Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyi yangi binosining taqdimoti boʻldi

    Urbanizatsiya 18 Yanvar 2022 2911

    Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyi yangi binosi loyihasi va Samarqanddagi “Buyuk Ipak yoʻli” muzeyining dastlabki konsepsiyasi taqdim etildi.

    Toshkent shahrida Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyi yangi binosining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Muzeyning arxitektura loyihasi butun dunyoga mashhur arxitektor, Pritkserov mukofoti sovrindori Tadao Andoning “Tadao Ando Architect & Associates” meʼmorchilik byurosi ishtirokida amalga oshirilyapti.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direktori Gayane Umerova, qurilish vaziri oʻrinbosari Nasrullo Boboyev, “Atelier Brückner” byurosi vakillari, byuroning boshqaruv hamkori Eberxart Shlag, shuningdek Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Tashkent city” qurilish direksiyasi vakillari qatnashdi.

    Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyi yangi binosining qurilishi 2022-2023-yillarda Toshkent shahrida, “Abulqosim madrasasi”, “Istiqlol” sanʼat saroyi va Alisher Navoiy haykali oraligʻida olib boriladi.

    Tadbirda maʼlum qilinishicha, muzeyning dizayn konsepsiyasi katta ekspozitsiya maydoni, muzey kolleksiyalarini saqlash xonasi, kutubxona, maʼruza xonasi, kafe hamda tom qismida terrasa va parkni oʻz ichiga olgan.

    Taqdimot davomida obyektning bosh rejasi, ekspozitsiya maydoni, jamoatchilik uchun ajratilgan hudud, muzey kolleksiyalari xonasi, anjumanlar zali, restoran, kafe va auditoriyalar hamda kutubxonaning muhandislik va rejalashtirish qarorlari havola etildi. Muzeyni loyihalashtirish ishlari muzey maydoni faoliyatiga doir barcha eng yangi texnologiyalarini inobatga olgan holda olib borilyapti.

    Taʼkidlash joizki, Davlat sanʼat muzeyi yangi binosining toʻliq taqdimoti 2022-yil aprel oyida namoyish etiladi.

    Samarqand shahrida “Buyuk Ipak yoʻli” muzeyini bunyod etish Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasiga topshirilgan. Loyiha Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti. Mazkur loyihaning dizayn konsepsiyasini yaratishda Jamgʻarma Germaniyaning “ATELIER BROOKNER GmbH” byurosi bilan hamkorlik qilyapti.

    “Buyuk Ipak yoʻli” muzeyi Samarqand shahri markazida – Universitet bulvari va Bobur Mirzo koʻchasi oʻrtasida joylashgan.

    Dastlabki dizayn konsepsiyasiga koʻra, qaytadan qurilishi rejalashtirilayotgan muzeyning tashqi koʻrinishi silliq ipak tasma shaklida boʻlib, Ipak yoʻlini eslatadi va butun bino boʻylab aks etib, markaziy maydonni pandus koʻrinishida kesib oʻtadi. Binoning birinchi qavati markazida Samarqand shahri tasviri namoyon boʻladi, tom qismida esa — barcha qavatlardan koʻrinib turuvchi landshaft elementlari. Shuningdek, binoning barmoqlarni eslatuvchi oʻziga xos maydoni koʻrgazma ekspozitsiyalarini yaratish uchun qulay sharoit bilan taʼminlaydi.

    Shu bilan birga, muzeyning koʻrgazma zallarining ichki bezaklariga hamohang boʻlgan yuqori qavatdagi ekspozitsiya zonasi uch “qanot” orqali oʻtadi va markaziy ochiq Atriumni qamrab oladi. Har bir “qanot”ning oxirida uch tematik zona joylashgan.

    Konsepsiyaga koʻra, bino pastki qavatining qoʻshimcha maydonlari yuqori qavatdagi koʻrgazmaga olib boruvchi markaziy panduslar bilan bogʻlanadi va galereyalar uch tematik zonaga ajratiladi: ilm-fan va madaniyat, yoʻnalish va landshaft, eksport va import. Ushbu zonalar oʻrtasida Samarqand shahri markazi — madaniyatlararo kesishma aks etadi va bu yerdagi katta doira vitrina katta kolleksiyalarni namoyish qilish imkonini beradi.

    Jamgʻarma muzey dizayni konsepsiyasini ishlab chiqishda shuningdek inklyuziv muhitni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, mehmonlarning qulayligi uchun muzeyda koʻrsatkichlar oʻrnatilgan, raqamli va meʼmorchilik dizayniga oʻziga xos ravishda yondashilgan.

    Shuningdek, muzey maydonidan yanada samarali foydalanish maqsadida uning tom qismida dam olish uchun, shu jumladan mehmonlarning oʻtirishi joylarni koʻpaytirish, bolalar maydoni va bogʻ qismini kengaytirish koʻzda tutilgan. Eng asosiysi, qurilish maydoni atrofidagi daraxtlarga ziyon yetkazmaslik maqsad qilingan.

    Mazkur loyiha YUNESKO butunjahon merosi qoʻmitasiga muvofiqlashtirish uchun kiritiladi, zero obyekt qurilishi rejalashtirilgan hudud Samarqandning YUNESKO roʻyxatidan oʻrin olgan tarixiy qismida joylashgan, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.