Mamlakatimizdagi har bir fuqaroga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoit yaratish masalasi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasidan ham joy oldi. Unga muvofiq, xalqaro tajribani oʻrganish, oʻqitish tizimi rivojlangan davlatlarning eng yaxshi, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy oʻziga xosligini ifoda eta oladigan jihatlarni joriy etish taʼlimdagi islohotlarning muhim qismi boʻlib qolmoqda. Ishlab chiqilgan aniq mexanizmlar asosida bu borada muayyan ishlar qilinmoqda. Xususan, oʻqitish tizimi yuqori baholanadigan Finlyandiya, Singapur, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlar taʼlimining eng afzal jihatlari oʻrganilmoqda. Ularni mamlakatimizda joriy etishning muqobil yoʻllari ishlab chiqilmoqda.
Prezidentimiz Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi uchrashuvlarida umumtaʼlim maktablarida fin taʼlim tizimini joriy etish, darsliklar ham shu tajriba asosida ishlab chiqilishi haqida gapirdi. Shuningdek, Qashqadaryodagi 48 ta maktabda fin taʼlim tizimini tatbiq etish boʻyicha koʻrsatma berdi. Bu jarayonda mazkur davlat taʼlim tizimining eng afzal jihatlarini oʻrganish uchun metodist oʻqituvchilar, taʼlim menejerlarini Finlyandiyaga stajirovka va malaka oshirishga yuborish yoʻlga qoʻyilgani muhim qadam boʻldi.
Mamlakatimizning turli taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 23 nafar soha xodimi qatori Andijon davlat chet tillar institutining bir guruh professor-oʻqituvchilari ham Finlyandiya va Shvetsiyada 12 kunlik malaka oshirish kursida boʻldi.
Malaka oshirish davomida Finlyandiyaning Xelsinki, Yuvaskula hamda Shvetsiyaning Sodertorn universitetlariga borish rejalashtirildi. Bu orqali Finlyandiya va Shvetsiya taʼlim tizimining eng muhim yoʻnalish va afzal jihatlari, darsliklar, taʼlim tizimida oʻquv maqsadi, pedagogik jarayonni tashkil etish mexanizmi, oliy taʼlimda oʻquv-meʼyoriy hujjatlar, taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv reja, fan dasturlari, baholash, taʼlimda uzviylik, kredit-modul tizimi va mustaqil taʼlim, raqamlashtirish, oʻqitish metodikasi va interaktiv metodlarni qoʻllash kabi dolzarb yoʻnalishlarda yangi malaka va bilimlarni oʻzlashtirish maqsad qilindi.
Dastlabki 6 kun Finlyandiya taʼlim beshigi hisoblanmish Yuvaskula shahrida oʻtdi. Fin tilida taʼlim beruvchi dastlabki oʻquv yurti, birinchi fin universiteti aynan shu shaharda ochilgan. Bugun Yuvaskuladagi oliy taʼlim muassasalarida 40 mingdan ortiq odam tahsil oladi. Dastlab EduEffect kompaniyasi direktori Jonne Rautioning maʼruzasi tinglandi. Seminar muzokaralarga boy boʻlib, taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar va islohotlarning asl sabablari muhokama qilindi.
Keyingi manzil Makelanmayen Koulu boshlangʻich taʼlim maktabi boʻldi. Maktab menejmenti, oʻquv jarayoni, oʻqituvchilikka tanlov va boshqalar haqida batafsil maʼlumot oldik. Direktor maktab faoliyatini nazorat qilib boradi. Direktor oʻrinbosari oʻquv jarayoniga masʼul, yaʼni dars jadvalini tuzish, dars taqsimotlarini yuritish va umumiy oʻquv jarayonini tashkil etish bilan shugʻullanadi.
Maktabda 1-sinfdan 6-sinfgacha boʻlgan 750 oʻquvchiga dars beriladi. Bu yerda fin oʻqitish tizimining oʻziga xos jihatlaridan biri boʻlgan inklyuziv taʼlim jarayoniga ham guvoh boʻldik. Toʻrtta kichik sinfda qoʻshimcha yordamga muhtoj oʻquvchilar uchun alohida darslar tashkil qilingan. Yana bir muhim jihat — maktabda asosiy ish yurituvchi organ amalda maktab uchun barcha qarorlarni qabul qiladi. Ushbu organga direktor, direktor oʻrinbosari, 8 nafar oʻqituvchi va kotiba kiritilgan boʻlib, barcha muhim masalalar shu yerda, muhokamalar orqali hal qilinadi.
