баннер
1 Apr 2025
01:25

    Oʻzbekiston hududida davlatchilikning shakllanishi

    Fikr 25 Fevral 2025 493

    Xalqimizning kelib chiqishi tarixini, ajdodlarimiz oʻtmishini gazetxonlar, umuman, keng ommaga yetkazish maqsadida “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida bugundan boshlab “Milliy davlatchiligimiz tarixidan” rukni ostida turkum materiallar berib boriladi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz muqaddimasida “davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasi, shuningdek, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosi” alohida taʼkidlanadi.

    Oʻzbek xalqining kelib chiqishi, shakllanishi juda uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Bu borada tarixchi, arxeolog, etnograf va boshqa soha olimlari koʻplab izlanishlar olib borgan. Hali-hanuz xilma-xil fikrlar bildiriladi. Masalan, xalqimizning toʻliq shakllanishi antik davrda yuz bergan, deb aytiladi. Antik davr miloddan avvalgi IV — milodiy IV asrlarga toʻgʻri kelib, hozirgi Oʻzbekiston hududida oʻsha davrga oid yuzga yaqin manzilgoh topilgan. Amudaryo sohilidagi Baqtriya, Sugʻdiyona, Margʻiyona, Parfiyona va Qadimgi Xorazmda ajdodlarimiz — sugʻdlar, xorazmiylar, baqtriylar, saklar yashagan. Sirdaryo havzasida esa qadimdan turkiyzabon aholi istiqomat qilgan. Bu miloddan avvalgi uch mingyilliklarga toʻgʻri keladi.

    Xalqimizning kelib chiqishi tarixini, ajdodlarimiz oʻtmishini gazetxonlar, umuman, keng ommaga yetkazish maqsadida “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida bugundan boshlab “Milliy davlatchiligimiz tarixidan” rukni ostida turkum materiallar berib boriladi.

    Bu ruknda bir necha ming yilga borib taqaladigan oʻtmishimiz, tarixiy shaharlarimiz, osori atiqalarimiz, adolati va ilmi bilan dunyoni zabt etgan ulugʻ bobolarimiz haqida turkum maqolalar eʼlon qilish rejalashtirilgan.

    Davlatimiz rahbari xalqimiz, xususan, yoshlarimizni davlatchiligimizning shonli 3000-yillik tarixi bilan tanishtirib borish muhim ahamiyatga ega ekanini doim taʼkidlab keladi. Ishonchimiz komilki, oʻzbek xalqi tarixi, ajdodlarimiz bosib oʻtgan shonli yoʻl haqidagi maqolalar koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotadi va hech kimni befarq qoldirmaydi. Zero, donolarimiz aytganidek, tarixini bilmagan xalqning kelajagi yoʻqdir.

    Oʻzbekiston hududida soʻnggi jez va ilk temir asrida, yaʼni 4000-3000-yil oldin davlatchilik shakllana boshlagan. Bu davrda markazlashgan hokimiyat, iqtisodiy ixtisoslashuv va murakkab ijtimoiy tabaqalar bilan ajralib turadigan ilk shaharlashgan aholi manzillari paydo boʻlgan. Jarqoʻton, Sopollitepa, Koʻktepa, Sangirtepa va Afrosiyob kabi arxeologik yodgorliklar shundan dalolat beradi.

    Ilk davlatchilik va davlatlarning yuzaga kelishi kishilik oʻtmishida tub burilishlardan biri sanalib, keng koʻlamli, zich aholiga ega, siyosiy tomondan markazlashgan va ijtimoiy tabaqalashgan toifalarni kuchli yetakchilar tomonidan boshqarilishi bilan amalga oshgan. Tarixchilarning aytishicha, birlamchi va ikkilamchi davlatlar boʻlgan. Ular bir-biridan farqlanib, birlamchi davlatlarga oʻz ichki yuksalish jarayonlari orqali mustaqil kelib chiqqan davlatlar kiradi. Oldindan bor boʻlgan davlatlar taʼsirida yuzaga kelganlari esa ikkilamchi davlatlar deb ataladi.

