Oʻzbek tili davlat rahbari nigohida

    Fikr 23 Oktabr 2020 6009

    Kuni kecha Respublikamizda prezidentimiz tashabbusi bilan tarixiy ahamiyatga molik hujjat qabul qilindi.

    Bu tarixiy hujjat – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 20-oktyabrda qabul qilingan “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6084 sonli Farmoni va ushbu farmon doirasida tasdiqlangan “2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” hamda “2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022-yillarda amalga oshirish dasturi” edi. Ha, bu barchamiz birdek kutgan, hatto bir necha oʻn yillardan beri orzu qilib kelayotgan hujjat edi.

    Yuqoridagi Prezident Farmonining bu qadar ahamiyatli ekanligini isbotlovchi bir qancha omillar mavjud. Quyida ushbu omillar va ularni bartaraf qilishga qaratilgan, farmonda koʻzda tutilgan chora-tadbirlardan bir qanchasini keltirib oʻtamiz:

    Birinchidan, davlatimizning hech bir fuqarosiga sir emaski, katta koʻpchilik Respublika darajasidagi idoralarda hujjat ishlari hali hamon, sobiq ittifoq taʼsiri oʻlaroq rus tilida olib borilmoqda. Mazkur holat ushbu idoralarga murojaat qilgan oddiy fuqarolarga ancha-muncha qiyinchilik tugʻdirishi turgan gap. Mazkur muammoning yechimi farmonning toʻrtinchi bandi birinchi xatboshisida oʻz aksini topgan “2021-yil
    1-apreldan
    boshlab oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlari joriy etiladi”;

    Ikkinchidan, davlat idoralari tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ichida shundaylari mavjudki, ularning hatto oʻzbek tilidagi nusxasi mavjud emas. Bu esa mazkur qabul qilingan hujjatning tartibga solish doirasini toraytiradi. Toʻgʻrida, rus tilini bilmagan kishi qanday qilib rus tilidagi hujjatni amaliyotda qoʻllasin? Bundan tashqari, mazkur holat yuristlar uchun ham qiyinchilik tugʻdiradi. Keltirilgan ushbu muammoning yechimi sifatida farmonning birinchi bandi, “a” kichik bandi birinchi xatboshisini keltirishimiz mumkin: mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish. Umid qilamizki, qonunchilik jarayoni ham mazkur sohalardan chetda qolmaydi;

    Uchinchidan, mustaqillikka erishganimizdan to bugungi kunga qadar kirill yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosidan toʻligʻicha voz kechib lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻtish borasida juda koʻplab bahs-munozaralar boʻlganligiga qaramasdan, hanuzgacha bu xususda yakdil xulosaga kelinmagan edi. Bu muammoning yechimiga ham farmonda alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, farmonnig uchinchi bandi quyidagicha bayon qilingan: “Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) uch oy muddatda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtishni taʼminlash maqsadida ishchi guruhini tashkil qilsin va aniq chora-tadbirlar hamda ularni moliyalashtirish manbalari va hajmlarini nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin”;

    Toʻrtinchidan, kadrlar masalasi boʻlib, bu omil ham muhimlik darajasida yuqorida sanab oʻtilganlardan ortda qolmaydi. Chunki davlat idoralaridan tortib, xususiy tashkilotlargacha rus tiliga ustunlik mavqeyining berilishi oʻz ona tilimiz boʻlmish – oʻzbek tiliga boʻlgan hurmatsizlikning yaqqol misoli edi. Chunonchi, ishga kirish uchun murojaat qiluvchi nomzodlarga dastlabki beriladigan savollardan biri rus tilini qay darajada bilishi xususidaligi fikrimiz dalilidir. Bundan tashqari, davlat idoralari yoki boshqa tashkilotlarga tashrif buyurgan kishining dilini xufton qiluvchi holatlardan biri bu – ushbu idorada shakllangan “Yevropeyskaya atmosfera”dir. Yaʼni, oʻzbek millatiga mansub boʻlishiga qaramasdan, oʻz ona tilini bilmaydigan va oʻzaro rus tilida muloqot qiluvchi xodimlar haddan tashqari koʻpchilikni tashkil qiladi. Mazkur muammoning yechimi ham qaysidir maʼnoda farmonning toʻrtinchi bandi birinchi xatboshisida oʻz aksini topgan.

    Yuqorida sanab oʻtilgan muammolar, oʻylaymizki, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 20-oktyabrda qabul qilingan farmonda koʻzda tutilgan chora-tadbirlar samarasi oʻlaroq bartaraf qilinadi. Yana-da aniqroq gapiradigan boʻlsak, masala davlat rahbari darajasida hal qilindi, endi masʼul ijrochi va boshqa mutasaddilarda.

    Tan olishimiz kerakki, bugungi kundagi tilga boʻlgan munosabatimiz achinarli holatda. Chunonchi, shahar markazlarida istiqomat qiluvchi aholining koʻpchilik qismi farzandlarini rus tiliga ixtisoslashgan bolalar bogʻchalariga tarbiyalash uchun bermoqdalar va xuddi shunday maktablarda oʻqitmoqdalar. Buning sababi oddiy, yuqorida keltirib oʻtganimizdek, ota-onalar farzandlarini istiqbolli va yaxshi maosh toʻlaydigan tashkilotlarda ishlashlarini xohlashadi. Qaysidir maʼnoda bunga erishmoqdalar ham. Lekin tanganing ikki tomoni boʻlgani kabi, bu masalaning ham boshqa tomoni mavjuddir. Natijada ikkinchi avlodning aksariyat qismi oʻzbek tilida erkin muloqot qilish koʻnikmasisiz ulgʻayishmoqda. Bundan tashqari, chekka-chekka tuman va qishloqlarda taʼlim olayotgan yoshlar masalasi. Nima, ushbu hududlarda rus tiliga ixtisoslashtirilgan bolalar bogʻchalari va maktablarning mavjud emasligi ularning ayblarimi? Yoki ularning chekka tuman va qishloqlarda dunyoga kelganligi taqdir hazilimi? Xullas, oʻz tilimizni oʻzimiz hurmat qilmasak, boshqalardan bu narsani talab qilishga hatto haqqimiz ham yoʻq.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib quyidagicha xulosa qilamiz, oʻz ona tilini hurmat qilish bu – vatanparvarlikning bir koʻrinishi hisoblanadi. Shunday ekan har birimiz ona tilimiz boʻlmish – oʻzbek tilini bilishimiz hayotiy zaruratdir. Avvalo, isloh qilishni oʻzimizdan boshlashimiz va farzandlarimizni ham vatanparvarlik va ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashimiz lozim.

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Ixtisoslashtirilgan filiali

    Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi oʻqituvchisi

    U.I.Shonazarov