Osmonning bergani — obodlik

    Lekin bir kuni yopiq kitob sal ochilganday boʻldi. Bobom bola-chaqayu doʻstu birodarning hammasini hasharga chorladi. Foydamiz tegsa-tegmasa, biz, bolalar ham elga qoʻshiladigan boʻldik. Hashardan maqsad...

    Bu yil qish yomon kelmadi. Oxirlab borarkan, bahoriy havoning keskin oʻzgarib, ketma-ket qor yoqqanini kimdir “Ojiz momo keldi”, deya taʼriflasa, kimdir “Hali kelishiga bir oz vaqt bor”, deydi. Ojiz momo degani, kattalarning aytishicha, tabiat hodisasi boʻlib, odatda qishning oxirida kelarmish. Uning “Ayamajuz” shaklini eshitganmiz. Izgʻirini bir yonu qishdan sillasi qurib chiqqan chorvaning gʻami bir yon — sharoitini qilmasang, bitta qolmay qiriladi. Shuning uchun Ayamajuz bunday dermish: “Toʻqson — bir kunimcha yoʻqsan”. U haqida qoʻshiq ham bor:

    Ojiz momom olti kun,

    Qahr aylasa, yetti kun.

    Sakrab kelsa, sakkiz kun,

    Toʻqrab kelsa, toʻqqiz kun.

    Oʻynab kelsa, oʻn kun...

    Xalqimizning ishonishicha, Ojiz kampir xohlagan paytida tashrif buyurib, ketma-ket qorni-da oʻzi bilan ergashtirib kelarkan. Momo soddadil, sandal atrofida ertak toʻqib oʻtiradigan kampir emas, ayyor kampir. Tuni bilan muzlatib, odamlarni uyga qamab, tarnov chetiga tishlarini osib chiqarkan. Birortasi boshingga tushsa bormi... Xudo asrasin. “Oʻzgidromet” shulardan ogohlantirib, telefonlarga xabar joʻnatib turganiga rahmat.

    Koʻzingni quvnatib yoqqan qorga derazadan boqarkansan, bolalardan baxtiyorroq odam yoʻqdek. Ayniqsa, endigina bir yoshga kirib, qor nimaligining farqiga bormaydigan goʻdaklar koʻzidagi hayratni koʻrib, sen ham qandaydir masrurlik tuyasan. Qaniydi, dunyo ularning koʻz oldida har doim shunday oppoqligicha, sofligicha qolsa...

    Shahding olovlanib, koʻchaga chiqqing keladi. Qalin kiyimlarni hech kim tayinlamasa-da, oʻzing bilib kiyasan. Koʻcha oppoq. Bir necha kunga boʻlsa-da, butun olamning rangi koʻzlaringda oqqa doʻnadi. Zavqlanib qolishing kerak. Axir bolaligingda bobong “Qor Yaratganning aziz neʼmati, shukrini qilish kerak. Bandaning shukri esa xursandchiligida”, deb bejiz aytmagan-ku.

    Bir umr dehqon oʻtgan bobomizning eng shodmon kunlari aynan qor yoqqan paytlarga toʻgʻri kelardi. Oʻsha kunlari hammamizga tansiq shirinliklar ulashardi. Endi oʻylasam, bobomning quvonchi faqatgina qorning shukri uchun emas, undagi baraka suvi sababli ham ekan. Qor yogʻsa, suv moʻl boʻlib, dehqonning yili yengil kelishini sal ulgʻaygach tushundim.

    Bobomning dalalari Qashqadaryoning quruq tabiatli, suv kam joylarida boʻlardi. Kunlar iliy boshlashi bilan to kech kuzgacha uni deyarli uyda koʻrmas edik. Tosh yogʻadimi, qum yogʻadimi, boʻron turadimi — dalasidan beri kelmasdi. Qish boʻyi toʻlishib qolgan yuzlari qaqshab, iyaklari boʻrtib, qoqsuyak qiyofada hosil mavsumini yakunlardi. Nimadir boʻlib dalasiga borib qolsak, qiyofasini koʻpincha tund koʻrganim koʻz oʻngimda muhrlanib qolgan. Oʻsha paytlar buning sababini bilmas edik, savlatli odam boʻlgani uchun oʻzidan ham botinib soʻray olmaganmiz.

    Lekin bir kuni yopiq kitob sal ochilganday boʻldi. Bobom bola-chaqayu doʻstu birodarning hammasini hasharga chorladi. Foydamiz tegsa-tegmasa, biz, bolalar ham elga qoʻshiladigan boʻldik. Hashardan maqsad salkam 3 kilometr joydan ariq ochib kelish edi. Necha kunda qazildi, esimda yoʻq, ammo 40-50 odam tinim bilmay ishlagani yodimda. Hech kim hashardan qochmadi — bu bobomizning el aro hurmati balandligidan edi. Biroq bir holat bola sifatida menga qiziq tuyulgan — ish ungandan unib borardi-yu, bobomizning qovogʻi ochilmasdi. Bir kuni beixtiyor tushlik paytida bobomning yaqin bir oshnasi bilan suhbatini eshitib qoldim.

    — Qishning bir yil quruq kelgani hammaning asl yuzini ochdi-da, Roʻziboy. Urugʻ qadagandan beri har kuni janjal, suv talash, ariq talash. Haliyam amakivachcha ekanmiz, — derdi bobomiz.

    Keyin bilsam, bu tundlikning sababi aynan shunda ekan. Bobomning dalalari tugʻishgan aka-ukalariyu amakivachchalarining dalalari bilan yonma-yon edi. Paxtayu pillaning rejasini toʻldirolmay, bobomdan koʻmak soʻrab, xushmuomalalik qilib oʻtiradigan ogʻa-inilar suvga kelganda bobomga “kun bermas ekan”. Bobomiz haqini talab qilgani bilan tortishuv yoqalashishga borgudek boʻlsa, yana jigarchilik deb, koʻngli boʻshlik qilarkan-u, ekinlarini sugʻorish muddati oʻtib ketarkan.

    Bu ariqni qazdirishiga sabab ham ona tabiatning suvi uchun koʻz bilan kipriklar orasidagi ziddiyat edi. Qor — seroblik, yerni toʻyintiradi. Bu esa ekinni sugʻorishga suv boʻlmaganida yer nami anchagacha uning “gavdasini ushlab turadi”, degani. Yerdan-da beminnat neʼmat bormikan bu dunyoda?

    Koʻzimiz koʻrib, qulogʻimiz eshitib turibdi — bugun butun dunyo, ayniqsa, Markaziy Osiyo suv taqchilligidan borgan sari aziyat chekmoqda. Bunga yechim oʻlaroq tomchilatib sugʻorish, yomgʻirlatib sugʻorish, egatlab sugʻorish... hammasi sinab koʻrilayotir. Lekin choynakda bori piyolaga quyiladi — tan olish kerak, daryolar eniga qisqarib, yer osti suvi tobora pastlayapti. Tomchilab ishlatsak ham tagi koʻrinadi. Tejamkorlik soʻzini esa, asosan, hisobotlar yozganda eslaymiz.

    Shu fikrlar qurshovida koʻchalarni kezarkanman, xayollar oʻz ogʻushiga tortadi — agar bugun bobom hayot boʻlganida bunday barakali qorni koʻrib, qanchalar suyungan boʻlardi? Tagʻin bizga tansiq shirinlik ulasharmidi?! Inson baribir ajdodlarini tez-tez qoʻmsab turishi bor gap.

    Oppoq qor esa senga dalda, hamfikr boʻladi. Ha, ular haqiqatan ham har tomonlama qadrli. Ular bizning xaloskorimiz, biz kanallar qazib olib kela olmagan obihayotni keltiradi. Eskilar bejiz aytmagan: “Qor — Xudoning neʼmati”. Yaratgan shukr qilgan bandalarining nasibasin qirqmas.

    Soʻzimni esa eskilarning bir iborasi bilan yakunlayman: “Osmonning bergani — obodlik”.

    Jonibek ALIJONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2024-yil 23-fevral, № 39