Oliy ta'lim: yuksalish yo'lidagi muhim qadamlar

    "Yangi O'zbekiston" gazetasining 2021 - yil 31 - dekabr` sonida Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulovning "Oliy ta'lim: yuksalish yo'lidagi muhim qadamlar" nomli maqolasi e'lon qilindi. Quyida uni o'qishingiz mumkin.

    Bugun jahonda barcha sohalarda rivojlanish, takomillashish tendentsiyasi juda yuqori sur'atda kechmoqda. Bu yurtimiz ta'lim sohasidagi jadal islohotlarda ham o'z ifodasini topmoqda. Xususan, oliy ta'limni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish maqsadida O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 - yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi va boshqa bir qator me'yoriy hujjatlar qabul qilindi.

    Prezidentimiz raisligida o'tgan yil 16 - iyun` kuni oliy ta'lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi o'tkazildi. Unda keyingi bir necha o'n yilliklarga mo'ljallangan talab va ehtiyojdan kelib chiqib, oliy ta'lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan strategik maqsad va vazifalar belgilab olindi.

    2021 - yilga kelib, yurtimizda oliy ta'lim muassasalari soni 156 taga etdi. Oliy ta'limga qabul kvotasi uch b arobar oshirildi. Misol uchun, o'tgan yilda 170 ming nafardan ortiq yigit-qiz talabalar safidan joy olgani, davlat grantlari 7 ming 250 taga yoki 25 foiz oshirilgani xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi bo'lgan yoshlarning yuqori bilim va malakaga ega, raqobatbardosh kadrlar bo'lib etishishi, oliy ta'lim olishi uchun keng imkoniyat va sharoit yaratilishiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilayotganiga yaqqol dalildir.

    Holbuki, 2016 - yilda mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalari soni 77 ta bo'lib, qamrov 9 foizni tashkil etardi. Qisqa muddatda oliy ta'lim muassasalari soni ikki barobar ortgani va umumiy qamrov 28 foizni tashkil etgani nafaqat yoshlarning, balki umumjamiyatning intellektual salohiyati oshayotganidan dalolatdir. Avvallari bir oiladan bir kishi oliy ta'lim olish imkoniyatiga ega bo'lgan bo'lsa, bugun bir oilaning ikki-uch a'zosi uchun shunday sharoit mavjud. Yanada quvonarlisi, oliy ta'limga qamrov izchil kengayib, 50 foizga oshirilishi ko'zda tutilayotgani O'zbekiston yoshlarining global mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.

    Taraqqiyot drayveri

    2021 yil 25 ta yangi oliy ta'lim muassasasi faoliyati yo'lga qo'yildi. Jumladan, nodavlat oliy ta'lim muassasalari 21 taga, xorijiy oliy ta'lim muassasalari 30 taga, davlat oliy ta'lim muassasalari 106 taga etdi.

    Shuningdek, 2021 - yilda 2 ta filial va 3 ta pedagogika fakul`teti negizida pedagogika institutlari, Toshkent davlat agrar universitetining Nukus hamda Termiz filiallari, Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali alohida institutlarga aylantirildi.

    Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, uning Buxoro va Qarshi filiallariga alohida institut maqomi berildi.

    “Yangi O'zbekiston” universiteti tashkil etilgani yurtimizda yuksak intellektual salohiyatga ega, jahon mehnat bozori, ilm-fan va texnologiyalar olamida raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko'nikmalarni chuqur o'zlashtirgan, yuqori malakali, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar kadrlarni tayyorlash borasidagi muhim qadam bo'ldi.

    Har qanday mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohotlarni amalga oshirish jarayonida jahon andozalari darajasida bilim olgan, zakovatli, har tomonlama barkamol milliy kadrlarga ehtiyoj sezadi.

    Mamlakatimizdagi har bir oliy ta'lim muassasasining jahondagi etakchi ilmiy tadqiqot va ta'lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o'rnatishi, o'quv jarayoniga xalqaro ta'lim standartlariga asoslangan ilg'or pedagogik texnologiyalarni joriy qilishi, yurtimizda etakchi xorijiy universitetlar filiallari tashkil etilishini davrning o'zi taqozo qilmoqda.