    Ilk davlatlar oʻz atrofidagi davlatchilikka ega boʻlmagan jamiyatlar bilan tijorat, urushlar, koʻchishlar kabi aloqalarni olib borishi natijasida toʻgʻridan toʻgʻri yoki ayrim omillar taʼsirida qoʻshnilarida ikkilamchi davlatlarning yuzaga kelishiga sababchi boʻlgan.

    Oʻzbek arxeologlarining soʻnggi yillardagi izlanishlari Turon oʻlkasining ilk shaharlari va davlatlari haqidagi bilimlarimizni yanada boyitishga xizmat qildi. Ushbu ilmiy tadqiqot natijalariga koʻra, Turon oʻlkasini ham 3000-yil oldingi birlamchi davlatchilik kelib chiqqan oʻchoqlar qatoriga qoʻshish mumkin.

    Ilk sivilizatsiyalar ilk shaharlarga tayangan boʻlib, bu hududlar turli yumushlar bilan shugʻullangan atrofdagi aholini oʻziga tortgan. Odamlar shaharga qoʻlidagi mahsulotni ayirboshlash, yollanma ishchi boʻlib ishlash yoki yaxshiroq yashash uchun kelgan. Natijada shaharlar bir-birini tanimaydigan, turli tushuncha va qadriyatlarga ega kishilar oʻrtasida munosabatlar oʻrnatiladigan yirik ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, siyosiy oʻchoqlarga aylana borgan. Bunday sharoitda hokimiyat, din va til insonlar oʻrtasida birlik tushunchasini hamda turli kasblarni yuzaga keltirgan.

    Soʻnggi yillarda ilk shaharchilik madaniyatini oʻrganish chuqurlashgani sayin sivilizatsiyalarning kelib chiqishi muammolari ham koʻndalang boʻlmoqda. Izlanuvchilar oldida qanday qadimiy aholi maskani shahar deb belgilanishi, uning asosiy xususiyatlari va yuzaga kelishidagi omillar, nega ilk shaharlar tevarak aholisini tinmay oʻziga tortgani, shaharning oʻsishida dinning oʻrni kabi koʻplab soʻroqlarga javob topish masalasi turadi.

    Shaharlashgan jamiyatga tavsif berilganda quyidagi omillarga eʼtibor qaratiladi: aholining zichligi, mehnat taqsimoti, yirik koʻlamdagi hunarmandchilik, ijtimoiy tabaqalashuv, soliq yoki boj tizimi, aniq belgilangan davlat chegarasi, hukmdor saroyining mavjudligi, markaziy ombor (gʻazna), sugʻorish va mudofaa inshootlari tizimi, topinoqlar kabi ulkan jamoaviy qurilishlar, uzoq masofali tijorat, yozuv, aniq fanlar, masalan, oddiy arifmetika.

    Arxeologik izlanishlarda Turon oʻlkasining turli tegralarida jez asriga tegishli ekin-tikinchilik jamoalarining qishloq va shahar qoldiqlari hamda chorvachilik bilan shugʻullangan guruhlarning mozor-qoʻrgʻonlari ochilgan. Janubiy Turonda jez asrida gullab-yashnagan Amudaryo sivilizatsiyasi bugungi kunda Janubiy Turkmaniston, Janubiy Oʻzbekiston, Janubiy Tojikiston va Shimoliy Afgʻonistongacha yoyilib, uning eramizdan oldingi III ming yillikdagi, yaʼni 5000-yil oldin ilk shaharchilik bosqichiga tegishli Oltintepa, Namozgoh, Qoʻngʻir (Gonur) kabi arxeologik qoldiqlari koʻp yillar davomida qazib oʻrganilgan.

