Xorazm qo'shig'i
Ko'hna Xiva tomonlarda Xorazmdan Samarqandgacha yo'lda oltin tangalar sochqi qilingan bir to'y haqida hozirgacha hikoya qilinadi. Xorazm qo'shig'i o'sha olis so'filar sulolasi davridan kelayotgan ekan. Xorazmlik mashhur qo'shiqchi Safo Olloberganov (1882-1938) Safo mug'anniy nomi bilan xalq orasida mashhur bo'lgan. O'zbek raqs san'atining taniqli namoyandasi Tamaraxonim 1934-1935 yillari Xorazmda ijod bilan mashg'ul bo'ladi. Xuddi shu paytlar Safo Mug'anniy Xorazm elida mashhur temuriy Jahongir mirzo nomidan aytiladigan “bo'lmas” radifli qo'shiq so'zlarini Tamaraxonimga o'rgatadi.
Londonda 1935-yili bo'lgan xalqaro festivalda shu repertuar uchun Usta Olim Komilov va Tamaraxonim tadbirning oliy mukofoti – oltin medal bilan taqdirlanadi. Tamaraxonim sho'rolar siyosati tufayli, qo'shiqni “xalq so'zi” deb ijro etgan. U paytlarda Amir Temur va temuriylar nomlari tarixchilar tomonidan qattiq qoralanardi. Pashshalardan yasalgan soxta fillar Turon tarixini istaganicha payhon qilardi. Bu qo'shiqni saqlab, xalqqa etkazgan Safo Mug'anniy ham 1937-yili o'sha paytdagi hukumat rahbarlari Fayzulla Xo'jaev (1896-1938) va Akmal Ikromovga (1898-1938) bag'ishlab qo'shiq aytgani uchun “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olinadi.
Oradan yillar o'tib, qo'shiqning to'liq matnini jurnalist Anbara Otamurodova 1985-yili “Musiqa javoni” telejurnali uchun “Bir qo'shiq tarixi” sahifasini tayyorlash jarayonida “Orazibon” ansambli a'zosi bastakor Matniyoz Yusupovdan (1925-1992) yozib olgan. Safo Mug'anniy kuylagan o'sha qo'shiq matni:
Ganji Qorabog'dan galdim qoshingga,
Sanga jonim qurbon etmasam bo'lmas.
Qo'sharmisan boshing mening boshima?
Yo'lingda jon fido etmasam bo'lmas.
YUzing o'xshar o'n to'rt gejali oyga,
Oq yuzingga soching zulflari soya.
Bazm aylab o'tirgan Tillo saroyga,
Ochib javob barsang, girmasam bo'lmas.
Ro'zi qilsa g'am sha'rini balosi,
Ularga kirmasa, ohim sadosi.
O'lturgan parilar dardim davosi,
Saroydin sallonib chiqmasam bo'lmas.
Saroying balandda qirq zinapoya,
YUzingni o'xshatdim shamsi va oya.
Saroga tushma bo'lib san zoya,
Nasib bo'lsa sani yoshlasam bo'lmas.
Uzoqdan qarasam, manglaying yoziq,
Kiyganing xulladir, bellari nozik.
Bilakga yarashar tillo bilozik,
Qo'llaring bo'ynima solmasam bo'lmas.
Oshiq sanga aytib tongni ottirdim,
Oq siynamni ayozlarda qotirdim.
Oy yuzingni ko'rib aqlim shoshirdim,
Tilagim bir bo'sa barmasang bo'lmas.
Bir oshiq nidosi... U qachon va qanday dunyoga kelgan? Vahki, ajdodlarimiz uni har qanday balo-qazolardan asrash uchun “xalq so'zi” qilib, o'z bag'riga yashirgan ekan. Tarixiy lavhalar shu tariqa tozara boshlaydi. Harakatdan to'xtamasak, uni g'uborlardan xoli, toza va tiniq ko'rishga erishamiz.
