Oʻzbek tili huquqiy asoslarining yaratilishi milliy til taraqqiyot yoʻnalishlarini belgilab berdi. Oʻzbek tilining mavqei yuksaldi, ijtimoiy funksiyasi kengaydi. Bu tilning aloqa-munosabat, hissiy taʼsir, toʻplash vazifalari bilan bir qatorda tafakkurni rivojlantiruvchi, aniq va tabiiy fanlar doirasidagi, ishlab chiqarish tarmoqlaridagi yangiliklarni ifoda etish xususiyati takomillashdi. Tilga munosabat, tilga eʼtibor, tilga hurmat tuygʻulari yanada turgʻunlashdi. Oʻzbekiston fuqarolari ongida davlat tili haqidagi qonun talablari haqida eʼtirof shakllandi.
Davlat tiliga munosabat, unga amal qilish ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etdi. Oʻzbek tilining mavqeini koʻtarishga, uni takomillashtirishga xizmat qiladigan tadqiqotlar, tilshunoslikning yangi yoʻnalishlariga doir izlanishlar yuzaga keldi. Tilning ijtimoiy qiymatini, til va jamiyat munosabatini yorituvchi sotsiolingvistika, nutq jarayonining psixik tabiati, nutqning reallashuviga qadar boʻladigan jarayon haqida bahs yurituvchi psixolingvistika, tilning madaniy qiymati, tilda xalq dunyoqarashi, urf-odat, anʼanalari, milliy qadriyatlar ifodasini tahlil qiluvchi lingvokulturologiya, tilning globallashuv jarayoniga mos holda takomillashuviga xizmat qiladigan kompyuter lingvistikasi sohalariga doir ilmiy tadqiqotlar yaratildi. Jadal surʼatlarda rivojlanib borayotgan jamiyatga xizmat qiluvchi tezkor axborot uslubini shakllantirish, oʻzbek tilidagi tarjima, avtomatik tahrir dasturlarini yaratish borasida izlanishlar olib borilmoqda.
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi – millatimiz hayotidagi buyuk voqea. Ajdodlarimizning azaliy orzusi ushaldi. Tilimizning huquqiy asosi taʼminlanishi barobarida millatimiz mustaqillikni qoʻlga kiritdi. Bu jarayon oson va shunchaki, oʻz-oʻzidan roʻy bermaganini taʼkidlash shart emas. “Davlat tili haqida”gi qonun oʻzbek tilining huquqiy asoslarini belgilab berdi. Qonunning 1-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir», deb qayd etildi. 3-moddasida Oʻzbek tilining Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu Qonun va boshqa qonunlar bilan belgilab berilishi taʼkidlandi. 7-moddadagi “Davlat oʻzbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini taʼminlaydi”, 8-moddadagi “Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati, boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon etiladi” degan fikrlar milliy tilning huquqiy asoslarini taʼminlash maqsadida keltirilgan edi. Konstitutsiyamizning 4-moddasida oʻzbek tilining Oʻzbekiston Respublikasi davlat tili sifatida rasman belgilab qoʻyilishi maʼnaviyatimiz tarixidagi eng katta yutuqdir.
“Davlat tili haqida”gi qonun moddalarini hayotga tatbiq qilish Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarida hisob-kitob, statistika, moliya hujjatlari, sudlov ishlarida, notarial harakatlar, fuqarolik holatini qayd etuvchi tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish, Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan xalqaro anjumanlarni davlat tilida olib borish, shaxsni va uning huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar, arizalar, takliflar, shikoyatlarning davlat tilida rasmiylashtirilishini taʼminlash maqsad qilingan edi.
Telekoʻrsatuvlar va radio eshittirishlar, noshirlik faoliyati, pochta-telegraf joʻnatmalari, muhrlar, tamgʻalar, ish qogʻozlari matnlari, lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar, mahsulot yorliqlari, Respublikaning maʼmuriy-hududiy birliklari, maydonlari, koʻchalar va geografik obyektlar nomlari, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasi matnlarini, asosan, davlat tilida rasmiylashtirish rejalashtirilgan edi.
Oʻzbek tiliga “davlat tili” maqomi berilgan sanaga 32 yil toʻldi. Tan olish kerak: “Davlat tili haqida”gi Qonunning amaliyotga tatbiqi borasida bir qator muvaffaqiyatlarga ham erishdik. Lekin amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar, yoʻl qoʻyilayotgan nuqsonlar oldida bu yutuqlar hech gap emas. Atrofimizni ingliz tilidagi, qolaversa, rus tilidagi nomlar bosib ketdi. Reklama matnlaridagi, nomlardagi xatolar toʻliq bartaraf etilmadi.
Ana shunday oʻta qiyin, ogʻir, ona tilini asrab qolish, takomillashtirish borasida sustkashlik hukm surayotgan bir paytda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon eʼlon qilindi. “Davlat tilini rivojlantirish departamenti”, “Atamalar komissiyasi” tashkil etildi. Davlat tilini rivojlantirish konsepsiyasi va yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.
Til va adabiyot masalalarini hal qilish, milliy tilni takomillashtirish maqsadida markazlashtirilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professor-oʻqituvchilari oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirish yoʻlida mehnat qilmoqdalar.
Filologiya fanlari doktori, professor H.Dadaboyev yetakchiligidagi olimlar tilshunoslikning qator sohalari, chunonchi, tarixiy leksikologiya, tarixiy terminologiya, tarixiy leksikografiya, manbashunoslik va matnshunoslik, tilshunoslik nazariyasi boʻyicha faoliyat olib borishmoqda.
“Devonu lugʻotit turk”ning til xususiyatlari» (2017) singari monografik izlanishlar oʻzbek va turkiy tillar tarixiy leksikologiyasi va terminologiyasi sohasida yangi fundamental tadqiqotlar sanaladi. “Ajdodlarimizning harbiy mahorati” (2016)“Amir Temur zamondoshlari” (2018), “Oʻzbek terminologiyasi” (2020), “Sohibqiron sarkardalari” (2020) “Oʻzbek harbiy terminologiyasi” (2021) singari oʻquv qoʻllanmalar tarixnavislikka doir risola va monografik tadqiqotlar ilm ahli va kitobxonlar hukmiga havola qilgan.
Professor S. Ashirboyev rahbarligida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-martdagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 117-son qarori bilan tashkil etilgan “Oʻzbek shevashunosligi markazi”nizomi ishlab chiqildi va markaz rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda. Shevashunoslik, areal lingvistika boʻyicha yangi yoʻnalishdagi lugʻatlar eʼlon qilinmoqda, ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Universitetning ingliz filologiyasi yoʻnalishi mutaxassislari oʻzbek xalqining maʼnaviy merosini dunyo xalqlariga keng miqyosda tanitish maqsadida tarjima bilan shugʻullanmoqdalar.
Universitet rektori professor Shuhrat Sirojiddinov saʼy-harakatlari bilan kompyuter lingvistikasi mutaxassisligi, yoʻnalishi tashkil etildi. Bu mutaxassislik va yoʻnalishdagi mutaxassis-kadrlarni shakllantirish maqsadida kompyuter lingvistikasi kafedrasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. B.Elov boshchiligidagi, prof. B.Mengliyev, prof. L.Raupova yetakchiligidagi mutaxassislar oʻzbek tili milliy korpusini yaratishga qaratilgan ilmiy-amaliy faoliyat olib bormoqdalar.
Universitet professori 2015-2017-yillarda oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari axborot-resurs markazlari, Uzinfocom Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish Markazini tilshunoslik fanlariga oid audiokitoblar bilan taʼminlash borasidagi xizmatlari uchun mazkur tashkilotlar rahbarlari tashakkurnomasiga sazovor boʻldi. “Koʻzi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni oʻqish va yozish imkonini beruvchi oʻzbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy taʼminot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish” mavzusidagi davlat amaliy granti loyihasiga rahbarlik qilib, loyiha ilmiy jamoasi bilan birgalikda oʻzbek nutq sintezatori – oʻzbek tilidagi matnlarni ovozli xabarga aylantiruvchi dasturni ishlab chiqdi. Ilmiy jamoasi bilan birgalikda “Oʻzbek tili oʻzlashma soʻzlarining urgʻuli lugʻati” nomli oʻquv-uslubiy lugʻatni tayyorlab nashr ettirdi.
Prof. S.Muhamedova boshchiligidagi jamoa oʻzbek tilining respublika va xorijda oʻrganilishi yuzasidan ilmiy-pedagogik faoliyat olib bormoqda. Universitetda oʻzbek tilini oʻqitish metodikasini takomillashtirish maqsadida “Lingvodidaktika”, “Amaliy tilshunoslik” kafedralari, “Amaliy filologiya” fakulteti tashkil etildi.
Davlat tilini rivojlantirish boʻyicha Respublika viloyatlari boʻylab qator ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir hudud kesimida davlat tili va davlat tilida ish yuritishni oʻrganish yuzasidan malaka oshirish kurslari yoʻlga qoʻyilgan. Samarqand davlat universitetida prof. S. Karimov rahbarligida kompyuter lingvistikasiga doir ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda.
Oʻzbek tili taʼlimini sifati va samaradorligini oshirishda oʻquv adabiyotlari muhim ahamiyatga ega. NamDU professori N.Uluqov tomonidan “Tilshunoslik nazariyasi” (2016), “Turkiy filologiyaga kirish” (2018), “Tilshunoslik nazariyasi (amaliy va seminar mashgʻulotlari)” – 2020, nomli oʻquv qoʻllanmalari, «Ekzotik leksika” (2021) monografiyasi nashr etildi.
Professor N. Uluqov rahbarligida Namangan onomastika maktabi shakllandi. Mazkur ilmiy maktab oʻzbek onomastikasi rivoji va takomiliga munosib ulush qoʻshmoqda.
Respublikada xorijiy tillarni, jumladan, rus tilini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Albatta, til oʻrganish madaniyatlar bilan tanishish imkoniyatini beradi, dunyoqarashni boyitadi. Lekin bu jarayon ona tilini eʼtiborsiz qoldirish hisobiga amalga oshirilishi kerak emas. Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojiblar ona tilini asrab-avaylash, yuksaltirish gʻoyasini birinchilardan boʻlib oʻrtaga tashladilar. Alisher Navoiy tilga eʼtibor masalasini millatga eʼtibor darajasiga koʻtardi. Fitrat imkoniyatlari, boyligini nazarda tutib “eng boy til” , eʼtiborsiz qoldirilganidan kelib chiqib “eng baxtsiz” til deb yozgʻirdi ona tili taqdiri haqida. Behbudiy ikki emas, toʻrt tilni bilishga chaqiradi, lekin xorijiy tilni oʻrganish, deganda zinhor ona tilini unutishni nazarda tutmaydi – ona tilini tafakkur asosi, deb biladi. U vatan shu avlodniki boʻlishini istadi. Bilimli boʻlmasa, tilini unutsa, avlodlar vatanida yashab turib bevatan qolishi mumkinligini taʼkidladi.
Dunyo miqyosida ayrim tillar isteʼmoldan chiqib bormoqda, ona tilini asrashdek global muammo yuzaga kelyapti. Xalqimizda milliy tilga munosabat oʻzgarishi lozim. Asrlar boʻyi sayqallangan milliy-madaniy qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz qatorida ona tilimizni ham bor koʻrku tarovati bilan avlodlarga yetkazishga masʼulmiz. Bu borada ajdodlardan ibrat olishimiz, dunyoning rivojlangan mamlakatlari yutuqlaridan unumli foydalanishimiz kerak. Avvalo, koʻchalardagi reklama va eʼlonlar matnini talab darajasida toʻgʻri shakllantirishimiz darkor. Nomlashda davlat tili imkoniyatlarini namoyon qiluvchi turkiy soʻzlar yoki baʼzi hollarda, xalqimiz maʼnaviyatiga singib ketgan arabcha, fors-tojikcha oʻzlashmalarni ham tanlash maqsadga muvofiq. Xuddi shu maʼnoda qadimiy, mumtoz manbalar orqali hozirga qadar yetib kelgan ayrim turkiy soʻzlarni tiklash, ommalashtirish lozim.
Nomlar, reklama va eʼlonlar matnining “Atamalar komissiyasi” nazoratidan oʻtkazilishini yoʻlga qoʻyish kerak. Shu oʻrinda ayrim yurtdoshlarimizning “oʻzbek tilining koʻp soʻzlari arabcha va forscha-tojikcha”, kompyuter yoki mashinasozlik terminlarini qanday qilib oʻzbekchalashtirish mumkin?» degan eʼtiroznamo munosabatlariga keladigan boʻlsak, avvalo, gap terminlar ustida borayotgani yoʻq. Oʻzbek tilidagi hamma chet soʻzlarni oʻzbekchalashtirish mumkin emas. Bu yerda “meʼyor”, “imkon qadar” degan tushunchalarga urgʻu beriladi. Qolaversa, oʻzbek tilida arabcha, forscha soʻzlar koʻp boʻlsa ham, qoʻllanish miqdori jihatidan turkiy otlar, feʼllar faoldir. Turkiy soʻzlarning nom sifatidagi doirasini kengaytirish, oʻzbekcha terminlar miqdorini oshirish Prezident farmonida belgilangan vazifalardan biridir. Milliy tilning asosiy lugʻat boyligini oʻz qatlam soʻzlari tashkil qilishi kerak. Bu masalani ongli ravishda yondashib hal qilish jahon tajribasida koʻp kuzatiladi, xususan, Koreya til siyosatida uchraydi.
Umumtaʼlim jarayonida savodxonlikka, ona tili va adabiyot taʼlimiga, tildan foydalanish koʻnikma, malakalarini hosil qilishga alohida eʼtibor qaratish lozim. Oʻzbek tilini oʻqitish tizimini milliy pedagogika negizida, xorij tajribasi asosida yangilash, zamon talablariga mos adabiyotlar sinfini yaratish, innovatsion texnologiyalarni qoʻllash dolzarb masalalar sirasiga kiradi. Oʻquvchilarda lingvistik, nutqiy, kasbiy, kommunikativ, axborotni qabul qilish, oʻz-oʻzini rivojlantirish uquvini shakllantirish juda muhim. Oʻzbek tilida bilimlarni baholash, avtomatik tahrir, tarjima, til oʻrgatish dasturlarini yaratish, “Oʻzbek tilining Milliy korpusi”, koʻp jildli “Oʻzbek shevalari lugʻati”, “Turkiy arxaizmlar lugʻati”ni tuzish ustuvor vazifalardan biridir. Davlat tilida turli bosqichlar va darajalardagi sinovlarni joriy etish, ishga qabul qilishda davlat tilini bilish, savodxonlik darajasini tekshiruvchi tizimni ishlab chiqish ehtiyojga aylandi.
Oʻzbek tilini axborot tiliga aylantirish uning nufuzini oshirishdagi muhim omil ekanligi Prezident farmonlarida ham alohida taʼkidlandi. Raqamli iqtisodiyot, texnik taraqqiyot asosiy maʼlumot yetkazish yetkazish vositasi boʻlgan ona tilini takomillashtirish, zamon talablariga moslashtirishni talab etmoqda. Barcha yoʻnalish, sohalar kesimida oʻzbek tilining elektron bazasini shakllantirish, tilning tarixiy shakllari, shevalari ham qamrab olingan milliy til korpuslarini yaratish muhim vazifalardan biri boʻlib qolmoqda.
Til millatning mavjudligini belgilaydigan asosiy omil hisoblanadi. Ona tilini eʼzozlash, qadrlash, serqirra imkoniyatlarini, soʻz boyligini borligicha saqlash, takomillashtirish, davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Davlat tili tengsiz boyligimizdir, nomus-orimizdir. Milliy til xalqimizni hamjihatlikda taraqqiyot sari boshlaydi. Xalqni yanada jipslashishga, milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga undaydi.
Belgilangan vazifalarni amalga oshirishda millatimizning hamjihat boʻlishi, yagona maqsad ostida birlashishi, baqamti ravishda faoliyat olib borishi maqsadga muvofiq. Til buyuk milliy qadriyatdir. Til bor ekan – millat barqaror!
Zulxumor XOLMANOVA,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va
adabiyoti universiteti professori,
filologiya fanlari doktori
Sayyora ABDULLAYEVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassisi