Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi matbuot xizmati mazkur xabar yuzasidan munosabat bildirdi.
Taʼkidlanishicha, Davlat Ekologiya qoʻmitasi (oʻsha vaqtda vazirlik nomi shunday atalgan) raisining 2022-yil 1-apreldagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida koʻchat ekish ishlarini tashkil etish tugʻrisida»gi 123-sonli buyrugʻiga binoan 2022-yil 6-aprelda boshqarmaning hisob raqamiga 50 million pul mablagʻi oʻtkazib berilgan.
Sarflanmasdan qolgan 50 million soʻm pul mablagʻlari 2022-yil Ekologiya qoʻmitasining hisob raqamiga belgilangan tartibda qaytarilgan.
Tuzilgan ishchi guruh tomonidan oʻrganishlar jarayonida 2022-yil davomida Qoʻmita tomonidan boshqarmaga moliyalashtirilgan mablagʻlardan 36 million soʻm boshqarmaning zarur ehtiyojlari uchun ishlatilgan, jumladan, internet toʻlovi, sudlarga, pochta xarajatlari, konvert va markalar, kanselariya mollari uchun sarflangan.
Shuningdek, murojaatda koʻrsatilgan 8.0 mln soʻm miqdoridagi mablagʻlar Boshqarmaning atrof-muhitni monitoring qilish tahlil laboratoriyasining “Enter engineering PTD LTD” Boysun GPZ xoʻjalik kompaniyasining ekologik tahlillari uchun xizmat koʻrsatish shartnomasiga asosan depozit hisob raqamiga tushgan. Ushbu mablagʻlar maqsadli Tahlil laboratoriyasining zarur ximreaktivlari olishi uchun ishlatilgan.
Bundan tashqari, Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasining 2022-yil uchun byudjet mablagʻlarining xarajatlar smetasi tuzilib, viloyat moliya boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan va mahalliy byudjetdan moliyalashtirilgan.
Murojaatda aytilgan 2022-yilgi byudjet mablagʻlari noqonuniy yoʻl bilan talon-taroj qilingan va shaxsiy ehtiyojlarga ishlatilgan degan gaplar asossiz ekanligini taʼkidlamoqchimiz. Byudjet mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi yuzasidan nazorat viloyat moliya boshqarmasi, gʻaznachilik boshqarmasi va davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan doimiy ravishda nazorat olib boriladi.
Shuningdek, ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar yuzasidan davlat inspektorlari tomonidan qilingan har bir jarimalar “E-jarima” tizimiga kiritiladi. “E-jarima” platformasidagi maʼlumotlarni vazirlik va boshqarma xodimlari hech qanday holatda oʻchirolmaydi. “E-jarima” maʼmuriy ish bazasining nazorati toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi
Ijtimoiy tarmoq faollaridan anonim xabarlarga ishonmasliklarini, holatga ishonch hosil qilmasdan turib xulosa chiqarmasliklarini va ijtimoiy tarmoqlarga tarqatmasliklarini soʻrab qolamiz," — deyiladi bayonotda.