Orol dengizi qaytadimi? 

    Butunjahon ilgʻor texnologiyalar boʻyicha 2021-yilgi tanlovda Orol dengizini tiklash boʻyicha innovatsion rejalar eʼlon qilindi. Bu haqda Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi maʼlum qildi.

    Xabarga koʻra, 9-aprel kuni Jahon bankinig Global Landshaft forumi (GLF), Qozogʻiston–Germaniya universiteti (DKU) va “Plug and Play” (P&P) kompaniyasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan onlayn tanlovida 4 nafar gʻolib eʼlon qilindi. Tanlovga beshta qitʼaning 28 mamlakatidan 159 ta taklif tushgan. Arizalarning aksariyati Markaziy Osiyo mamlakatlariga tegishli boʻlgan. Shuningdek, dunyoning 42 nafar tajribali mutaxassisi 24 ta loyihani tanlagan.

    Taʼkidlanishicha, qishloq xoʻjaligi va yer resurslarini boshqarish, barqaror oʻrmonchilik, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, axborot va bilim loyihalari Butunjahon ilgʻor texnologiyalari tanlovida gʻolib deb topilgan.

    Qishloq xoʻjaligi va yer resurslarini boshqarish: quruq shoʻrlangan yerlarni barqarorlashtirish uchun mahalliy choʻkindi jinslar va chiqindilarni ishlatishga asoslangan Gollandiyaning “Netics b.v” kompaniyasi ishlab chiqqan, yerni tiklash jarayoni va kompaniyaning “Geowall” texnologiyasi Orol dengizi havzasidan zaharli tuproqlarning shamol orqali tarqalishining oldini olishga moʻljallangan.

    Barqaror oʻrmonchilik: Oʻzbekiston fuqarolari Natalya Akinshina va Azamat Azizovlar ishlab chiqqan “Orol asal bogʻlari” loyihasi asalarichilikni rivojlantirish uchun gulli daraxtlarni ekish orqali oʻrmonlarni tiklash bilan birga aholini ish oʻrni bilan taminlaydi.

    Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish: tojikistonlik Xayriniso Rasulova, Muyassara Boboxonova, Shohida Tuliyeva va Farzona Mahmudova tomonidan taqdim etilgan Ayollar suv forumi onlayn texnologiyalar, suv va yer resurslarini boshqarish sohasida qishloq ayollarining imkoniyatlarini kengaytiradi. Loyiha Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishni koʻzlagan.

    Axborot va bilim: Gretsiyaning “Karteco” tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan yaylovlarni boshqarish uchun Sentinels ilovasi Markaziy Osiyoda oʻtloqlarni saqlab qolish va yaylovlarni yoʻq qilishga qarshi kurashishga qaratilgan.

    Shuningdek, Orol dengizini tiklashda qoʻshgan hissalari uchun tanlov gʻoliblariga 5000 dollar pul mukofoti taqdim etilgan.