Oliy Majlis va Yevropa Ittifoqining “Inter Pares” global dasturi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha loyiha yoʻlga qoʻyiladi

    Xalqaro hamkorlik 22 May 2023 948

    Bugun mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar parlamentning rolini yanada oshirish, Oliy Majlisning mavjud salohiyatini mustahkamlash, qonun ijodkorligi, parlament nazorati kabi yoʻnalishlarni takomillashtirishni taqozo etmoqda.

    2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham parlamentarizm sohasidagi ilgʻor xalqaro amaliyotni joriy etish vazifalari belgilangan.

    Mazkur jarayonda xalqaro hamkorlik, parlament diplomatiyasi muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Yevropa Ittifoqining “Inter Pares” global dasturi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha loyiha tatbiq etilmoqda.

    Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, “Inter Pares” – Yevropa Ittifoqining parlamentarizmni mustahkamlash boʻyicha global dasturi boʻlib, Demokratiya va saylovga koʻmaklashish xalqaro instituti (IDEA) tomonidan Yevropa Ittifoqiga hamkor mamlakatlar parlamentlarining ekspert koʻmagida amalga oshiriladi.

    Joriy yil 22-mayda poytaxtimizda mazkur loyihaning rasmiy boshlanishiga bagʻishlangan anjuman oʻz ishini boshladi. Unda senatorlar, “Inter Pares” global dasturi vakillari, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari, Vengriya, Slovakiya, Fransiya Germaniya, Kipr, Chexiya, Litva kabi mamlakatlarning milliy parlamentlari vakillari hamda Yevropa Ittifoqiga aʼzo bir qancha davlatlarning diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi.

    Loyihada ishtirok etayotgan 17 ta davlatning qonun chiqaruvchi organi orasida Oliy Majlis Markaziy Osiyo mintaqasi va butun MDH makonidagi mamlakatlardan yagona parlamentga aylandi.

    Anjumanda Senat Raisi Tanzila Narbayeva Oliy Majlisning xalqaro hamkorligi xususan, Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlar parlamentlari bilan aloqalar konstruktiv ruhda rivojlanib borayotgani, munosabatlarni amaliy loyihalar bilan boyitish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

    — Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqini asosiy xalqaro hamkor deb biladi. Biz parlament diplomatiyasi sohasidagi saʼy-harakatlarni izchil amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz. Anjuman yakunlari boʻyicha parlament salohiyatini yanada rivojlantirish va rolini kuchaytirish boʻyicha foydali tavsiyalar ishlab chiqiladi, shuningdek, ilgʻor amaliyotlar va tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻlamiz — deya, taʼkidladi Senat Raisi.

    Oʻz navbatida, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian “Inter Pares” loyihasining Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan yagona hamkor sifatida Oʻzbekiston parlamenti bilan amalga oshirilayotganiga toʻxtalib, keyingi yillarda mamlakatda jamiyatni demokratlashtirish, inson huquqlarini taʼminlash, majburiy mehnatga barham berish va boshqa yoʻnalishlardagi ortga qaytmas islohotlar va ularning natijalari bilan izohlanishini taʼkidlab oʻtdi.

    Shu bilan birga, Sh.Adrian Oliy Majlis Senati tajribasi Parlamentlararo ittifoqning genderga yoʻnaltirilgan parlamentlari reytingida tan olingan yetakchi, shuningdek, jamiyatda gender tengligini keng targʻib qilishda namuna boʻlganiga alohida eʼtibor qaratdi.

    Anjuman sessiyalarga boʻlingan holda oʻz ishini davom ettirdi. Ularda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi parlamentlarining faoliyat koʻlamidan kelib chiqib, parlament funksiyalariga amaldagi yondashuvlar va hamkor mamlakatlar parlamentlari tajribasi oʻrganildi.

    Shuningdek, xalqaro hamkorlar Senat faoliyatiga toʻxtalib, parlamentning yuqori palatasida masofaviy ishlashda oʻziga xos yondashuvlar mavjudligi, hududlar palatasi sifatida senatorlar koʻp vaqtlarini hududlarda, oʻzlari saylangan saylov okruglarida oʻtkazishlari, mazkur tajriba dunyoning aksariyat parlamentlarida uchramasligini eʼtirof etdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar mahalliy byudjet ijrosini nazorat qilish, “elektron parlament” tizimini joriy etish, gender tenglikni taʼminlash, yoshlar bilan ishlash kabi mavzularda oʻzaro fikr almashadilar.