O‘rmon xo‘jaligi sohasida ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 21 Yanvar 2021 5738

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish, o‘rmon xo‘jaligida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish hamda xalqaro standartlar darajasiga mos ilg‘or xorijiy tajribaga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:

    1. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligining 2021 yil 1 fevraldan:

    a) o‘rmon xo‘jaligi sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xorijiy stajirovkalarni tizimli tashkil etish, innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish maqsadida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi markaziy apparati tuzilmasida 4 ta shtat birligidan iborat Ilmiy tashkilotlar faoliyati va innovatsiyalarni joriy etishni muvofiqlashtirish boshqaрмaсини;

    pistachilikni rivojlantirish, pistaning yangi va serhosil nav hamda shakllarini tanlash, rayonlashtirish, pistachilik bo‘yicha o‘rmonchilar, fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun seminar, trening va boshqa tadbirlar tashkil etish maqsadida Jizzax davlat o‘rmon xo‘jaligi G‘allaorol bo‘limining “Oqtosh” uchastkasidagi onalik pista plantatsiyalari negizida O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti huzurida davlat muassasasi shaklidagi Pistachilik ilmiy-tajriba сtaнциясини tashkil etish;

    o‘rmon tadbirlarining texnologik xaritalarini ishlab chiqish va o‘rmon amaliyotiga joriy etishni ta’minlash maqsadida O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida O‘rmon iqtisodiyoti bўлимини;

    b) o‘rmon urug‘chiligini rivojlantirish, o‘rmon o‘simliklari urug‘lari tahlilini ilmiy-tadqiqot ishlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi O‘rmon va dorivor o‘simliklar urug‘chiligini tahlil qilish markazini tugatish hamda uning moddiy-texnik bazasini saqlagan holda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutiga berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

    Belgilansinki, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi markaziy apparati hamda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar O‘rmon va dorivor o‘simliklar urug‘chiligini tahlil qilish markazini tugatish natijasida bo‘shayotgan shtat birliklari hamda Jizzax davlat o‘rmon xo‘jaligi shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga amalga oshiriladi.

    2. Belgilab qo‘yilsinki, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tugatilayotgan O‘rmon va dorivor o‘simliklar urug‘chiligini tahlil qilish markazining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

    3. O‘rmon xo‘jaligi sohasidagi loyiha-qidiruv ishlari sifati va samaradorligini oshirish, o‘rmon xo‘jaligi tadbirlarini muntazam loyiha hujjatlari asosida tashkil etish maqsadida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi “O‘rmonloyiha” davlat unitar korxonasi negizida davlat muassasasi shaklidagi “O‘rmonloyiha” loyihalash instituti tashkil etilsin.

    4. Quyidagilar “O‘rmonloyiha” loyihalash institutining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

    davlat o‘rmon fondi yer maydonlarida o‘rmon tuzish, loyiha-qidiruv ishlarini bajarish, o‘rmon taksatsiyasini ishlab chiqish, davlat o‘rmon fondini xatlovdan o‘tkazish, o‘rmon xo‘jaliklarining ishlab chiqarish rejalarini loyihalash;

    shahar va boshqa aholi yashash punktlari atrofini, avtomobil va temir yo‘llar yoqasini ko‘kalamzorlashtirish ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;

    innovatsion texnologiyalar asosida (dronlar, GPS navigatorlar va boshqalar yordamida) davlat o‘rmon xo‘jaliklari yer maydonlari chegaralarini, yer toifalarini aniqlash va ularning xaritalari, elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;

    o‘rmonlarning davlat hisobini va monitoringini yuritish, ularning axborot-resurs fondini yaratish;

    Orol va Orolbo‘yi mintaqasida, shuningdek, respublikaning boshqa hududlarida cho‘llanishning oldini olish hamda eroziyaga qarshi kurashish maqsadida o‘rmonzorlar barpo etish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;

    o‘rmonchilik sohasidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda zamonaviy texnologiyalar asosida geoaxborot tizimlarini o‘rmon tuzish, monitoring va loyihalash ishlariga joriy etish;

    melioratsiya ob’ektlari atrofida hamda qishloq xo‘jaligi yerlarida hosildorlikni oshirishga yo‘naltirilgan shamol va suv eroziyalaridan himoyalash uchun ihota daraxtzorlarini barpo etish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish.

    5. Belgilansinki, 2021 yil 1 yanvardan boshlab, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi umumiy tushumlarining 5 foizi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti va uning tizimidagi ilmiy tashkilotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda xodimlarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

    6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

    7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining raisi N.J. Bakirov belgilansin.

    Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021 yil 1 iyun va 2022 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 21 yanvar