Bioxilmaxillik boʻyicha Kunming -Monreal global dasturi 190 mamlakat tomonidan maʼqullangan. Ushbu tarixiy dastur 2050-yilga kelib tabiat bilan uygʻunlikda yashaydigan dunyo global konsepsiyasi maqsadlariga erishish uchun yoʻl xaritasini belgilaydi. Dastur bioxilma-xillik boʻyicha global harakatlar uchun mustahkam asos boʻlib, Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Parij bitimini toʻldiradi va 2050-yilga kelib iqlim oʻzgarishiga chidamli va barqaror dunyoga yoʻl ochadi.
— Oʻzbekiston global integratsiya masalalarida faol pozitsiyani egallaydi, — dedi tadbirda nutq soʻzlagan Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov. — Biz bioxilma-xillik va umuman tabiatga jamiyatning munosabatini oʻzgartirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirishga salmoqli hissa qoʻshishga intilamiz.
Taʼkidlash kerakki, bioxilma-xillik boʻyicha Kunming-Monreal global dasturiga qoʻshilish bilan bir vaqtda Oʻzbekiston dunyoning boshqa koʻplab davlatlari kabi uni amalga oshirish uchun oʻzining milliy maqsadlarini belgilash majburiyatini oldi. Boshlangan loyiha Oʻzbekistonning bioxilma-xillikni saqlash, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish, monitoringini amalga oshirish va moliyalashtirish boʻyicha siyosatini belgilab beruvchi Milliy strategiyasi va harakatlar rejasini global dasturining kun tartibiga mos keladigan tarzda qayta koʻrib chiqishga koʻmaklashadi.
— Bioxilma-xillik va ekotizim xizmatlarining yoʻqolishi xarajatlar va xatarlarni oshirishi hamda iqtisodiy koʻrsatkichlarning pasayishiga olib kelishi mumkin, — dedi BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. — Biz hozir ham ushbu taʼsirlarni sezmoqdamiz. Orol dengizining qurib borayotgani, butun mamlakat boʻylab tez-tez sodir boʻlayotgan chang boʻronlari tabiiy resurslardan masʼuliyatli tarzda foydalanish lozimligini anglatadi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston bioxilma-xilligi 27 mingdan ortiq turlarni oʻz ichiga oladi. Ular orasida umurtqasiz hayvonlarning 14900 turi, umurtqali hayvonlarning esa 715 turi uchraydi. Umurtqalilarning 107 turi sutemizuvchilar, 467 turi qushlar, 61 turi sudralib yuruvchilar, 3 turi amfibiyalar, 77 turi baliqlardir. Shuningdek, 11000 turdagi oʻsimliklar, qoʻziqorinlar, suv oʻtlari bor.Bundan tashqari, yuqori yovvoyi oʻsimliklarning 4300 turi boʻlib, ulardan 8 foizi endemik turlardir. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga (2019) 206 hayvon va 314 oʻsimlik turi kiritilgan.