— Ariza yozdim, naqd olmoqchiman. Jamolini koʻrib, qoʻl bilan ushlab, yoningda olib yurishning gashti boshqachada, — deydi ikkinchi qoʻshni hazil ohangida.
— Ha, sehrli narsada, pul degani. Oʻzi bir parcha qogʻoz boʻlsa ham odamlarning koʻzini boylab tashlaydi. Ayrimlar uchun pulning taxlami qancha koʻp boʻlsa, shuncha ruju qoʻyishi ham gʻalati.
— Hozir “Ishingni bitirib beraman”, degan usul avjida. Unda, ayniqsa, mansab martabali kishilar juda faol… Hali bir tuman hokimi yoki uning oʻrinbosari, hali advokat deysizmi, prokuror deysizmi, shifokor, bank xodimlari deysizmi — barchalari hoziru nozir. Qoʻrquv bilmaydi, charchash bilmaydi, uyatku, umuman, bu ishga aralasholmay garang. Ular bamisoli poyga oʻynayapti kim qancha pora olishda.
— Mana, hozir ijtimoiy tarmoqda tarqalgan shu mavzudagi xabarni oʻqib beraman. Eshiting: 2024-yilning birinchi 6 oyida 2389 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi maʼlum qildi. Qayd etilishicha, yanvar iyun oylarida jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdorlarning 23 nafari respublika miqyosidagi xodimlar, 223 nafari viloyat miqyosidagi xodimlar, 2143 nafari tuman (shahar) miqyosidagi xodimlar boʻlgan.
Javobgarlikka tortilgan mansabdorlarning 1467 nafari oʻzganing mulkini oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish jinoyatini sodir etgan. Keyingi oʻrinda 158 nafar mansabdor pora oldi-berdisi va unda vositachilik qilish jinoyati bilan qoʻlga tushgan. Firibgarlik esa 191 nafar bilan uchinchi oʻrinda qayd etilgan. Shuningdek, 104 amaldor mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan, 30 nafari hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqqan, 48 nafari mansab soxtakorligiga yoʻl qoʻygan, 28 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qaragan. Qolgan 363 nafari esa boshqa jinoyatlarni sodir etgan.
— Jamiyatimiz qayoqqa qarab ketyapti oʻzi?
— Gapirmang… Ammo bunda firibgarlar ancha oldinga oʻtib ketdi. Ular yuz millionlarga qoniqmay, bemalol yuz milliardlarga oʻtibdi. Odamlarning nechadir yuz milliard soʻmini plastiklaridan yechib olmoqchi boʻlgan ekan. Qizigʻi shundaki, qaysidir bank xodimi aholi plastiklaridan pulni yechib olishga yoʻl beradigan kerakli parollarni sherigiga olti yarim ming dollar evaziga topib bergan ekan, shundan ham ayrildi. Qoʻlga tushibdi.
— Bermasin edi parollarni.
— Endi uning ham oyligi yetmayotgan boʻlsa kerakda…
— Bankdagilarning oyligi yaxshi deyishadiku!?
— Ha, endi “yaxshi oylik” deganda ularning oʻz oʻlchamlari borda.
— Qarang, bir kishi plastigidan katta miqdorda pul yechilgani haqida tegishli xizmatga murojaat qilsa, falon soʻm bersang topib beraman, deb shart qoʻyibdi… Firibgarni topib berish uchun pora soʻrashlarini qanaqa tushunish mumkin?
— Bularni hozir bemalol yozishyapti, koʻrsatishyapti. Ilgari deyarli aytishmasdi bularni. Yo ilgari kam boʻlganmi bunaqa narsalar…
— Ilgari ham boʻlgan, faqat boʻlishishgan boʻlsa kerak. Shuning uchun koʻp ishlarda yopigʻliq qozon yopigʻligicha qolgan. “Arra” qilmaydiganlar koʻpayganmi, oʻshalarini koʻrsatyapti, menimcha….
— Firibgarlikning ham turi koʻp ekanda. Kechagi yigʻilishimizda mahalla raisi ogohlantirdi. Hozir uylarga kirib, men falon tashkilotdanman, deb bir nimalarga qoʻl qoʻydirib, bizga oʻxshab oʻqimagan pensionerlarning plastik raqamini bilib olishayotgan ekan. Vijdoni qiynalmasmikina, shunaqalarni?
— Qiziqsiza, qoʻshni. Menimcha, vijdon, imondan gapirsangiz, hayron boʻpqolishsa kerak ular, bu nima ekan deb… Otam bolaligimizda oʻqi-oʻqi, deb urishganida quloq solmagan ekanmiz. Oʻqituvchilarimiz ham, bechoralar, qancha kuyib-pishib oʻrgatardi… Ha, endi bilimli, dunyoqarashi keng, haq-huquqini yaxshi biladigan kishilarni firibgarlarning ijtimoiy tarmoqlardagi tuzoq eʼlonlariyu, eshik qoqib keladigan har qanday loʻttivozu firibgar alday olmaydida.
— Oʻzimiz ham qiziqmizda, qoʻshni. Tekin mahsulot tarqatsa, ayniqsa, yoshlar bir-birini urib-talashib yopishadi. Bir notanish kimsa plastigingga pul oʻtkazaman desa, hamma maʼlumotlarni yozib beramiz. Noqonuniy ishni qogʻozda qonuniylashtirib beraman, deb pora berib, pora olishadi. Korrupsiyaga qarshi agentlik ular bilan kurashgani kurashgan.
— Bir hikmatni oʻqigandim. Hayotda koʻp ishlar qila olmagan boʻlishingiz mumkin. Ammo umr boʻyi oʻz vijdoningizga biror marta ham qarshi bormasangiz, eng koʻp savobni, ezgu ishni siz qilgan boʻlasiz.
— Toʻgʻri aytasiz, shu vijdon, or-nomus, imonni xuddi sogʻliq kabi asrash kerak ekan. Ana shunda jamiyatimiz bunaqangi illatlardan tozalanadi…
— E-e, qarang, pensiyani ham obkelishdi. Oʻting-oʻting…
— Yoʻq-yoʻq, oʻzlaridan boʻlsin…
(felyeton)
Qoʻshnilar suhbatini
Rustam BOYTOʻRA yozib oldi.