Strategiyada besh yoʻnalish – har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish, barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish hamda mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish boʻyicha 100 ta maqsad oʻrin olgan.
Eʼtiborlisi, bu maqsadlarning har biri “Xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xalqimizning bugungi hayotini yanada yaxshilash uchun yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.
TARAQQIYOTNING YANGI MANZILLARI SARI
Shoxruh TILLABOYEV, Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchisi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, ekspert:
– Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishi xalq va davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabat usullaridan biridir. Chunki qonun loyihalari muhokamasi jarayonida qatnashish fuqarolarning davlat boshqaruvida bevosita ishtirok etishiga zamin yaratadi.
Hozirgi vaqtda axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlgan jamoatchilik muhokamasi instituti keng tarqalmoqda. Jumladan, Prezidentimizning “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihalari ham elektron tarmoqlar orqali jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Ushbu hujjatlar loyihalarining toʻliq versiyasi regulation.gov.uz va 2030.strategy.uz portallarida eʼlon qilindi. Farmon loyihasida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash, uning ijrosini tashkil etish va monitoring qilish masalalari oʻz aksini topgan. Qaror loyihasida esa strategiyani 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar hamda 2024-yilga moʻljallan vazifalar aks etgan. Bunda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlari va samaradorlik koʻrsatkichlari sodda va qulay shaklda ifodalangani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur strategiya loyihasida taʼlim tizimi islohotlariga ham alohida oʻrin berilgan. Bu – bejiz emas. Chunki taʼlimni rivojlantirmasdan turib, yuksak taraqqiy etgan jamiyat barpo etish mushkul. Shu bois, hujjat loyihasida mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan taʼlim islohotlarini tizimli asosda davom ettirish va yangi bosqichga koʻtarish koʻzda tutilgan. Jumladan, pedagoglar malakasini oshirish imkoniyatini kengaytirish va ularning moddiy turmush sharoitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari belgilangan.
Strategiya loyihasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi koʻmagida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarni chet mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish rejasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan. Bu pedagoglarimiz uchun katta imkoniyat boʻlib, ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasini amaliyotda qoʻllashga keng yoʻl ochadi.
Oliy taʼlim bilan bogʻliq ishlar alohida eʼtiborga ega. Strategiya loyihasida oliy taʼlim qamrovini yanada kengaytirish, oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish maqsadlari nazarda tutilgan. Hozirgi kunda OTMlarning asosiy maqsadlaridan biri malakali kadrlar tayyorlash va dunyoning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik oʻrnatishdir. Shundan kelib chiqib, xorijiy ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishni ham joriy etish dasturi kiritilmoqda.
Quvonarli yana bir jihati shundaki, mamlakatimiz OTMlari keyingi yillarda sezilarli natijalarga erishmoqda. Yaqinda Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting tashkiloti “Times Higher Education” agentligi tomonidan eʼlon qilingan “The Impact Rankings” reytingida mamlakatimizdagi 47 ta oliy taʼlim muassasasi qayd etilgani buning isbotidir. Jumladan, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti nufuzli oʻrinlarni egalladi.
Alohida taʼkidlash joizki, Toshkent davlat yuridik universiteti “Times Higher Education” tomonidan “Young University Rankings” reytingida tan olindi. Ushbu maqom tufayli TDYUU nufuzli reytinglarga kirish uchun nomzod maqomiga ega boʻldi.
Bundan tashqari, strategiya loyihasiga asosan, har yili 5 ming professor-oʻqituvchini tajriba almashish uchun xorijiy ilmiy tashkilotlarga yuborish koʻzda tutilgan. Ushbu dastur professor-oʻqituvchilarning chet eldagi ilmiy institutlar bilan akademik almashinuvi uchun katta imkoniyatdir.
Investitsiya yoʻnalishi boʻyicha ham katta marralar koʻzlanmoqda. Xususan, iqtisodiyotga 250 milliard dollarlik yangi investitsiyalar, jumladan, 110 milliard dollar xorijdan, yana 40 milliard dollarlik mablagʻ davlat-xususiy sheriklik dasturlari orqali jalb etilishi koʻzda tutilgan.
Bundan buyon har bir tumanning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida reyting joriy etiladi. 150 milliard dollarlik 500 dan ortiq strategik texnologik va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan oʻrta biznes subyektlariga 5 milliard dollar miqdorida kreditlar ajratiladi.