    Shu o'rinda mamlakatimizda faoliyat boshlagan Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti filiali, Qozon federal universiteti filiali hamda Italiyaning Piza universiteti filialini alohida qayd etish joiz.

    Ta'lim jarayoni xalqaro talablarga moslashtirilmoqda

    Joriy o'quv yilidan boshlab oliy ta'lim jarayoni yangi standartlar va malaka talablari asosida to'liq kredit-modul` tizimiga o'tkazildi.

    Ta'lim jarayonini ortiqcha me'yorlashtirishni qisqartirish maqsadida oliy ta'limning 26 ta ta'lim sohasi bo'yicha davlat ta'lim standartlaridan voz kechildi va sohada ikkita ta'lim standarti qoldirildi, xolos. Mazkur standartlar YUNESKO tomonidan joriy etilgan “Ta'limning xalqaro standart klassifikatsiyasi” asosida qayta ishlab chiqilib, tasdiqlandi va davlat ro'yxatidan o'tkazildi.

    Yangi standartlar va malaka talablari asosida kredit-modul` tizimiga mos ravishda OTMlar tomonidan 625 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishi va 634 ta magistratura mutaxassisligi bo'yicha o'quv rejalar hamda 4,7 mingdan ziyod o'quv dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

    Natijada oliy ta'limning me'yoriy-uslubiy tizimi xalqaro standartlarga muvofiq joriy etiladi. Bu esa, o'z navbatida, mamlakat oliy ta'lim tizimi jahon ta'lim tizimiga to'liq integratsiya qilinishi, xalqaro akademik va ilmiy mobillik huquqiy asosga ega bo'lib, keskin kengayishiga xizmat qiladi. Shuningdek, diplomlar, akademik va ilmiy darajalar konvertatsiyasi uchun qulay sharoit yaratiladi. Ta'lim dasturlarini xalqaro miqyosda uyg'unlashtirish imkoniyati kengayadi. Mamlakat oliy ta'lim muassasalari xalqaro reytinglarda tengma-teng ishtirok etishi, ta'lim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, xalqaro akademik va ilmiy loyihalar ko'lami va qo'shma dasturlar asosida o'qitish salohiyati oshadi.

    Jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni etakchi xorijiy ta'lim muassasalarida tayyorlash faoliyatimizning asosiy yo'nalishlaridan biri. Ana shu maqsadda o'tgan yil “El-yurt umidi” jamg'armasi hamda oliy ta'lim muassasalarining o'zaro hamkorlik va grant dasturlari doirasida 1345 nafar professor-o'qituvchi xorijiy oliy ta'lim hamda ilmiy tadqiqot muassasalariga malaka oshirish va stajirovka o'tash uchun yuborildi. Ularning 579 nafari Evropa, 172 nafari Amerika, 82 nafari Osiyo, 512 nafari MDH mamlakatlarida tahsil olmoqda.

    Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifati va samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2021 yilda 1793 nafar xorijlik mutaxassis mahalliy o'quv jarayoniga jalb qilingan bo'lib, ularning 481 nafari Evropa, 97 nafari Amerika, 263 nafari Osiyo, 952 nafari MDH mamlakatlari professor-o'qituvchilari va soha mutaxassislaridir.

    Bugun hech bir sohani axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Ta'lim jarayoniga oliy ta'lim muassasalaridan olinadigan turli hisobot va ma'lumotlar sonini keskin kamaytirish, ularni tayyorlashning qog'oz shaklidan voz kechish, boshqaruv tizimini raqamlashtirish maqsadida “Raqamli universitet” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida oliy ta'lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi ishlab chiqildi. Ushbu axborot tizimi ma'muriy, o'quv, ilmiy va moliyaviy jarayonlarni boshqarish modullarini o'z ichiga oladi.

    Mamlakatimiz ta'lim tizimidagi tub ijobiy burilishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan muntazam e'tirof etilmoqda. Jumladan, QS xalqaro reyting kompaniyasining rivojlanayotgan Evropa va Markaziy Osiyo davlatlari reytingida O'zbekiston Milliy universiteti o'tgan yili 351+ natija ko'rsatgan bo'lsa, 2022 yil uchun e'lon qilingan reytingda 100 pog'ona yuqori ko'tarilib, 251+ o'rinni egalladi.

    Bundan tashqari, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti 211+ o'rin bilan o'tgan yilgi ko'rsatkichidan 40 pog'ona yuqori ko'tarildi. Toshkent davlat texnika va Samarqand davlat universitetlari o'tgan yilgi 351+ o'rinni saqlab turibdi.

    Talaba moddiy qo'llab-quvvatlanmoqda

    Ayni paytda OTMga o'qishga kirishi uchun yoshlarimizga 20 ga yaqin imtiyoz berilgan bo'lib, ularning asosiy qismi davlat granti asosida qabul qilinadi. Shu bilan birga, talabalar uchun ham qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratib kelinmoqda.

    Jumladan, 2021/2022 - o'quv yilida ixtiyoriy ravishda emlangan (bakalavriat va magistratura) talabalarga belgilangan to'lov-shartnoma miqdoriga nisbatan 10 foiz chegirma berildi.

    2020/2021 - o'quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar to'lov-shartnoma summasini teng ulushda, o'quv yili davomida to'rt marotaba bo'lib to'lash huquqiga ega bo'ldi. Yutuqlar, qilingan ishlar, berilayotgan imtiyoz va vakolatlar asosan yoshlarning bilim olishi, ularni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu maqsadlardan dalolat.

    Joriy o'quv yilidan boshlab bazaviy to'lov-shartnoma asosida davlat oliy ta'lim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo'q yolg'iz ayollarni Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda davlat oliy ta'lim muassasalari hisobidan o'qitish tartibi joriy etildi.

    Unga ko'ra, hokimliklar har o'quv yilida 100 nafardan xotin-qiz uchun mahalliy byudjetning qo'shimcha manbalari hisobidan bazaviy to'lov-shartnoma summasini to'lab beradi. Shuningdek, moliyaviy barqaror oliy ta'lim muassasalari 50 nafargacha xotin-qizni byudjetdan tashqari mablag'lar hisobidan bepul o'qitib beradi. Bu toifadagi xotin-qizlar to'lov-shartnoma asosida o'qishga tavsiya etiladi, ammo imkoniyati yo'qligi tufayli shartnoma pulini to'lolmay talabalik baxtiga musharraf bo'lmasdi. Ularga davlat tomonidan oliy ta'lim olish uchun katta imkoniyat berilmoqda.

    “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan farzandlariga 2021/2022 - o'quv yilida birinchi o'quv yili uchun to'lov-shartnomaning to'liq summasini davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplab berish tartibi joriy etilgani mamlakatimizda insonparvarlik siyosati ustuvorligining yaqqol isboti bo'ldi.

    O'tgan yil 1 - maydan boshlab yotoqxona bilan ta'minlanmagan, ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta'lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular to'laydigan oylik ijara haqining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilandi. Barcha talabani yotoqxona bilan ta'minlash imkoniyati mavjud emas. Istaymizmi-yo'qmi, ulardan ayrimlari ijarada turishga majbur. To'lovshartnoma bilan birga ijara haqini to'lash ota-onaga og'irlik qiladi. Natijada talabalar arzon, sharoiti haminqadar uylarda yashashga majbur bo'lyapti va oqibatda turli noxush vaziyatlar yuzaga kelmoqda. Yangi tartib joriy etilishi ana shunday ko'ngilsizliklarning oldini olish va talabaning qulay sharoitda yashashini ta'minlash uchun yana bir imkoniyatdir.

    Tarixiy qarorlar

    Yaqinda Prezidentimiz oliy ta'lim sohasi bo'yicha ikkita tarixiy qarorni imzoladi. “Davlat oliy ta'lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to'g'risida”gi va “Davlat oliy ta'lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorlar sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarishda muhim ahamiyatga ega.

    Ikkala qaror ham oliy ta'lim tizimi uchun juda katta yangilik bo'ldi. Bu qarorlar loyihasi ustida salohiyatli OTM rektorlari, professor-o'qituvchilar, mehnat jamoalari, mahalliy ekspertlar, 30 nafardan ziyod xorijiy mutaxassis to'qqiz oy davomida ishladi. Qaror emas, butun qonunlarni o'zida aks ettirgan kodeks ustida shuncha vaqt ishlash mumkin. Qaror loyihasi ikki oy muhokama qilindi. Maqsad — davlat oliy ta'lim muassasalarining xususiy va xorijiy OTM filiallari bilan raqobatga kirishishi va mustaqil qaror qabul qilishi uchun imkoniyat berish: ham moliyaviy, ham akademik jihatdan. Endi o'quv rejasi, o'quv dasturi, hatto bakalavriat, magistraturada o'qish muddatini ham OTMning o'zi belgilaydi.

    Davlat buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag' bir talabaga to'g'ri keladigan o'rtacha xarajat miqdoridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Misol uchun, bir talaba uchun o'rtacha xarajat miqdori oliy ta'lim muassasasi ichki imkoniyatidan kelib chiqib, 8 million so'mdan 30 million so'mgacha mablag'ni tashkil etmoqda.

    To'lov-shartnoma asosida o'qitish qiymati ta'lim xizmatlari bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib, ammo bazaviy to'lov-shartnoma qiymatining uch barobaridan ortiq bo'lmagan miqdorda belgilanadi.

    Joriy o'quv yilida davlat oliy ta'lim muassasalarida kunduzgi bakalavriat uchun to'lov-shartnoma qiymati ta'lim yo'nalishiga qarab, 6,4-9,8 million so'mni tashkil etadi. Oliy ta'lim muassasasida ilmiy salohiyatni oshirish uchun davlat buyurtmasidan tashqari doktoranturaga kvotaga qo'shimcha talabgorlarni qabul qilish vakolati mavjud emas edi. To'lov-shartnoma asosida doktoranturada o'qish qiymatini belgilash va o'z mablag'i hisobidan grant ajratish orqali doktoranturaga qabul qilish vakolati taqdim etilyapti. OTM va uning tuzilmasidagi ta'lim muassasalari uchun o'z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o'quv va ilmiy adabiyotlarni chop etish vakolati berildi. Shu paytga qadar vazirlikda bo'lgan bu vakolatning OTMlarga berilishi bilan uzoq navbatlarning oldi olinadi. Adabiyotlarning o'z vaqtida chiqishi va talabalar qo'liga etib borishi ta'minlanadi. Biz oldingiday tanish-bilish, korruptsiya bo'lib ketadi, desak, o'lchamni shu fikrlar bilan olsak, hech qachon rivojlanmaymiz. Ochilish, imkoniyat yaratish vaqti keldi, deb o'ylayman.

    Qaror loyihasi muhokamasida bir masala qo'yildi: prorektorlarni vazir emas, rektorlarning o'zi, kuzatuv kengashi tayinlasa qanday bo'ladi? Bu vazirdan vakolat ketadi, degani emas. Biz rektorlarga mana shu vakolatni beramiz. Zero, rivojlangan xorijiy mamlakatlarda universitet rektori bekorga OTM prezidenti, deb atalmaydi. Buning uchun oliy ta'limda har bir qadamimiz liberallashuvga asoslangan bo'lishi kerak.

    Akademik mustaqillik har qanday OTM faoliyatining asosiy tamal toshi sanaladi. Chunki usiz OTMda yangi g'oya, innovatsiya, yangicha ilmiy tadqiqotlar bo'lmaydi. SHuning uchun ham asosiy vakolatlar belgilab qo'yildi.

    Ushbu qarorlarga muvofiq, mamlakatimizdagi 35 ta oliy ta'lim muassasasiga ham moliyaviy, ham akademik va tashkiliy boshqaruv sohalarida qo'shimcha vakolatlar, mustaqillik berish belgilandi. Savol tug'iladi: nega 35 ta? Mamlakatimizda bugun 160 ga yaqin OTM mavjud, ularning 106 tasi davlatga qarashli. Nega aynan 35 ta OTM tanlab olindi?

    Avvalambor, etakchi oliy ta'lim muassasalari bo'lgani va milliy reytingda yuqori o'rin egallagani, moddiy-moliyaviy imkoniyati hamda ilmiy salohiyatini hisobga olgan holda shuncha OTM tanlab olindi. eng asosiysi, ularning etakchiligiga e 'tibor qaratildi. Bu boshlang'ich qadam hisoblanadi. Keyingi bosqichda bu saf kengayishi ko'zda tutilgan. 35 ta OTMning 2022 yil 1 yanvardan moliyaviy, 2022/2023 - o'quv yilidan tashkiliy va akademik mustaqilligini olib borishiga qarab, qarorda belgilangan mustaqillik mana shu darajaga etgan OTMlarga bosqichma-bosqich berib boriladi.