Shuningdek, oʻquvchilarni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash guruhi mavjud. Unda direktordan tashqari maktab psixologi, hamshirasi va ijtimoiy taʼminotchi, guruh rahbari, fan oʻqituvchisi va oʻquvchilar vakili ish olib boradi. Guruhning asosiy maqsadi oʻquvchilarning jismoniy, maʼnaviy va psixologik holatini, oʻzlashtirishini muntazam nazoratda saqlash, yaxshi taʼlim olish uchun sharoit yaratish, har xil nizoli vaziyatlarning oldini olishdir. Oʻquvchilar sifatli bilim olishi uchun sharoit yaratish rejasini ishlab chiqish, takomillashtirish, amalga oshirish, ota-onalar yigʻilishlarini tashkil etish va istiqbol rejalar ustida ishlash ham ularning vazifasiga kiradi.
Bundan tashqari, Finlyandiyada maktablar uchun yagona Wilma maxsus dasturi ishlab chiqilgan. Undan mamlakatdagi maktablarning barchasi keng foydalanadi. Dastur orqali oʻqituvchilar ota-onalarga xabar yuboradi, maktab rahbariyati va oʻqituvchilar oʻrtasidagi muloqot taʼminlanadi. Bu jarayonda oʻqituvchilar ota-onalarni farzandining taʼlim olishdagi faolligidan xabardor qilib boradi. Wilma ilovasi yordamida dars jadvali, uyga vazifa, imtihon, sinf eslatmalari va eʼlonlarni koʻrish mumkin. Qisqacha aytganda, ota-onalar va maktab oʻrtasida muntazam aloqani taʼminlashning barcha uchun qulay va samarali usulidan foydalanilmoqda. Bu oʻqitish sifatini taʼminlashning muhim omillaridan biriga aylangan.
Shu bilan birga, bitiruvchilarni hayotga tayyorlash va tadbirkorlikka qiziqish uygʻotish maqsadida yuvaskulalik ishbilarmonlar Muurame pilot maktabini ochgan. Ishlab chiqaruvchilar bilan maktab oʻrtasida hamkorlik oʻrnatilgan. Maktab bitiruvchilari qiziqarli loyihalar ishlab chiqib, tadbirkorlik tashabbuslari bilan ishlaydi. Oʻquvchilar yoshligidan kasbiy yoʻnalishlarini belgilab olib, shu boʻyicha kerakli bilim va malakani oʻzlashtirishga harakat qiladi.
Har qanday taʼlim muassasasidagi oʻqitish sifatini bitiruvchilar salohiyati bilan baholash mumkin. Maktabni oʻrganish jarayonida ulardan biri bilan suhbatlashdik. Oʻquvchi ishlab chiqaruvchilar faoliyati bilan integratsiya maʼqul kelgani, kelgusida qaysi universitetda oʻqishi va qaysi kompaniyaga borib ishlashini ham hozirdan aniqlab olganini bildirdi. Maktab direktori taqdimot orqali oddiy va tadbirkorlik maktabining farqli jihatlari haqida zarur tushuncha berdi. Oʻrganishlardan xulosa qilish mumkinki, tadbirkorlik maktabida hamma ishni amaliyotda oʻrgana oladigan, masʼuliyatli oʻquvchilar tarbiyalanadi. Ularning kichik loyihalarini mahalliy kompaniya yoki tadbirkorlar moliyalashtiradi.
Umuman olganda, Finlyandiya moʻjizasi deganda koʻproq maktab taʼlim tizimi koʻz oldimizga keladi. Bu yerda maktablar tekshirilmaydi, reytingi mavjud emas, barcha jihatdan ular oʻzaro teng. Shuningdek, oʻqitish, ovqatlanish bepul. Finlar uchun eng yaxshi maktab uyiga yaqinidir. Oʻzlashtirishi va qobiliyatiga qarab oʻquvchilarga murakkab yoki oson vazifa beriladi. Oʻzlashtirishda qiynalgan oʻgʻil-qizlar uchun qoʻshimcha dars oʻtiladi. Maktab oʻquvchilarni imtihonga emas, hayotga tayyorlaydi. Davlat oʻqituvchilarga yuqori ishonch bildiradi, ular esa oʻquvchilarga ishonishadi, erkinliklarini cheklamaydi. Oʻquvchilar xohlamasa, qiyin topshiriqlar yuklanmaydi, xarakter va istaklaridan kelib chiqib kasbiy yoʻnalish beriladi.
Malaka oshirish davomida Finlyandiya oliy taʼlim muassasalari orasida kattaligi jihatidan uchinchi oʻrinda turuvchi, QS xalqaro reytingida ilgʻor 300 talikdan joy olgan Yuvaskula universitetida ham boʻldik. OTMda taʼlim va psixologiya, ijtimoiy fanlar, axborot texnologiyalari, matematika, sport va sogʻlomlashtirish fanlari, biznes va iqtisodiyot fakultetlari mavjud. Ishchi va fan dasturlarini professor-oʻqituvchilar mustaqil tuzadi, ular mustaqil qaror qabul qilish huquqiga ega. Yangi yoʻnalish yoki fakultet ochish uchun esa taʼlim vazirligiga murojaat qilinadi.
Universitetning oʻqituvchilar tayyorlash fakulteti bilan yaqindan tanishuv davomida Finlyandiya taʼlim tizimi bosqichlari boʻyicha taqdimotga guvoh boʻldik. Pedagog xodimlar tayyorlash doirasida dasturlar, talab etiladigan salohiyat va malaka haqida muhim maʼlumotlar olindi. Ayniqsa, boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilarini tayyorlashda universitetning innovatsion va samarador oʻquv dasturlari qizgʻin muhokama qilindi. Mashgʻulot davomida pedagoglar tayyorlash va ular salohiyatini oshirish boʻyicha Finlyandiyada keng foydalaniladigan besh bosqichli taʼlim dasturi haqida maʼlumot berildi.
Oliygohning axborot texnologiyalari fakultetida taʼlim bilan birga raqamlashtirishga oid ilmiy izlanish va tadqiqotlar qilinishiga guvoh boʻldik. Oʻqitish tizimida qoʻllanadigan xalqaro baholash dasturlarining oʻziga xos jihatlari: afzallik va kamchiliklari toʻgʻrisidagi maʼruza bilan tanishdik. Undan nafaqat bilim, koʻplab maʼlumotlar ham oldik. Kelgusida faoliyatimizda qoʻllash boʻyicha bir qancha gʻoyalarni qayd etib qoʻydik. Maʼruzaning muhim jihatlaridan biri baholash dasturlari orqali Finlyandiya taʼlim tizimi prognozlab borilgani hamda tahliliy maʼlumotlar taqdim etilgani boʻldi.
Universitet kutubxonasi hamda oʻquv, ilmiy adabiyot va hujjatlar saqlanadigan muzeylar, ilmiy nashr, monografiya, nashriyot va tadqiqot markazlari, shuningdek, talabalar va ushbu bazadan foydalanishni xohlovchi fuqarolar uchun beriladigan bepul onlayn maʼlumotlar platformasi haqida tushuncha oldik. Jumladan, birgina 2022-yilda universitet olimlari 3500 dan ortiq ilmiy resurs yaratgan boʻlib, ularning 80 foizi yuqoridagi platformaga joylashtirilgan. Ulardan barcha foydalanishi mumkin.
Oldimizga qoʻyilgan maqsadlarning dastlabkisi — Finlyandiya va Shvetsiya taʼlim tizimi yutuqlarini oʻrganib, yangi bilim va malaka egalladik. Ayni damda ularni mamlakatimizning oʻziga xos ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarini inobatga olgan holda taʼlim tizimimizga tatbiq etishning eng maqbul yoʻllarini ishlab chiqish, ish faoliyatimizda qoʻllashga intilamiz va bu, albatta, oʻz natijasini beradi.
Dilshod RUSTAMOV,
Andijon davlat chet tillari instituti rektori,
filologiya fanlari doktori, professor