    Janubiy Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatida esa eramizdan oldingi II ming yillikning birinchi yarmida — 4000-3500-yil oldin ilk shaharchilik madaniyatiga asos solingan. Sopollitepa majmuasi Turon oʻlkasi ilk shaharchiligining yorqin koʻrinishi boʻlib, kelib chiqishi Janubiy Turkmanistondagi Kopetdogʻ etaklaridagi Namozgoh majmualariga bogʻliq boʻlgani taxmin qilinadi.

    Sopollitepa arxeologik yodgorligi Amudaryo yaqinida, Kuhitang togʻlaridagi Pashxurt vohasidan Sherobod choʻliga olib chiquvchi daralardan birida oʻrin olgan. Bu yerdagi Qaynarbuloq va Ulanbuloq soy suvlariga tayangan holda eramizdan oldingi

    II ming yillikning 2-choragida — 4000-3700-yil oldin qadimgi ekin-tikinchilarning shaharchasi qad koʻtargan. Bu yodgorlik xarobalari mahalliy aholi orasida Sopollitepa deb nom olgan. Sopollitepa maydonining katta qismiga shoʻrolar davrida paxta ekilib, uning markaziy qalʼa qismigina saqlanib qolgan. Qalʼa atrofidagi yodgorlik maydonida sochilib yotgan sopol parchalari, tosh yorgʻuchoqlar, urchuqtosh va hayvon suyaklari, turli mehnat qurollariga qaraganda, uning umumiy maydoni oʻz davrida 4-5 gektardan kam boʻlmagan. Bu yerda oʻtkazilgan arxeologik qazishmalar asosida yodgorlik favqulodda noyob, uy-joy maj­mualarining meʼmoriy qurilishi hamda mudofaa inshootlarining mukammalligi bilan ajdodlarimiz muhandislik ilmining yuksak namunasi boʻlgani aniqlangan.

    Sopollitepa yodgorligiga yaqin joyda — Boʻstonsoyning chap sohilida bundan 3500-yil oldin Jarqoʻton shaharlashgan aholi punkti qad koʻtargan. Afsuski, uning katta qismi shoʻrolar davrida paxta va sabzavot ekin maydonlariga aylantirilgan. Oʻzlashtirish qiyin boʻlgan qismi Boʻstonsoy sohili boʻylaridagi jarliklar tufayli saqlanib qolgan. Yodgorlikning bizgacha yetib kelgan shakliga koʻra, u ikki qismdan — mudofaa devorlari bilan oʻralgan hukmdor saroyi, unga tutashib ketgan aholi zich yashagan maydondan iborat boʻlgan. Uning janubida bir necha tabiiy tepaliklarga joylashgan shahar-qabris­ton boʻlgan. Yodgorlik yuzasida sochilib yotgan sopol parchalari, tosh yorgʻuchoqlar, boshqa mehnat qurollari bu yerda uy-joy va ishlab chiqarish ustaxonalarining oʻz davrida gullab-yashnaganidan dalolat beradi. Jarqoʻtonda olib borilgan arxeologik qazishmalar guvohlik berishicha, bu yerdagi inshoot majmualari xom gʻishtlardan koʻtarilgan poydevorlar ustiga qurilgan. Jarqoʻton jez asrining 100 gektarga teng eng yirik ilk shahar qoldigʻi sanaladi.

    Ilk temir asrining boshlangʻich bosqichida, eramizdan oldingi I ming yillikning birinchi yarmida, yaʼni 3000-2500-yil oldin Shimoliy Baqtriyaning uch yirik ekin-tikinchilik hududi — Sherobod, Boysun va Surxon vohalarining har birida yirik markaziy shaharlar — Jondavlat­tepa, Qiziltepa, Hayitobodtepaning yuzaga kelishi kuzatiladi. Bir-biriga yaqin joylashgan bu uch ilk shahar atrofida koʻplab qish­loq, mozor-qoʻrgʻon va harbiy qarorgohlar oʻrnashgan. Shuningdek, ular qadimiy yoʻllar va sugʻorish tarmoqlari orqali bir-biriga bogʻlangan yagona voha davlati tizimini shakllantirgani aniqlangan.

    Sugʻd tarixiy-madaniy oʻlkasi Zarafshon va Qashqadaryo vodiylarini qamrab, shartli oʻlaroq uch qismga boʻlinadi — Markaziy Sugʻd (Yuqori va Oʻrta Zarafshon), Gʻarbiy Sugʻd (Quyi Zarafshon) va Janubiy Sugʻd (Qashqadaryo vohasi).

    Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Uzunqir, Sangirtepa va Podayotoqtepa yodgorliklari Janubiy Sugʻdda eramizdan oldingi I ming yillikning birinchi yarmida — 3000-2500-yil oldin — shaharlashgan tusga ega yirik tizimni tashkil qilgan. Uzunqir shahar qoldigʻi boʻlib, zardushtiylikning muqaddas kitobi Avestoda Gʻava­Sugʻda deb atalgan qadimiy oʻlkaning maʼmuriy markazi boʻlishi mumkin.

    Uzunqirning umumiy maydoni 70 gektar, mudofaa devorining uzunligi 650 metr, eni 20 metrga teng boʻlgan. Bu devor birinchi boʻlib eramizdan oldingi X-IX asrda guvalasimon xom gʻishtlardan qurilgan. Ushbu usul Markaziy Sugʻdning Koʻktepa va Afrosiyob singari qadimgi shaharlari devorlariga ham xos. Shahar Taxtaqoracha va Oqrabod dovoni orqali Baqtriyadan Margʻushga olib boruvchi strategik yoʻlni nazorat qilib turgan. Podayotoqtepa burjli mudofaa devori va tevaragida xandaq bilan oʻralgan inshoot boʻlib, Uzunqirni qoʻriqlash uchun oldinga chiqarilgan va harbiy tomondan oʻta kuchaytirilgan qoʻrgʻon yoki hukmdor oʻrdasidir. Sangirtepa esa Uzunqir shaharsozlik tizimiga kiruvchi va shaharning bosh zardushtiylik topinogʻi vazifasini bajargan meʼmoriy qurilmadir. Qazishmalarda bu yodgorlikning oʻrtada otashgoh turadigan yirik qismdan tashkil topgani va Turonda eng qadimgi zardushtiylar topinogʻi boʻlgani aniqlangan.

    Yerqoʻrgʻon Janubiy Sugʻdning qadimgi bosh shaharlaridan biri Naxshabning xarobasi, hozirgi Qarshi shahri yaqinida joylashgan. Ichki qismining maydoni 40 gektar boʻlib, bu yerda oʻrda va hukmdor saroyi, shahar topinogʻi, zardushtiylik koʻmish marosimi oʻtkaziladigan daxma, yuqori tabaqa vakillariga tegishli qabriston, kulollar va metallurglar mahallasi hamda eramizdan oldingi VIII-VII asrlar mudofaa tizimi boʻlaklari mavjud.

    Markaziy Sugʻdda ilk shahar va davlatchilikni koʻrsatib beradigan ikki yirik yodgorlik — Koʻktepa va Afrosiyob xarobalari bor. Samarqand viloyati Payariq tumani Chelak shahridagi umumiy maydoni 100 gektarga teng Koʻktepa yodgorligi ikki qator mudofaa devori bilan oʻralgan. Eramizdan oldingi II ming yillikning soʻngidagi Burgalik maj­muasiga tegishli kichik qishloqda turmush toʻxtagandan soʻng bu yerda eramizdan oldingi VII asrga kelib, guvalasimon xom gʻishtlardan ulkan meʼmoriy qurilmalar quriladi. Tez orada shaharlashuv xususiyatiga ega Koʻktepaning qoq oʻrtasida yirik olov topinogʻi koʻtariladi. Bu yerda arxeologlar tomonidan “shahar hokimi qarorgohi” deb atalgan ikki qavatli va 200 kvadrat metr maydonga ega yana bir ulkan meʼmoriy qurilma topilgan. Koʻktepani aylanasiga oʻrab turgan mudofaa devorlari ham guvalasimon xom gʻishtlardan qurilgan boʻlib, eni 12 metrga teng.

    Afrosiyob Markaziy Sugʻdning eng qadimiy bosh shaharlaridan biri boʻlib, bugungi kunda 200 gektardan ortiq maydonga ega xarobasi bor. Samarqand shahridagi bu yodgorlikda hayot eramizdan oldingi VII asrda boshlanib, xuddi Koʻktepadagidek guvalasimon xom gʻishtdan mudofaa devori koʻtarilgan.

    Amudaryoning quyi oqimida oʻrnashgan Xorazm tarixiy-madaniy oʻlkasi ilk temir asriga kelib shaharchilik negizida davlatchilik vujudga kelgan oʻchoqlardan yana biri sanaladi. Xorazm sivilizatsiyasining ilk izlari Koʻzaliqir, Hazorasp, Xumbuztepa kabi ilk shahar xarobalari va ularning tevaragida oʻz davrida gullab-yashnagan vohalar boʻlgan. Koʻzaliqir Turkmanistonning Toshhovuz shahridan 60 chaqirim gʻarbda joylashgan, maydoni 25 gektarga teng, ikki qator mudofaa devorlari bilan oʻralgan va eramizdan oldingi VII-V asrlarda gullab-yashnagan qadimgi Xorazmning ilk shaharlaridan birining qoldigʻidir. Bu yerdan hukmdor saroyi, koʻplab sopol idish siniqlari, jezdan yasalgan oʻq uchlari, ot yugani boʻlaklari, ayol taqinchoqlari topilgan. Koʻzaliqirliklar ekin-tikin bilan shugʻullangan, biroq koʻproq vaqtini yaylov suruvchiligi bilan ham oʻtkazgan.

    Xumbuztepa yodgorligi Amudaryo boʻyida joylashgan va 4 gektari saqlanib qolgan Janubiy Xorazm ilk shaharlaridan biridir. Olib borilgan qazishmalar natijasida eramizdan oldingi VII-VI asrlarga tegishli boʻlgan topilmalar ochilgan. Ushbu qazishmalar ilk shaharchilik va davlatchilik Xorazm­ning janubida yuz berganini koʻrsatmoqda. Izlanishlarda xumbuztepaliklarning ilk boshdanoq charxda ishlangan yuqori sifatli kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqargani va Turonda eng qadimgilardan biri boʻlgan olov topinogʻiga ega boʻlgani aniqlangan.

    Fargʻona vodiysida ilk temir asriga tegishli eng qadimgi shahar koʻrinishga ega yodgorlik Eylatondir. Bu shahar Andijon viloyati Izboskan tumanida joylashgan boʻlib, oʻz davrida uning mudofaa devori ichkarisidagi maydoni 200 gektarga teng boʻlgan. Shaharning 20 gektarli hukmdor oʻrdasi ham kuchli mudofaalangani qazishmalardan maʼlum boʻlgan.

    Eramizdan oldingi VII-III asrlarda yashagan eylatonliklar Fargʻona vodiysi boʻylab 40 dan ortiq qishloq va shahar qurib, kulolchilik, temirchilik va toʻquvchilik bilan shugʻullangan.

    Shunday qilib, ilk temir asrida eramiz­dan oldingi I ming yillikning birinchi yarmida — 3000-yillar oldin Turonning bir necha tarixiy-madaniy oʻlkasida, jumladan, Oʻzbekiston hududida mustaqil oʻlaroq ilk shaharchilik va davlatchilik shakllangani kuzatilgan. Bu Shimoliy Baqtriya, Sugʻd, Xorazm va Fargʻona hisoblanadi.

    Farhod MAQSUDOV,

    OʻzFA Milliy arxeologiya markazi direktori,

    tarix fanlari doktori

    Telegram kanalimiz
    Text to speech