Tadbirda O‘zbekiston Parlamenti, vazirlik va idoralar, shuningdek, tegishli xalqaro tashkilotlar, aql markazlari mutaxassislari, xalqaro va mahalliy ekspertlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘zining kirish so‘zida Jahon banki tomonidan 6 yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi bugungi kunda mamlakatimizda islohotlarning fuqarolar hayotida qanchalik aks etayotganini o‘rganib borayotgan tadqiqotlardan biri ekanligini ta’kidladi. Loyihaning asosiy maqsadi – tadqiqot natijalari asosida sifatli va aniq manzilga yo‘naltirilgan siyosiy qarorlar qabul qilinishini ta’minlashga ko‘maklashish va tegishli chora- tadbirlarni amalga oshirish imkoniyatlarini yaratish hisoblanishini aytib o‘tdi.
Shuningdek, yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolga mo‘ljallangan chora-tadbirlar xususida to‘xtaldi.
- Oxirgi 7 yil mobaynida mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning to‘rtdan bir qismini tashkil etadigan 1 million gektardan ortiq maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.
2023 yilning o‘zida yurtimizda 50 ming xonadon va tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari o‘rnatildi.
Hozirda 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari ustida jadal ishlanmoqda.
Shuningdek, “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga asosan mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 2030 yilga qadar jami iste’moldagi ulushini 40 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda, – deya ta’kidladi Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov o‘zining ma’ruzasida yashil iqtisodiyotga o‘tish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xalqaro va milliy darajada qabul qilingan strategiyalar va qonunlarning o‘rni muhimligini aytib o‘tdi.
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli 2030 yilga borib mamlakatda kamida 8 million kishi iqlimi yuqori xavfdagi hududlarda istiqomat qilishini ta’kidladi. Uning aytishicha iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarisiz, 2050 yilga kelib milliy iqtisodiyot iqlim o‘zgarishi ta’sirisiz rivojlangandagi holatidan 10 foizga kichikroq bo‘ladi. Bu bandlik va uy xo‘jaliklari daromadining sezilarli darajada qisqarishiga olib keladi.
- Jahon banki iqlim o‘zgarishiga moslashish va mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha siyosatni ishlab chiqish va aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishda hukumatga moliyaviy va tahliliy yordam ko‘rsatadi. Bu chora-tadbirlar turli sohalarda suv va energiya resurslarini tejash, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi, – dedi Marko Mantovanelli.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilarini Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi katta iqtisodchisi Ikuko Uochi “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqotining so‘nggi natijalari bilan tanishtirdi.
Mazkur tadqiqot so‘rovnomasida mamlakat bo‘ylab qishloq va shaharlardagi 1500 ga yaqin uy xo‘jaliklari, 600 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlari yetakchilari ishtirok etadi. Tadqiqot davomida to‘plangan ma’lumotlardan hukumat tomonidan muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, kambag‘allikni qisqartirish va fuqarolar farovonligini oshirish yo‘lidagi tashabbuslar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda foydalaniladi.
Tadbirning ikkinchi qismidan o‘rin olgan yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanishga o‘tish mavzusidagi muhokamalar ham O‘zbekiston uchun nafaqat dolzarb, balki strategik ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni qamrab oldi.
Davra suhbati davomida “O‘zbekiston yashil iqtisodiyotga o‘tishni qanday tezlashtirishi mumkin?” degan savolga Jahon banki, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va Taraqqiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Global yashil o‘sish institutining ekspertlari va tajribali mutaxassislari o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi.