Jahonda yuz berayotgan globallashuv jarayonlari, siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy qarama-qarshiliklar insoniyatning ma’naviy dunyosini yuksaltirishni talab qilmoqda. Dunyoning siyosiy manzarasi davlatlar va mamlakatlar o‘rtasida tinchlik va barqarorlik yo‘lida samarali hamkorlikni kuchaytirish zaruriyatini vujudga keltirmoqda. Jahon xalqlari va mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni muvofiqlashtirishda Birlashgan millatlar tashkilotining ahamiyati nihoyatda muhimdir.

BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida saqlanadigan mashhur eron gilamiga Sa’diy Sheroziyning “Guliston” va “Bo‘ston” asarlaridan olingan “Olam ahli bir tananing turli a’zolari bo‘lib, u bamisoli gavhar kabi yaratilgandir. Agar tananing faqat bir qismi yaralangan bo‘lsa, shunda butun vujud titraydi” mazmunidagi bayti yozilgan. Ushbu baytda olam bir butunligi, agar qayerdadir urush yoki nizo yuz bersa, uning og‘rig‘i butun tanaga yoyilishi ta’kidlangan.

BMT hozirga qadar insoniyat tarixidagi yagona universal xalqaro tashkilot sifatida faoliyat olib bormoqda.

Tashkilot kishilar hayotida vujudga kelayotgan turli mahalliy, mintaqaviy va global muammolarni hal etishga hamda o‘z faoliyatida barcha sohalarni qamrab olishga harakat qilayotgan xalqaro tuzilmadir. Uning asosiy maqsadi — insoniyat tinchligi, millatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni rivojlantirish va barqaror taraqqiyotga erishish. BMTga a’zo davlatlar o‘z tashabbus va fikrlarini bayon etish, manfaatlarini himoya qilish huquqlariga ega.

BMT 1945 yili AQSHning San-Fransisko shahrida nizomi imzolangandan boshlab faoliyat olib bormoqda. Ushbu nizom 24-oktyabrdan kuchga kirgan va shu kundan e’tiboran BMT rasman tashkil topdi. Dastlab unga 51 davlat a’zo bo‘lgan, bugun Tashkilotga 193 mamlakat birlashgan. 

Tashkilot o‘z faoliyati davomida dunyoda tinchlik va farovonlikni saqlashga, davlatlar va millatlar o‘rtasidagi turli mojarolarni hal etishga, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvlarning oldini olishga xizmat qilmoqda. Yalpi xavfsizlikni ta’minlash, mustamlakachilikka barham berish, qurolsizlanish, irqiy kamsitish, kasalliklar va qashshoqlikka qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish, ekologik xavflarni bartaraf etish kabi global muammolarni yechish masalalarida BMTning xalqaro tashabbuslari va yutuqlari uning nufuzi oshib borishini ta’minladi.

1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi Tashkilotning umumjahon miqyosidagi ulkan yutug‘i bo‘ldi. Bu hujjat davlatlar mustaqilligini qo‘lga kiritishi, insonlar irqi, tili, dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng huquqli ekani e’tirof etilishi uchun asos bo‘ldi. BMT tashkil topgan vaqtda dunyo aholisining uchdan bir qismi mustamlaka mamlakat edi. Tashkilot tashabbusi bilan 100 ga yaqin davlat o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritdi.

BMTning Bosh Assambleya, Xavfsizlik kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash, Vasiylik kengashi, Xalqaro sud va kotibiyatlari singari oltita bosh organi, o‘ttiz beshdan ortiq turli yirik muassasa va dasturlari, o‘n yettita maxsus ixtisoslashgan muassasalari mavjud.

XX asr oxiri va XXI asr boshlarida jahonda yuz bergan siyosiy jarayonlar BMT faoliyatini qayta isloh qilish zaruratini vujudga keltirdi. Uni isloh qilish Tashkilot nufuzini oshirishga va dunyoda tinchlik va barqarorlikni qaror toptirishda muhim ahamiyatga ega edi.

BMT islohotlari bo‘yicha O‘zbekiston o‘z pozisiyasini bir necha marotaba bildirgan. Mamlakatimiz tomonidan tashkilot islohotlari bo‘yicha dastlabki takliflar 1995, 2000, 2010 va 2017-yillarda ilgari surilgan. Xavfsizlik kengashi safini ko‘paytirish, unga jahon siyosatida muhim o‘rin egallagan Germaniya va Yaponiya singari davlatlarni doimiy a’zo sifatida kiritish, BMT Bosh kotibi vakolatlarini kengaytirish, mintaqaviy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarini kuchaytirish, tuzilmalarni yanada rivojlantirish shular jumlasidan.

1948-yildan buyon 24-oktyabr har yili Birlashgan millatlar tashkiloti tashkil topgan kun sifatida nishonlanadi. 1971-yilda BMT Bosh Assambleyasi o‘z rezolyusiyasida a’zo davlatlarga ushbu kunni davlat bayrami sifatida nishonlashni 

tavsiya qildi. Bu kun sharafiga Tashkilotning Nyu-Yorkdagi qarorgohida katta konsert tashkil etiladi va Bosh kotib dunyo hamjamiyatiga murojaat bilan chiqadi.

O‘zbekiston va BMT: tenglar ichra teng

O‘zbekiston BMTga 1992-yil 2-mart kuni qabul qilindi va 1993-yil 24-oktyabrda Toshkentda BMTning vakolatxonasi ish boshladi.

