Masalan, soʻnggi sutka davomida Ruminiyada SOVID-19ni yuqtirish koʻrsatkichlari birdaniga 9 mingtaga oshib ketdi. Bu mamlakatda pandemiya davrida qayd etilgan rekord koʻrsatkichdir.
Yana bir xavotirli jihati, bu yerda 10-yanvar soat 10:00 dan 11-yanvar soat 10.00 gacha 43 kishi koronavirusdan vafot etgan, yuzlab bemorlar ogʻir ahvolda reanimatsiya boʻlimlariga yotqizilgan.
Peruda ham vaziyat yomonlashmoqda. Hududda kunlik kasallanish holatlari kecha 36 mingtadan oshgan. Bu ham mamlakatda oʻrnatilgan rekord koʻrsatkich hisoblanadi. Tahlilchilar fikricha, oʻsish surʼatlari dekabr oyi soʻnggi haftasida boshlangan va Yangi yil bayramidan keyin kuchaygan. Kecha jami kasallanganlardan 90 nafari hayotdan koʻz yumgani mamlakat uchun katta yoʻqotish boʻldi.
Fransiyada esa 10-yanvarda koronavirus toʻlqini sezilarli darajada ortga qaytgani kuzatilgandi. 11-yanvarga kelib esa kunlik yangi holatlar favqulodda 87 mingtadan qariyb 360 mingtaga koʻtarilib ketdi. Bu mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon roʻyxatga olingan eng yuqori koʻrsatkichdir.
Turkiyada ham kechagi rekord yangilanib, kunlik koʻrsatkichlar bir kun avvalgi 65 mingtadan 74 mintaga yetdi. Italiyada 11-yanvarning oʻzida SOVID-19ni yuqtirganlar soni 220 mingdan oshgani xavotirli vaziyat, deb baholanyapti. Ispaniyada esa 134 ming nafar bemorda koronavirus aniqlangan.
Germaniyada yangi yilning birinchi kunida pandemiya toʻlqini ortga qaytib 3 ming kishida ushbu infeksiya aniqlangan boʻlsa, kecha 120 mingdan ziyod holat qayd etilib, yana koʻtarilish kuzatila boshladi.
Hindistonga ham “omikron” kirib borgach, epidemiologik vaziyat tobora murakkablashmoqda. Bu yerda kuni kecha 168 ming nafar bemor roʻyxatga olingan. Qozogʻistonda esa 11-yanvarda koronavirusga test topshirgan 4889 kishida “musbat” natija qayd etildi.
Yangi shtamm Moldovaga ham kirib bordi. Bu yerda bir yoʻla 16 kishida “omikron” aniqlandi. Ular orasida ikki oylik chaqaloq ham bor.
Rossiyada esa bu mutatsiya turini yuqtirganlar soni rasman 305 nafarga yetdi. Mutaxassislar mamlakatda kunlik kasallanish koʻrsatkichlari 100 mingdan oshib ketishidan jiddiy xavotirda.
JSSTning Yevropa departamenti rahbari Xans Klyugening aytishicha, kelgusi 6-8 hafta ichida Yevropa aholisining yarmidan koʻpi “omikron” bilan kasallanishi mumkin.