Yer muammolariga insoniyatning eʼtiborini qaratish maqsadida 1970-yildan boshlab har yili 22-aprel kuni jahondagi koʻplab mamlakatlarda turli tadbirlar va aksiyalar oʻtkazila boshlandi. Shu bois, BMT Bosh Assambleyasi 2009-yilda ushbu sanani Xalqaro Yer kuni deb eʼlon qilib, uni nishonlashga qaror qildi. Shu kuni turli mamlakatlarda insonlarni sayyoramiz yagonaligini his etish, barcha kuchlarni dunyoda xavfsizlikni taʼminlash, xalqaro tinchlikni saqlash va barcha insonlarning yagona uyi hisoblangan Yerni himoya qilishga chorlaydigan xayrli tashabbuslar amalga oshiriladi.
Mutaxassislarning fikricha, Yer sayyorasi paydo boʻlganiga qariyb toʻrt yarim milliard yil boʻlgan. Uning 29 foizdan ortiqrogʻi quruqlikka, qolgan qismi esa dengiz va okeanlarga toʻgʻri keladi. Ishlov beriladigan maydonlari esa bor-yoʻgʻi 11 foizni tashkil qilishiga qaramasdan, insonlar uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarining 88 foizini yetishtirib beradi.
Yer umummilliy boylik boʻlib, mamlakatimizda ham davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Asosiy Qonunimizning 55-moddasida yer, yerosti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikligi, ulardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida ekani belgilangan boʻlib, davlat ekologik siyosatining asosiy tamoyillarini ham oʻzida qamrab olgan.
Yerning muhofaza qilinishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oʻz ifodasini topmoqda. Xususan, 68-moddada yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk boʻlishi mumkinligi belgilanyapti.
Tabiat resurslari vazirligining faoliyati davomida yer resurslaridan oqilona foydalanish masalasiga ham ustuvor vazifa sifatida qarab kelinmoqda va ushbu yoʻnalishda samarali ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, 2022-yilda yer osti boyliklari sohasida respublikada jami 3 mingdan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan buzilgan yerlarning rekultivatsiya qilinishi masalasi nazoratga olindi, 2 ming 80 gektar yer maydonlarini rekultivatsiya qilish rejalashtirilib, hozirgacha 2 ming 362 gektar yer maydonida rekultivatsiya ishlari bajarilishi taʼminlandi.
Geologik-qidiruv ishlari va qazilma boyliklarini qazish uchun berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddati tugagan 45 ta obyekt boʻyicha buzilgan yerlarning rekultivatsiya qilish masalasi monitoring tartibida oʻrganildi.
Yer maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanishda qonuniylikni taʼminlash davlatning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish va undan maqsadsiz foydalanishga barham berish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgan boʻlsa-da bu borada hamon qonun buzilish holatlari uchramoqda. Shundan kelib chiqqan holda vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-fevraldagi “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini monitoring qilish, baholash, hisobot shakllarini ishlab chiqish hamda ularning natijalarini chop etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar degradatsiyasi, chiqindi poligonlari va sanoat korxonalari atrofidagi tuproqlarning ifloslanishi aniqlangan holatlar va ularni barataraf qilish boʻyicha koʻrilgan choralar toʻgʻrisida maʼlumotlar “Yer degradatsiyasi” geoaxborot portaliga maʼlumotlar muntazam ravishda taqdim etilmoqda.
Soʻnggi 60 yilda Orol dengizining qurigan tubida 5,5 mln. gektar maydonda yangi “Orolqum” choʻli paydo boʻldi, shundan 3,3 mln. gektari Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri keladi. Ushbu hududda bioxilmaxillik va ekotizim muvozanatini saqlash juda muhim hisoblanadi.
Maʼlumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish hamda aholi turmush tarzi va daromadlarini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda Orol dengizining qurib qolgan qismida ekotizimni yaxshilash, tadqiqotlar va innovatsiyalarning ilgʻor tajribalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani ham oʻzining samarasini bermoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasining tashkil etilishi bu borada muhim oʻrin tutayotganini taʼkidlash oʻrinli.