Mamlakatimiz BMT bilan mintaqaviy xavfsizlik, tahdidlarga qarshi kurashish, ekologik muammolarni bartaraf etish, ta’lim, fan va madaniyatni rivojlantirish, milliy an’analar, tarixiy shaxslar va me’moriy yodgorliklarni asrash, qayta tiklash, ularni umumbashariy qadriyatlar sifatida jahon sivilizasiyasiga qo‘shgan hissasini e’tirof etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilib keladi.

O‘zbekistonda BMTning Taraqqiyot dasturi, Sog‘liqni saqlash, Sanoatni rivojlantirish, Oziq-ovqat, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkilotlari, Aholishunoslik, Bolalar jamg‘armalari, Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Axborot va ijtimoiy aloqalar bo‘yicha bo‘limi, Ko‘ngillilar dasturi, Jahon banki kabi ixtisoslashgan tuzilmalari faoliyat olib boradi. Mamlakatimizda BMTning inson huquqlariga oid 70 dan ortiq xalqaro shartnomasi, jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi ratifikasiya qilingan.

O‘zbekiston BMT doirasida bir necha global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surib kelyapti. Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli hudud sifatida e’tirof etish, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, mintaqada terrorizm, ekstremizm illatlari, ekologik muammolar, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish kabi masalalar shular jumlasidan.

Rasmiy Toshkent BMT doirasida afg‘on mojarosini hal qilishning bosh tarafdori sifatida 1997-yilda “6+2 guruhi” muloqot guruhini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. O‘zbekiston tashabbusi bilan 2006-yil “Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud yaratish to‘g‘risida”gi shartnoma imzolandi.

Mamlakatimiz fan, ta’lim va madaniyat sohasida ham BMT bilan faol aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga O‘zbekistondan Xivadagi Ichan qal’a, Buxoro va Shahrisabz shaharlari tarixiy markazi, Samarqand madaniyatlar chorrahasi, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston qo‘shma nomzodligida Gʻarbiy Tyan-Shan tog‘lari kiritilgan. O‘zbekiston va YUNESKO hamkorligida 6 nafar tarixiy shaxs, 8 ta qadimiy shahar, 1 ta xalq eposi, 1 ta qadimiy tarixiy meros va 1 ta tarixiy-ilmiy muassasalarning yubiley sanalari xalqaro miqyosda nishonlandi.

O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida YUNESKO kafedralari faoliyat olib bormoqda. Tashkilot ko‘magida mamlakatimizda “Sharq taronalari”, Baxshichilik san’ati, Hunarmandchilik festivali, Maqom san’ati anjumani kabi qator yirik xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda.

YUNESKO Insoniyat nomoddiy madaniy merosi durdonalari ro‘yxatiga Boysun mintaqasi madaniy muhiti, Shashmaqom, Katta ashula, Askiya, Navro‘z, Palov madaniyat va an’anasi, Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi, an’anaviy texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi atlas va adraslarni himoya qilish, Lazgi, Miniatyura san’ati, Baxshichilik san’ati kiritilgan. Ushbu ro‘yxatga mahalla instituti, o‘lan, lapar, tanovar, ko‘pkari, xalfachilik, milliy taomlardan sumalakni kiritish O‘zbekiston tarixi va madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etishda katta hissa bo‘ldi.

Hamkorlikning yangi bosqichi

O‘zbekiston Respublikasining BMT bilan munosabatlarida 2016 yilning ikkinchi yarmidan boshlab ilg‘or tendensiyalar ko‘zga tashlanib, o‘zaro munosabatlarda yangi bosqich boshlandi.

2017-yil 10-iyunda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish rasmiy tashrif bilan Nukus, Samarqand shaharlarida bo‘ldi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. O‘z navbatida, Prezidentimiz 2017-yil BMTning 72-, 2020-yil 75-, 2021-yil 76-sessiyalarida, shuningdek, 2021-yil BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi ma’ruzasi tarixiy nutq sifatida nafaqat O‘zbekiston, balki jahon tarixida ham qoldi. Chunki ushbu nutq ilk marotaba xalqaro doirada o‘zbek tilida yangradi. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki xorijdagi ko‘p sonli vatandoshlarimiz hamda jahon jamoatchiligini ham nihoyatda quvontirdi.

O‘zbekiston tashabbusiga ko‘ra, BMT bilan hamkorlikda 2017-yili noyabr oyida Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. 2018-yilning 27-mart kuni “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi ham muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan tashqari, 2020-yil avgust oyida o‘tgan “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” Samarqand forumi, 2022-yili yuqori darajadagi “BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi” xalqaro konferensiyasi ham dovruq qozondi.

2018-yil 22-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” hamda 2018-yil 12- dekabr kuni “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan katta tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, 2021-yil Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risidagi, 2021-yil BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Pandemiya davrida yoshlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi rezolyusiyalari qabul qilindi.

2021-yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi tashkil etildi. BMT shafeligida Orolbo‘yi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyat boshladi. Bugungi kunda Orolbo‘yida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq loyihalar ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tarixda ilk marotaba BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi va hozirda uning ishida faol ishtirok etmoqda.

Bu tashabbuslar O‘zbekiston diplomatiyasining muhim yutuqlari bo‘ldi. Mamlakatimiz tashabbuslari BMT tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanmoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, keng ko‘lamli o‘zgarishlar, bu borada BMT bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yangicha mazmun va mintaqaviy ahamiyat kasb etmoqda.