Bu haqda Okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi (NOAA) va Xalqaro marjon riflari tashabbusi (ICRI) tadqiqotchilari 15-aprel, dushanba kuni bergan bayonotida ma'lum qilishdi.
Olimlarning ta'kidlashicha, marjonlarning oqarishi ularda sharoitlarning o'zgarishi – harorat, yorug'lik yoki ozuqa moddalari tufayli stressga uchraganida va ularning to'qimalarida yashovchi suv o'tlar ajralib chiqqanida sodir bo'ladi. Buning oqibatida ular butunlay oq tusga kirib qoladi.
Bunga Floridadagi riflar, Karib dengizi, Kosta-Rika va Panama kabi tropik Tinch okeanining sharqiy qismi, Avstraliyadagi Buyuk Baryer rifi, Tinch okeanining janubiy qismi, Fors va Aden ko'rfazi kiradi, deydi tadqiqotchilar.
Bu so'nggi 10 yil ichida sayyoramizda marjonlarning oqarishi bilan bog'liq ikkinchi hodisa bo'lib, oxirgisi 2017-yil may oyida tugagandi. Associated Press xabariga ko'ra, bunga El-Nino iqlim hodisasi sabab bo'lgan, bu esa uch yil davomida dunyo okeanining isishiga olib keladi.
Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, riflarning oqarishi bilan bog'liq hodisasga global tus berish uchun mazkur hodisa har bir yirik okean havzasida tasdiqlanishi kerak. Bu havzalarga Shimoliy va Janubiy yarimsharlardagi Atlantika, Tinch okeani va Hind okeanlari kiradi.
Marjon riflari suv osti hayoti uchun muhim ekotizim bo'lib, biologik xilma-xillikni saqlaydi va eroziyani sekinlashtiradi. Ular, shuningdek, ba'zi joylarda turistik diqqatga sazovor joylar bo'lib, mahalliy iqtisodiyot va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega, deb xabar beradi korrespondent.net.