Qishloq xoʻjaligi sanoatini rivojlantirish ham muhim vazifa etib belgilangan. Jumladan, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash 25 foizdan yuqori darajaga koʻtariladi. Oʻzbekistonda 2,5 million tonna sigʻimga ega 100 ta agrologistika markazi quriladi. 300 ming gektar intensiv bogʻ va uzumzor suvni tejaydigan texnologiyalar bilan taʼminlanadi, shuningdek, tarmoq xodimlari uchun 10 foizli imtiyozli kreditlar ajratiladi. Pillachilikni rivojlantirish maqsadida tut plantatsiyalariga yana 105 ming gektar yer ajratiladi. Paxta hosildorligi gektariga 45–50 sentnerga, gʻalla hosildorligi 80–85 sentnerga yetkaziladi.
Strategiya loyihasida ilgari surilgan muhim tashabbuslardan yana biriga alohida toʻxtalish joiz. Bu – milliy kinematografiyani rivojlantirish. Bu borada Muhammad Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo haqida dunyo kino bozorlarida raqobat qila oladigan yangi badiiy filmlar yaratish maqsadlari oʻz aksini topgan. Buyuk ajdodlarimizga bagʻishlangan yuqori sifatli filmlar suratga olinishi oʻzbek madaniyatini butun dunyoga yanada kengroq ochib berish imkonini beradi.
Milliy kinematografiyani rivojlantirish uchun milliy filmlarning nufuzli xalqaro kinofestivallarda ishtirokini taʼminlash hamda eng ommabop internet platformalariga joylashtirib borish nazarda tutilgan. “Netflix”, “Amazon”, “Disney” kabi eng ommabop 10 ta internet platformasining filmlarga texnologik talablarini oʻrganish va moslashtirish maqsadi yoshlar va kino ixlosmandlari uchun eng yaxshi xabar boʻldi. Ushbu platformalar orqali xalqimiz sifatli va asl dublyajda filmlar tomosha qilishi mumkin boʻladi. Taʼkidlash joizki, ushbu platformalar mualliflik huquqining yuqori himoyasiga ega, bu esa odamlarni sifatsiz filmlar tomosha qilishdan ogohlantirish imkonini beradi.
ADOLAT VA QONUN USTUVORLIGINI TAʼMINLASH STRATEGIK MAQSADLARDA AKS ETMOQDA
Shavkat FAYZULLAYEV, Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani IIB xodimi, tadqiqotchi ekspert:
– “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan va amalga oshirilishi davom etayotgan, oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan barcha dolzarb maqsad va vazifalar bajarilishi taʼminlanadi.
Bunda bosh maqsad eʼtiborlidir. Prezident farmoni loyihasida taʼkidlanganidek, xalqimizning erkin va farovon, qudratli yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha xohish-irodasini roʻyobga chiqarish, har bir fuqaroga oʻz salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sogʻlom, bilimli va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim boʻgʻiniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli taʼminlash “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadi sifatida belgilanmoqda.
Strategiya loyihasi bilan tanishar ekanman, hujjatning toʻrtinchi yoʻnalishi – qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish maqsadlariga eʼtibor qaratdim.
Prezidentimiz shu yil 28-iyul kuni Fargʻona shahrida hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida “Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulugʻlashni eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etdik. Yangilangan Konstitutsiyamizda ham Oʻzbekiston huquqiy davlat ekanligini muhrlab qoʻydik. Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash orqali xalqimizni rozi qilish”, dedi.
Mana shu maqsadlar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham oʻz aksini topayotgani eʼtiborlidir. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, strategiyaning bosh maqsadlaridan biri – adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli taʼminlash hisoblanadi. Jumladan, strategiya loyihasining toʻrtinchi yoʻnalishi 87-maqsadi aynan huquqni muhofaza qiluvchi organlari faoliyatini xalq manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilish bagʻishlangan. Unga koʻra, yagona elektron reyestr yaratish orqali jinoyat ishi qoʻzgʻatilishidan tortib, ish yuzasidan hukm chiqarilguniga qadar boʻlgan jarayonni individual raqam va QR kodi orqali kuzatib borish imkoniyatini joriy qilish, dalillarni toʻplash va mustahkamlash faoliyatini zamonaviy texnologiyalar va soʻnggi ilmiy yutuqlar yordamida toʻliq raqamlashtirish borasidagi vazifalar belgilangan.
Bu vazifa va maqsadlarning ahamiyati nimalarda koʻzga tashlanadi? Qayd etish joizki, XXI asrga axborot texnologiyalari asri sifatida qaralmoqda. Shu sababli, jamiyat faoliyatining turli sohalariga innovatsion texnologiyalar shiddat bilan kirib kelmoqda.
Agar raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, joriy yilning dastlabki 5 oyida Oʻzbekistonda 17 ming 271 jinoyat qayd etilgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5100 taga koʻp. Bu esa oʻz-oʻzidan qoʻshimcha tergov qilinadigan ishlar surʼati oshganidan dalolat beradi. Ushbu ish yuklamasini yengillashtirish esa sohada ilgʻor raqamli texnologiyalardan foydalanishga boʻlgan talabni oshiradi.
Ayni talab, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarda ham oʻz dolzarbligiga ega. Dunyodagi transmilliy jinoyatlarning eng xavflisi va ayanchlisi odam savdosi, afsuski, bizning davrda ham koʻpayib bormoqda. Mehnat migratsiyasi, axborot almashinuvining kuchayishi odam savdosi bilan shugʻullanadigan jinoyatchi guruhlarga oʻz qabih niyatlarini amalga oshirishga imkon yaratib berayotgani ham sir emas.
BMT maʼlumotlariga koʻra, har yili dunyoda 2,7 million kishi, jumladan, 600–800 ming atrofida ayollar va bolalar odam savdosi qurboni boʻlmoqda. Ushbu jinoyat tufayli dunyo boʻyicha yiliga 7 milliard AQSH dollari atrofida pul noqonuniy aylanadi. Mazkur statistika tergov organlari oldiga har bir holatda adolatni qaror toptirish vazifasini qoʻyadi.
Telekommunikatsiya va elektrotexnika sohasidagi zamonaviy texnologiyalar jadal rivojlanishi ayrim jinoyatchilar tomonidan koʻplab jinoiy harakatlarni sodir etish natijasida katta foyda olish imkonini berayotganini kundalik hayotimizda kuzatib turibmiz. Lekin baʼzi hollarda ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarli dalillarni oʻz vaqtida toʻplash imkoni boʻlmaydi. Shu sababli, bu jarayonga ham innovatsion texnologiyalarni joriy etish zarur.
Transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish amaliyoti nafaqat unga qarshi kurash vositalari va usullarini takomillashtirishni, balki jinoyat ishlarini tergov qilish boʻyicha yangi protsessual mexanizmlar yaratishni ham talab qilmoqda.
Surishtiruv, tergov va sud amaliyoti tahlili shuni koʻrsatadiki, hozirgi vaqtda jinoyat ishlarida isbotlash vositalari va usullari tizimida yangi texnik vositalar muvaffaqiyatli qoʻllanilayapti.
Huquqni muhofaza qilish organlari jinoyat ishi yuzasidan barcha isbotlash yoʻllari va dalillarni tezkor va aniq qayd etishga imkon beradigan audio, video yozuvlar va boshqa texnik vositalardan foydalanishda katta tajriba toʻplagan. Bugungi kunda jinoyatlarni tezkor va qisqa muddatda tergov qilish va jazo muqarrarligini taʼminlashda bir qancha innovatsion texnologiyalardan foydalanib kelinmoqda.
Maʼlumki, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar asosan chet elga moʻmaygina daromad topish vaʼdasi bilan boshlanadi va xorijiy davlatda faoliyat olib borish haqida soʻz yuritiladi. Tergov amaliyotida ushbu turdagi jinoyatlarni tergov qilish vaqtida xorijiy davlat fuqarolarining ham koʻrsatuvlarini olishga toʻgʻri keladi. Bu esa koʻp vaqt sarfiga va isbotlash subyekti oldida katta muammolarni vujudga keltiradi.
Agar biz “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida sohaga doir koʻzda tutilayotgan maqsadlarni toʻlaqonli amalga oshirishni istasak, quyidagi usullarni amalga oshirimiz muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, barcha tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish kerak. Bu jinoyatni tergov qilishda va sud jarayonida jinoyat protsessi vaqtini kamaytiradi. Mamlakatimizning istalgan manzilida yashovchi guvoh, jabrlanuvchi va boshqa protsess ishtirokchilari bilan bogʻliq tergov harakatlarini olib borish, tomonlarning barcha ishtirokchilarini toʻliq soʻroq qilish, taqdim etilgan dalillarni oʻrganish imkonini beradi. Yana bir muhim jihati: maʼlumki, jinoyat protsessida oʻz qilmishidan pushaymon boʻlgan gumonlanuvchilar bilan birga jabrlanuvchiga nisbatan adovat bilan qarovchi jinoyat sodir etgan shaxslar ham kuzatiladi. Shunday vaziyatlarda yuzlashtirish tergov harakatlari vaqtida masofaviy tergov harakatining ahamiyati katta. Shuningdek, tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish kerak byudjet mablagʻlarini tejashga xizmat qiladi.
Ha, zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Shunga mos ravishda jinoyat sodir etilish usullari ham oʻzgarmoqda. Shunday ekan, jinoyatchilar aybini isbotlash jarayoni ham zamon talablariga mos ravishda takomillashib borishi zarur boʻladi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida inson huquqlarini, adolatni taʼminlashga doir barcha maqsadlar jamiyatimizda inson qadrini yuksaltirish tamoyillarini amaliyotga keng targʻib qilishni koʻzlayotgani bilan ahamiyatlidir.