Omma oldida soʻzlash masʼuliyati

    Fikr 30 Aprel 2021 2144

    Soʻz erkinligi hamda uni ifodalash eng asosiy huquqlaridan biridir. Biroq undan foydalanish, fikrlar bilan oʻrtoqlashish va tarqatish uchun inson maʼnan sogʻlom, qonunga itoatkor ruhda tarbiyalangan boʻlmogʻi lozim.

    Boshqacha aytganda, insondan soʻz aytmoq masʼuliyatini anglashi talab etiladi. Shu mavzuda gap ketganda hazrat Navoiyning “Oldiga qoʻyganni yemoq hayvonning ishi, ogʻziga kelganni demak nodonning ishi”, degan hikmati yodimizga tushadi.

    Bugun ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning faolligi ancha yuqori. Axborot texnologiyalarining yutuqlari hayotimizda bir qator qulayliklar tugʻdirmoqda. Shu bilan birgalikda ommaning bunday faolligidan “unumli” foydalanib qolish payida yurganlar ham yoʻq emas. Ayni paytda soʻz erkinligidan foydalanib, moʻmay daromad ilinjidagi ayrim soxta “bloger”lar asossiz, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan axborotlarni, ayniqsa qonunga itoatsiz boʻlish mazmunidagi fikrlarni tarqatayotganidan koʻz yumib boʻlmaydi. Endilikda bunday toifa kishilar koʻzlarini kattaroq ochishga toʻgʻri keladi.

    Aytmoqchimizki, fikrlar va qarashlar maydoniga chiqar ekanmiz, bunda avvalo mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarga oʻz munosabatimiz hamda nuqtayi nazarimizni bildirishda qonunchiligimizga amal qilmogʻimiz lozim. Bayon etayotgan fikrlarimiz mamlakat taraqqiyotiga daxldorligini, qolaversa meʼyorni buzib, xayolimizga kelgan boʻlar-boʻlmas, asossiz gaplarni gapirishimiz tegishli tartibda javobgarlikni keltirib chiqarishini unutmasligimiz shart. Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi 2021-yil 30-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonuni quyidagi mazmundagi 2011-modda bilan toʻldirildi:

    “Qonunchilik hujjatlarini bajarmaslikka yoki buzishga omma oldida daʼvat qilish Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmogʻidan, shuningdek matnni koʻpaytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida daʼvat qilish — bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”.

    Shu oʻrinda muhim bir gapni aytmasak boʻlmaydi. Konstitutsiyamiz, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun bilan fuqarolarimizning axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqi kafolatlab qoʻyilgan. Qolaversa, soʻnggi yillarda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi, “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlar bilan fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan axborotlar bilan tanishib chiqish imkoniyati toʻla taʼminlanganligi bu boradagi huquq va majburiyatlarimizni bilib qoʻyishimizni taqozo etadi.

    Demak, yuqorida taʼkidlangan oʻzgartirish qonunchiligimizna juda oʻrinli kiritilgan. Chunki, axborot jamiyati tobora rivojlanib borayotgan bir paytda fuqarolarning tinch hayotiga raxna solish, daxl qilishdan saqlanish uchun ularning huquq hamda qonuniy manfaatlariga rioya qilish yana-da dolzarb ahamiyat kasb etayotganligini hech kim inkor eta olmaydi. Shu maʼnoda qonunchiligimizga kiritilgan bu oʻzgartirish xalqaro huquqiy qoidalarga hamda koʻzga koʻringan demokratik mamlakatlar tajribasiga toʻla mos keladi.

    Ahadjon OʻLMASOV,

    jinoyat ishlari boʻyicha

    Yuqorichirchiq tuman sudining raisi