    Moliyaviy mustaqil OTMlarda vasiylik kengashlari tugatilib, kuzatuv kengashi tashkil etilmoqda. Bu kengash tarkibi kadrlar buyurtmachilari, jamoatchilik vakillari — faol fuqarolik pozitsiyasiga ega shaxslar va homiylardan 70 foizdan kam bo'lmagan tarkibda tuziladi.

    Birinchi navbatda, moliyaviy mustaqillik berilayotgan OTMlarga standart normativlardan farqli o'laroq, o'z xususiyatidan kelib chiqib, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va kuzatuv kengashlari orqali tasdiqlatib, amaliyotga joriy etish vakolati berilyapti. Bu vakolatlarning berilishi OTMlarda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va ta'lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Mazkur oliy ta'lim muassasalari bundan buyon o'zining strategik rivojlantirish dasturlari, biznes rejalari hamda daromad va xarajatlar parametrini mustaqil shakllantirib, kuzatuv kengashlari muhokamasidan o'tkazib, amaliyotga joriy etadi.

    Shu bilan birga, OTMlar moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib, iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga o'qish davrida stipendiya va grantlar e'lon qiladi. Bu ham qarorning eng muhim yangiliklaridan biri. To'lov-shartnoma miqdori, ularni to'lash va uzaytirish muddatini mustaqil belgilaydi. Ta'lim sifatini oshirish maqsadida xorijiy professor-o'qituvchi va mutaxassislarni ta'lim jarayoniga shartnoma asosida jalb qiladi. Mazkur OTMlar moliyaviy resursini ishlatish tartibini mustaqil belgilaydi. Byudjetdan tashqari qo'shimcha mablag'lar ishlab topish, professor-o'qituvchilar va xodimlarni qo'shimcha moddiy rag'batlantirish maqsadida innovatsion ishlanmalarini tijoriylashtirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlar tashkil etish va daromad topish imkoniyati oshadi. Bu daromad, shubhasiz, ta'lim rivojiga sarflanadi.

    Ijtimoiy soliq stavkasining amaldagi 25 foiz o'rniga 12 foizga tushirilishi ham OTMga tejalgan mablag'lar hisobidan professor-o'qituvchilar va xodimlarni moddiy qo'llab-quvvatlash, ta'lim sifatini oshirish hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlashga yo'naltiriladi.

    Ushbu qaror bilan kuzatuv kengashlariga yana bir muhim vakolat berilmoqda. U ham bo'lsa, har bir oliy ta'lim muassasasi o'z xususiyatidan kelib chiqib, tashkiliy tuzilmasi va shtat birliklarini mustaqil joriy etadi. Amalda barcha OTM uchun yagona bo'lgan namunaviy shtatlar shakllantirib kelingan. Anglash mumkinki, har bir OTMning o'z xususiyatidan kelib chiqib, zarur bo'linma yoki shtat birliklarini joriy etishga imkoniyati bo'lmagan.

    Ushbu OTMlar 2022/2023 - o'quv yilidan boshlab to'lov-shartnoma asosida qabul parametrlarini ta'lim bozoridagi talab va takliflardan hamda ilmiy salohiyati va moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib, mustaqil belgilaydi. Bu bilan mehnat bozorida iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur bo'lgan mutaxassislarni kadrlar buyurtmachisining talabi asosida tayyorlashga zamin yaratiladi.

    Mamlakatning taraqqiyoti, asosan, ilmu ma'rifat va innovatsiyalarga asoslanadi. SHunday ekan, oliy ta'limga qaratilayotgan e'tibor, asosiy tayanchimiz bo'lgan azmu shijoatli yoshlarga g'amxo'rlik yurtimizda ulug' maqsadga erishish yo'lidagi muhim qadamdir. Bu — yangi uyg'onish davriga poydevor, uning asosida, yoshlarning ertangi kunga, taraqqiyotga ishonchi aks etadi. Ta'lim rivojlanar ekan, mamlakat taraqqiyoti kafolatlanadi. Bu esa o'zida yangi Renessans davrini ifoda etadi.