Olmaota shahrida “Shaffoflik, qulay sharoit va hamkorlik uchun birdamlik” mavzusidagi STEP UP Forumi ochildi

    Mamlakatimizda 7 Iyul 2021 587

    7-iyulda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov Olmaota shahrida ochilgan “Shaffoflik, qulay sharoit va hamkorlik uchun birdamlik” mavzusidagi STEP UP Forumida ishtirok etdi. Forum Change Innovation for fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha global tashabbusi koʻmagida “ARGO” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Assotsiatsiyasi (Qozogʻiston) tomonidan tashkil etildi.

    Forum Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish strategiyasi boʻyicha umumiy qarashlar, tendensiyalar va daʼvatlarni birgalikda ishlab chiqish maqsadlariga qaratilgan. Unda Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Afgʻoniston va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 500dan ortiq nodavlat tashkilotlar vakillari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha 50 dan ortiq yetakchi dunyo ekspertlari ishtirok etyapti.

    7-iyuldan 10-iyulgacha ishtirokchilar tajribali mutaxassislar bilan ishlash, yalpi majlislar, tahliliy tadbirlar, mahorat darslari, munozaralar oʻtkazish va tajriba almashish imkoniga ega boʻladi. Bundan tashqari, faol yoshlar oʻzlarining targʻibot tadbirlarini taqdimot qiladi, “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi vakillari esa mintaqada amalga oshirilayotgan loyihalar haqida soʻzlab beradi.

    B.Bekmurodov Markaziy Osiyo forumida soʻzga chiqib, 2017-yilda Oʻzbekistonda davlat va jamiyatning barcha sohalarida islohotlarning yangi bosqichi boshlanganini taʼkidladi. Qabul qilingan besh yillik Harakatlar strategiyasida ustuvor yoʻnalishlar belgilandi. Respublikada barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun mintaqaviy hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash yoʻnalishi shular jumlasidan.

    Oʻzbekiston Prezidenti hamda mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyoda oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlariga asoslangan mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi.

    Ijobiy tendensiyalar deyarli barcha – siyosiy va iqtisodiy sohalardan tortib to, madaniy-gumanitar sohalargacha qamrab oldi. Markaziy Osiyoda yangi siyosiy muhitning shakllanganligi davlat rahbarlarining tez-tez muloqot qilishlaridan, yirik qoʻshma dasturlarning amalga oshirilayotganidan, mintaqaning ham siyosiy, ham jamoat institutlari uchun yangi hamkorlik yoʻnalishlari ochilayotganidan darak beradi.

    Soʻnggi yillardagi tendensiyalar va yutuqlar shuni koʻrsatyaptiki, Markaziy Osiyo oʻzgarib bormoqda. Bu yerda yangi siyosiy muhit shakllanmoqda, bu birlik va hamjihatlikni sezilarli darajada mustahkamlash bilan tavsiflanadi. Mamlakatlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari Markaziy Osiyoni ochiq va barqaror rivojlanayotgan mintaqa, istiqbolli xalqaro hamkor sifatida shakllantirishga yordam beradi.

    “Mintaqa mamlakatlarida barqaror rivojlanishga erishish va tub oʻzgarishlarni amalga oshirish uchun jamoatchilikning keng ishtiroki zarur. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston davlat va jamiyatning barcha sohalarini tubdan isloh qilish bosqichini boshidan kechirayotgan mamlakat sifatida fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish, siyosiy institutlarni demokratlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish gʻoyalariga sodiqdir”, — deya taʼkidladi “Yuksalish” UMH raisi.

    Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda katta ishlar amalga oshirildi. Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish mexanizmlari maqsadga muvofiq ravishda takomillashtirilyapti, kafolatlar mustahkamlanib, mahalliy infratuzilma takomillashtirilyapti. NNT faoliyati boʻyicha qonunchilikni sezilarli darajada liberallashtirish boshlandi.

    Masalan, jamoat tashkilotlari faoliyatini cheklovchi byurokratik moneliklar bekor qilindi. Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan chet el grantlarini olish va ulardan foydalanishdagi toʻsiqlar olib tashlandi. NNT va roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ oʻrtasidagi tadbirlarni muvofiqlashtirish tartibi bekor qilindi. Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat boji stavkalari 5 baravarga, soliq yuki ikki baravarga kamaytirildi.

    Nodavlat notijorat tashkilotlariga adliya organlari bilan bogʻliq barcha xizmatlarni elektron shaklda taqdim etish imkoniyatini beruvchi e-ngo.uz portali ishga tushirildi. Har bir viloyat markazida NNTlar tashkil etilyapti, ularda fuqarolik jamiyati institutlari bepul joylashtirilyapti.

    Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar va grantlar soʻnggi toʻrt yil ichida toʻrt baravar oshdi.

    B.Bekmurodovning soʻzlariga koʻra, joriy yilda 2021—2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasining qabul qilinishi Oʻzbekistonning fuqarolik jamiyatini yana-da rivojlantirish va jamoat institutlarining rolini kuchaytirishga sodiqligini yana bir bor namoyish etdi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.

    Konsepsiya 2025-yilgacha ustuvor yoʻnalishlar va maqsadli koʻrsatkichlarni belgilab berdi. Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi 2021-yilda kamida 1,2 baravarga va 2025-yilda 1,8 baravarga oshirildi. Amalga oshirilgan ishlar, ijtimoiy sheriklik darajasi, ajratilgan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar samaradorligi va boshqa muhim koʻrsatkichlar asosida har yil oxirida NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksini yuritish koʻzda tutilgan.

    “Yuksalish” umummilliy harakati raisi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi. Harakat mintaqa davlatlari jamoat tashkilotlari bilan birgalikda quyidagi muhim yoʻnalishlarda ishlashga tayyorligini maʼlum qildi:

    • fuqarolik sektori va ekspertlar hamjamiyati darajasida muloqotni kuchaytirish maqsadida mintaqaviy munozara platformalarini rivojlantirish;
    • Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha Markaziy Osiyo strategiyasini hamkorlikda ishlab chiqish;
    • Fuqarolik jamiyati institutlarini, yosh mutaxassislarni va akademik jamoalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mintaqaviy dasturlarni hamkorlikda yoʻlga qoʻyish;
    • toʻplangan tajribani tezroq va samaraliroq almashish hamda mintaqa mamlakatlarida amalga oshirilayotgan islohotlar ekspertizasini taqdim qilish uchun ekspert platformalarini yaratish;
    • Uchinchi sektorda tizimli ravishda oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va umumiy siyosatni muvofiqlashtirish uchun Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati alyansini hamkorlikda tashkil etish;
    • Nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik aʼzolari uchun stajirovka dasturlarini boshlash.

    B.Bekmurodov nutqida: “Saʼy-harakatlarimizni birlashtirsak, butun Markaziy Osiyo mintaqasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda katta natijalarga erishishimiz mumkin”, — deya alohida taʼkidladi.