Orolni suv bilan to'ldirish qiyin masala. Ammo unga yana qayta hayot baxsh etishning usullari va yo'llari ko'p. Masalan, u erga daraxt ekish, uning atrofidagi erlarni hosildor maydonlarga aylantirib, dehqonchilik qilish va boshqalar. Ammo cho'l joylarga borib, kim ham tuproq tarkibiyu, cho'llanish miqdorini, er osti suvlariyu, qanday mahsulotlar unishini tahlil qilib kela olardi, deysizmi?
Еndi olim va tadqiqotchilarga sun'iy intellekt texnologiyasiga asoslangan dasturiy ta'minot yordam beradi. M.V.Keldish nomidagi Rossiya Fanlar Akademiyasi Amaliy matematika instituti, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston milliy universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning Nukus filiali olimlari tomonidan amaliyotga tadbiq etilayotgan ushbu loyiha “Orolbuyi qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishida ekologik vaziyatlar ta'sirini aniqlash monitoringini yuritishning dasturiy ta'minoti” deb nomlanadi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2 mlrd. so'm miqdorida moliyalashtirilgan ushbu loyihaning asosiy maqsadi, Orolbo'yidagi suv va tuproqni interaktiv tahlil qilish, shuningdek, suvdagi zararli moddalarning tarqalishini hisobga olgan holda atrof-muhit sharoitlarining ta'sirini monitoring qilish uchun algoritm va dasturiy ta'minotni ishlab chiqishdan iborat.
Loyiha doirasida qanday ishlar bajarildi?
— Avvalo, Orolbo'yida qishloq xo'jaligini rivojlantirishda atrof-muhit sharoitlarining ta'sirini tahlil qilish, qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishini optimallashtirish masalalarini echishning matematik modellarini ishlab chiqish, algoritmik va boshqaruv qaror qabul qilish usullarini ilmiy jihatdan asosladik, — deydi loyiha rahbari, texnika fanlari doktori, professor Anvar Qobulov. — So'ngra tuproq va suvni interaktiv tahlil qilish usullari va vositalari hamda qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishiga atrof-muhit omillarining ta'sirini aniqlash modellari va monitoringi algoritmlarini ishlab chiqdik. Ilmiy-texnikaviy ma'lumotni yaratish, xususan, matematik modellar, hisoblash algoritmlari va ularning dasturiy ta'minotini joriy qilishda zamonaviy superkompyuterli hisoblash texnologiyasidan samarali foydalanildi. Bir so'z bilan aytganda, tuproqning shamol eroziyasi, ob-havo va iqlim sharoiti, aerozol zarralarining fizik-mexanik xossalari va boshqa omillarni hisobga olgan holda Orol mintaqasi atmosferasining ekologik holatini kuzatish va bashorat qilish modeli ishlab chiqildi. Barcha ma'lumot va hisob-kitoblar asosida yaratilgan dasturiy ta'minotning tuproq eroziyasini hisobga olgan holda atmosferada zararli moddalarning tarqalishini bashorat qilishi uchun hisoblash tajribasi o'tkazildi va monitoring uchun ishlatiladigan datchiklar ro'yxati va xususiyatlari tahlil qilinib, o'rnatildi.
“Aqlli” dasturiy ta'minot
Erga urug' qadab, undan hosil olish bir qarashda osondek tuyuladi. Lekin hosildorlik va sho'rlanish darajasi noma'lum erlarni ekin maydonlariga aylantirish — juda nozik va bahsli masala. Erning imkoniyatlariga qarab ekin turini tanlashda adashish dehkonga qimmatga tushishi tayin. SHundan kelib chiqib, “aqlli” dasturiy ta'minot dehqon va fermerlarga erdan samarali foydalanish, aniqroq aytadigan bo'lsak, erning sho'rlanganlik darajasi, sizot suvlarining sathiga qarab qaysi erga qanday qishloq xo'jaligi ekinlarini ekish kerakligi to'g'risida ma'lumotlarni raqamli texnologiya asosida uzatish qurulmalari orqali olingan ma'lumotlarni veb serverlarga interaktiv uzatadi.
— Loyiha Qoraqalpog'iston Respublikasi suv xo'jaligi vazirligi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyasida qo'llanib kelinmoqda, — deydi Anvar Qobulov. — Hozirgi kunda Meliorativ ekspeditsiyasiga qarashli suv quduqlaridan olingan ma'lumotlar onlayn tarzda IoT texnologiyalari asosida serverlarga uzatilib, ishchi kuchi va transport xarajatlarini maksimal darajada tejalmoqda. IoT (inglizcha internet of things) buyumlar interneti degan tushuncha bo'lib, ushbu texnologik qurulmalar orqali tumanlararo ko'zda tutilgan ob'ektlarni doimiy monitoring qilish va olingan ma'lumotlarni yuqori tashkilotlar serverlariga interaktiv uzatuvchi har bir tumanga yuzlab mutaxassislar ish bilan ta'minlashi mumkin...
Kelgusidagi rejalar
Ha, bugun barcha soha singari qishloq xo'jaligi yo'nalishi ham raqamlashmoqda. Dehqonu fermerlar faoliyatiga sun'iy intellekt texnologiyalarini olib kirish oson bo'lmaydi, albatta. Buning uchun, avvalo, ulkan ma'lumotlar bazasi shakllantirilishi kerak. Ana undan keyin sun'iy intellektdan biz tahlil, tahmin va echimni talab qila olamiz.
Bu yo'lda izlanish olib borayotgan olimlarning kelajakdagi maqsadlari talaygina. Xususan, olingan natijalar asosida Orol mintaqasi misolida IoT qurilmalari tomonidan ishlab chiqarilgan ekologik ma'lumotlar oqimlarini kayta ishlash va himoya qilishning intellektual usullari va texnologiyalari, Gidrogeologik-meliorativ sharoitlarning o'zgarishini zamonaviy geoaxborot texnologiyalari asosida tadqiq qilishga astoydil kirishishgan. Shuningdek, O'zbekiston milliy universitetining Orolbuyi o'quv poligonlari biologik holatini monitoring qilish tizimi dasturiy-texnik ta'minoti mavzularida ham ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. O'ylaymizki, bu tashabbus va harakatlar davomli va samarali bo'ladi.
Sohiba MULLAEVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri