Oʻzbekiston fermerlari sariq rangli tarvuz yetishtira boshladi

    Agrosektor 20 Iyun 2022 2860

    Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi Imronbek Shahruza MCHJ fermer xoʻjaligida urugʻi Janubiy Koreyadan keltirilgan Riamo navli sariq tarvuz yetishtirilyapti.

    Ushbu xoʻjalikning uch yarim gektar yer maydonida sariq (ikki yildan beri hosil olinyapti) va qizil tarvuz ekilgan.

    Sariq tarvuz qanday paydo boʻlgan?

    Ushbu tarvuz jahon bozorida, shuningdek, Oʻzbekistonda paydo boʻlganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Sariq tarvuz chet ellik seleksioner olimlar tomonidan yovvoyi va madaniy tarvuzni chatishtirish oqibatida olingan gibrid hisoblanadi. Ilk hosil Oʻrta yer dengizi mamlakatlaridan olingan boʻlsa, bugun butun dunyo boʻyicha yetishtirilyapti. Tashqi koʻrinishdan sariq tarvuzlar ovalsimon yoki dumaloq boʻladi. Poʻsti yashil, silliq yoki yoʻl-yoʻl rangda. Mazkur poliz ekinining ichi sariq rangda hamda vazni oʻrtacha 1,5 kilogrammdan 4-5 kilogrammgacha boʻlgan vaznni tashkil etadi.

    Sariq bilan qizil tarvuzning farqi nimada?

    Ular orasidagi asosiy va eng katta farq ichidagi massasining rangida. Sariq tarvuzning urugʻlari kamroq yoki umuman boʻlmaydi. Taʼmi mango, limon va ananasga oʻxshab ketadi. Sariq tarvuz navlari qizilga qaraganda sal oldinroq pishadi, yaʼni tezpishar sanaladi. Butun dunyo boʻyicha sariq tarvuz narxlari qizilga qaraganda biroz yuqoriroq boʻlishi kuzatilyapti.

    Qanday yetishtiriladi?

    Urugʻidan yetishtirilgan koʻchat toʻgʻridan-toʻgʻri ochiq yer maydonlariga ekiladi. Bu muddat respublikamiz markaziy hududlarida mart oyiga toʻgʻri keladi. Ilk hosil may oʻrtalarida olinadi. Sariq tarvuz navlari kasallik va zararkunandalarga chidamli. Shuning uchun maxsus kimyoviy dorilash shart emas. Mineral yoki organik oʻgʻitlar mos keladi. Tarvuzning tuproqqa tegib turgan joyi oq yoki sargʻish rangga kirsa va urib koʻrganda maxsus tovush eshitilsa, demak, pishgan boʻladi.

    Foydali xususiyatlari

    Sariq tarvuz tarkibida A, B1, B2, B5, B6, B9, E, , PP vitaminlari bor. Shuningdek, kalsiy, kaliy, magniy, temir, natriy, fosfor moddalariga serob. U immun tizimiga ijobiy taʼsir etadi, turli infeksiya, viruslarga qarshi kurashishda yordam beradi. Unda qand moddasi va kaloriya kam.

    Respublikadagi yirik savdo markazlari peshtaxtalarida sariq tarvuzga koʻzingiz tushgandir. Bugungi kunda mamlakatimizda yetishtirilayotgan sariq tarvuz ichki bozor va eksportga chiqarilyapti, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.