Yuzaga kelayotgan salbiy holatlarning oldini olish, iqlim oʻzgarishi va degradatsiyaga uchragan yerlarni atrof muhitga taʼsirini kamaytirish “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish, dengizning qurigan tubida yashil qoplamalar barpo etish va ekotizimni yaxshilash boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Keyingi yillarda barpo etilgan 2 million gektar yangi daraxtzor va oʻsimlik maydonlari Orolboʻyi mintaqasida ekologik fojianing oqibatlarini yumshatish bilan birga mavjud ahvolni yaxshilashga munosib xizmat qilmoqda.
Orol dengizi mintaqasiga moslashgan oʻsimliklarning sanoat plantatsiyalarini yaratishda foydalanish uchun Tottori universiteti (Yaponiya) bilan hamkorlikda yogʻochli daraxtlarning tez oʻsadigan, jumladan, jiyda, aylant, Kanada toli va pavloniya kabi turlarini tanlab olish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazildi.
Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazining (ICBA) moliyaviy koʻmagida Orol dengizining qurigan tubidan 10 xildan ortiq tuproq tiplarini bir joyga toʻplash va ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida lizimetrik tadqiqot maydonchasi barpo etildi va tadqiqot ishlari olib borilayapdi.
Yer resurslarining ifloslanishi bilan bogʻliq yer degradatsiyasini bartaraf etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi “Atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tuproqning ifloslanishini nazorat qilish boʻyicha hududiy tashkilotlarning Atrof-muhit ifloslanishini monitoring qilish boʻlimlari (analitik laboratoriyalar) tomonidan 147 ta korxonaning 701 ta ifloslantiruvchi manbalaridan 849 ta namunalar olinib xloridlar, sulfatlar, fosfatlar, nitratlar, ftor, kalsiy, fenol, neft mahsulotlari, ammoniy, ogʻir metallar, karbonat, bikarbonat, xlor, xlororganik pestitsidlar boʻyicha 3891 ta fizik-kimyoviy tahlillar oʻtkazib kelinmoqda.
Vazirlik tomonidan joriy yilda yilda yerlarni yanada muhofaza qilishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Xususan, “Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishda buzilgan yerlarni yaroqli holga keltirish toʻgʻrisida Nizom” loyihasini ishlab chiqish, hududlar kesimida yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish natijasida buzilgan yerlar xatlovdan oʻtkazish, shuningdek, 2154 gektar buzilgan yer maydonlarida rekultivatsiya qilish ishlarini tashkillashtirish koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida standartlashtirish markazi hamkorligida Maqbul qishloq xoʻjalik va ekologik amaliyot (GAEP) talablari asosida Oʻz DSt 3619:2022 davlat standarti ishlab chiqildi.
Mazkur davlat standarti qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarish jarayonlariga maqbul qishloq xoʻjaligi va ekologik amaliyot boshqaruv tizimini joriy qilishga qaratilgan boʻlib, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda suv, tuproq, oʻsimlik, xayvonot dunyosini saqlash, muhofaza qilish shuningdek oʻgʻitlar, oziq-ovqat va veterinariya dori vositalari va ozuqa qoʻshimchalaridan foydalanishlarga qoʻyilgan talablarni belgilaydi.
Prezidentimizning 2022-yil 10-iyundagi “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar degradatsiyasi, tuproqni ifloslantirish manbalari joylashgan hududlar hamda qattiq maishiy chiqindilar toʻplanadigan hududlarda tuproqni ifloslantiruvchi manbalar monitoringi yuritilib, ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Umuman olganda, xalqimizning farovon hayoti, rizq-roʻzi manbai va mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojining tayanchi boʻlgan ona yerimizni asrab-avaylash, yer resurslaridan oqilona foydalanish, uni turli xil salbiy taʼsirlardan muhofaza qilish shu yurtda yashayotgan har bir fuqaroning nafaqat konstitutsiyaviy, balki kelajak avlod oldidagi eng masʼuliyatli burchidir.
Hamza Aminov,
Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi
Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish
texnologiyalari ilmiy-tadqiqot
instituti direktori oʻrinbosari