishi mumkin, degan fikrda boʻladi. Aslida qiz bola na oilaviy munosabatlarga tayyor, na oila qurishga. Hatto, ular nikoh uchun jisman ham tayyor emas. Yaqinda “Eshonsudur” mahallasidan keldi. Ammo, tushuntirishlarimizga qaramay, qizni qonuniy nikohsiz “kelin” qilib uzatdi. 16-17 hatto 18 yoshda ham yigit-qizlarimizni turmushga tayyor emas deb hisoblayman. Xayolimdan fuqarolik pasportini berishni 18 yosh qilib belgilash kerak, degan fikrlar ham oʻtadi. Ammo, qaniydi erta turmushni oldini olishni faqat hujjatlar belgilasa. Qancha kuyinmang, baribir oʻz bilganidan qolmaydigan ota-onalar qancha?...Nikoh yoshini 18 dan ekanligini bilsada, “keling shularni zaksdan oʻtkazib qoʻyaylik”, — deb bolalarining pasportlarini “qoʻltiqlab” keluvchilar qancha... Nahot odamlar farzandining hayotini oʻrtaga qoʻyib nimalarnidir rejalashtirsalar...

    Karmanada esa hali turmush qurishganiga 6 oygina boʻlgan oila nikohni bekor qildi. Sabab esa xiyonat, yigitlarning beqarorligi tufaylidir. Ota-onaning istagi, qiz va yigitning koʻngil moyilligi bilan qurilgan oila koʻpga bormadi. Yigit 19 yoshda qiz esa 18 yoshda. Aniq boʻlishicha, yigit shundoqqina oʻzi yashaydigan manzilning koʻcha boshida ijarada turgan oʻzidan 4-5 yosh katta “bolali ayol” bilan 2 yildan buyon yasharkan.

    — Nahot, ota-onaning shu holatdan xabari boʻlmasa..., — deydi tuman FHDYO boʻlimi 1-toifali inspektori Gulshan Beknazarova. — Albatta xabari boʻlgan, ammo “...uylantirsak, koʻnadi...” qabilida ish tutgan. Ajrim jarayonida kelinga nisbatan yigitning gap soʻzlarini eshitgan insonning eti jimirlaydi. Axir, oila er-xotinning xohishi asosida quriladi. Kelin taraf koʻzida yosh bilan kuyovini “qargʻay qargʻay” chiqib ketdi, kelin esa yoshligi tufaylimi, nima boʻlayotganini ham anglamaydi... Tumanda 2021-yilda kuzatilgan 177 ta ajrimdan 20 dan ortiq oilaning aynan xiyonat tufayli nikohi bekor qilindi.

    Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda 15 yoshli loʻli millati vakillarining toʻy tomoshasi chiqib ketdi. Bu toʻy jamoatchilikning turli bahs-munozaralariga sabab boʻldi. Men esa bu toʻyni fojia deb hisoblayman, — deydi Navbahor tumani FHDYO boʻlimi mudirasi Halima Nurmatova. — Axir, “qovun qovundan rang oladi”, degan gap bor. Demak, odamlarda shu yoshda ham toʻy qilsa boʻladi, degan fikr paydo boʻlishi bor gap. Ajrimlarga sabablar juda koʻp mavjud. Keyingi paytlarda molu-mulki birovga oʻtib ketmasin deb qizini yoshligidayoq oʻzining yaqin qarindoshiga uzatayotganlar koʻpayib borayotganini aytish joiz. Yoki ikki boy badavlat oila farzandlari koʻngliga qaramay quda boʻlishni niyat qilgani uchun ham ajrimlar koʻpayayotganichi... Yoki umuman yoshlarning biror kasb egasi boʻlmay turib oila qurayotgani sabab ham, moliyaviy yetishmovchilik, ruhiy kasalliklarini yashirgani uchun ham bunday xunuk oqibatlar sodir etilyapti. Endi nomigagina oʻtkazilayotgan targʻibotlar oʻtmaydi. Kimni aldaymiz, agar targʻibotlarimiz natija bermasa.....Biz otinoyilar bilan ham maslahatlashib koʻrdik. Biroq, tadbirlar juda kam natija beryapti.

    Xatirchi tumani FHDYO boʻlimi mudirasi Manzura Qoʻldoshevaning soʻzlariga koʻra tumandagi ajrimlarning ayrimlariga ichkilik va giyohvandlikka berilish holatlari sabab boʻlyapti. Hayratlanarli joyi, ota-onalar hech qayerda ishlamaydigan, oʻqimaydigan, kamiga ichkilik va giyohvandlikka ruju qoʻygan oʻgʻillarini oʻylantiradi. Nazarimda tarbiya masalasi oqsagan oilada bunday farzandlar ulgʻayadi. Toʻydan keyin boʻlar-boʻlmasga doimo kaltaklangan kelinning sabri ham tugaydida. Kaltakning zoʻridan homilasi ham nobud boʻlgan kelin ajralishga qaror qildi. Ajrimlarni oldini olishdagi tadbirlarimizning birida “...oʻzimni oʻylamayapman, boʻlajak farzandimning giyohvanddan tugʻilishini istamayman”, deb yum-yum yigʻlagan qizning ruhiy azobiga biz ham chiday olmadik.

    Xullas, baʼzida oddiygina “gʻidi-bidi”dan boshlanadigan janjallarning bir yil oʻtgandan keyin FHDYO idorasi ostonasida “feʼl atvorimiz toʻgʻri kelmadi” degan vaj bilan kirib kelishidan tizim xodimlarining yuragi bezillaydi. Raqamlarga murojaat qilsak, oʻtgan 2021-yil davomida 1 229 ta oilaning nikohi bekor qilindi. Ularning 917 tasi sud orqali va 224 tasi farzandi boʻlmagan er-xotinlarning oʻzaro roziligi tufayli ajrim holati rasmiylashtirilgan. 79 ta juftlikning takroriy nikohda boʻlgani uchun sud qarori bilan nikohi bekor qilingan. 5 nafar oilaning esa er yoki xotinining ruhiyatidagi buzilish sabab umuman “muomalaga layoqatsiz” deb topilgani bois sud qarori bilan nikohi tugatildi. Nikohni bekor qilish boʻyicha eng peshqadam hudud Navoiy shahri hisoblanadi, 293ta oila buzilgan. Xatirchi tumanida 198ta, Karmana tumanida 177 ta, Qiziltepa tumanida 149 ta, Navbahor tumanida 133 ta, Zarafshon shahrida 129 tani tashkil etmoqda. Afsuski, shu ajrimlarning 60 foizi 18-20 ga kirgan yoshlardir.

    DXA Navoiy viloyati axborot xizmati.