Qo'shiq ortidagi voqealar
Chingiziy aslzodalar orasida qo'ng'irot qizlarga uylanish urf bo'lgan. Ular toza nasabli hisoblanardi. Amir Temur ham shu an'anaga rioya qilib, o'g'li Jahongir mirzoga (1356-1376) Oq So'fining qizi Sevinchbekni olib beradi. erining o'limidan so'ng bu malikani Amir Temurning boshqa o'g'li Mironshoh (1366-1408) nikohiga oladi.
XIV asrda qarindoshlik rishtalari siyosiy urushlarning oldini olish, yarashuv – sulhning muhim atributlaridan biri edi. Amir Temurning Xorazmga yurishlaridan birida ham Sevinchbek ishtirok etgan shunday hodisa sodir bo'ladi. “Mujmali Fasihiy” asarida bu voqea to'g'risida quyidagicha axborot beriladi:
“Jumad al-oxir oyining 27 kuni chorshanbada (1372 yil, 5 yanvar`) Amir Temur shaharni qamal qilib turgan vaqtida Xorazmda amir Husayn So'fi vafot etadi va o'rniga ukasi Yusuf So'fi taxtga o'tiradi. Xorazm hukmdori YUsuf So'fi amir Sohibqiron bilan Xonzodani amirzoda Jahongirga berishi va Amir sohibqiron Xorazmni qamal qilmasligi to'g'risida bitim tuziladi. 1373-yili Sohibqiron Amir Temur ko'ragon ikkinchi marta Xorazmga jo'nadi. Uning qulog'iga YUsuf So'fi itoatdan bosh tortib, bergan va'dasidan chiqqani to'g'risida xabar keldi. Amir Sohibqiron yo'lga chiqqanini eshitgan Amir Yusufning notinchligi va vahimasi kuchayib, muruvvat tilab, kechirim so'radi. Amir Sohibqiron yarim yo'ldan qaytdi. 1373-yili Xonzoda hazrati oliylarini Xorazmdan olib kelib, amirzoda Muhammad Jahongir ibn amir Temur ko'ragonga erga berdilar. Amir Sohibqiron Konigilda shu vaqtgacha hech kim ko'rmagan to'y qilishni buyurdi.”
* * *
Bu voqea tafsiloti Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida quyidagicha bayon qilingan: “Yusuf So'fi qizni uzatishga rozi bo'ladi, ammo qizning hali sepi tayyor emasligini bahona qilib, vaqtni cho'zadi. 1373-yil fevral oyida sohibqiron ikkinchi marta Xorazmga yurishga otlanadi. Yusuf So'fi sulhni buzib, qizni jo'natmay, Kat shahrini tanlagandi. Vaziyatni o'nglash uchun, So'fi tezda elchilar jo'natadi. YUrish bo'lmaydi. Oltin O'rda beklaridan Nangudayning o'g'li Oq So'fi O'zbekxonning qizi Shakarbekka uylangandi. Ularning qizi Sevinchbek chiroy va nasabda tanho edi. To'y taraddudi ham shunga yarasha bo'lgan. Amir Temur Xorazmga kelinni olib kelishga chingiziy beklardan Yodgor barlos, Dovudbek va O'ljatoybekni jo'natadi. Ular taqdim qilgan sovg'alar orasida qimmatbaho mato, oltin iplar bilan tikilgan parcha, xitoy ipagi, qul, otlar bor edi. Xorazmda boshlangan to'y Samarqandda davom etdi. Amir Temur Xonzodani kutib olish uchun shahar darvozasiga barcha ulamo, shayx, chingiziy malikalarni yuboradi. Shahar to'liq bezatiladi. Oltin tangalardan iborat sochqilar yo'l bo'ylab maxsus tikilgan oq uygacha sochiladi. Tinimsiz sochqilardan Xonzoda bo'yi baravar tillaga ko'mildi. Kelin-kuyov uchun tikilgan maxsus oq uyning (chodir, o'tov) ichi gavharu durlar bilan bezatilgandi. Kuy-musiqa avjida edi”.
Bir qo'shiq sohibasini qidirib, biz ham shu bazmga borib qoldik. Bu aytilganlar o'sha qo'shiq ortidagi voqealarning muqaddimasi edi.
Hilola Nazirova,
O'zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi